O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 21-sentyabrda «Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarda hamda ustav kapitalida ushbu yuridik shaxslarning ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarda, shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar boshqa korxona, tashkilot va muassasalarda Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
2026-yil 1-dekabrgacha Boshqaruv samaradorligi agentligining axborot tizimlarida davlat organlari va tashkilotlari uchun quyidagi imkoniyatlarga ega «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» axborot portali ishga tushiriladi:
-
axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalangan holda tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga oid murojaatni onlayn qabul qilish;
-
davlat organlari va tashkilotlarida Portalni yuritish uchun mas’ul xodimlar, ularning bevosita rahbarlari yoki davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlarni avtomatik tarzda davlat organlari va tashkilotlarining yuqori turuvchi instansiyasiga jo‘natish;
-
tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlarni tekshirish, dalillarni to‘plash, xulosalar tayyorlash, axborot almashinuvi va muloqotlarni Portal orqali amalga oshirish;
-
tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilishi, ularning natijalari, ko‘rilgan choralar hamda ularning o‘zgartirilishi bilan bog‘liq jarayonlarga oid ma’lumotlarni Portalda saqlab qolish va ularning yo‘q qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik;
-
tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda murojaatlarni «112» yagona dispetcherlik xizmati orqali qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli organga yuborish va boshqalar.
Boshqaruv samaradorligi agentligiga davlat organlari va tashkilotlarida Dastur doirasida belgilangan qoidalar aniq va bir xilda ijro etilishini ta’minlash maqsadida Portal orqali monitoring qilish natijasida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolati beriladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
