Shu yil 18 mart kuni mahalla va oila masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev koronavirus muammosiga to'xtalar ekan, vaziyat to'liq nazorat ostida ekanini alohida ta'kidlab, xalqimizga murojaat qildi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, "Bu hayotning ko'p og'ir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini to'g'ri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda.
Millati, tili va dinidan qat'i nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o'tib ketadi".
Ma'lumki, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti 2020 yil 11 mart kuni yangi koronavirus – COVID-19 virusining epidemiya holatidan, ya'ni bir hudud chegarasidan chiqib, sayyoramizning 150 dan ortiq mamlakatiga tarqalib ulgurgan pandemiyaga aylanganini e'lon qildi.
BMT Bosh kotibi A.Guterrish jahon jamoatchiligini koronavirusga qarshi kurashishga da'vat etar ekan, "pandemiya bizning insoniyat oilasi barcha a'zolari o'rtasida mustahkam va uzilmas rishtalar mavjud ekanini ko'rsatdi" deb ta'kidladi. Shu ma'noda, COVID-19 virusi yanada keng tarqalishining oldini olish insoniyatning umumiy va yakdil vazifasi ekani alohida qayd etildi.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel` Bachelet 13 mart kungi bayonotida "COVID-19 koronavirusi tarqalishiga qarshi choralarni joriy etayotgan hukumatlar bunday choralarning inson hayotiga xavf solishi mumkin bo'lgan salbiy oqibatlarini kamaytirish yuzasidan bir qator qo'shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishi" zarurligini uqtirdi. BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari, shuningdek, COVID-19 virusiga chalinish hollari qayd etilgan mamlakatlar hukumatlarini toqatsizlik va kamsitish (diskriminatsiya) holatlariga qarshi kurashish uchun barcha zarur choralarni ko'rishga chaqirdi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus 2020 yil 16 mart kuni COVID-19 virusi bo'yicha o'tkazilgan matbuot anjumanida shunday dedi:
"Oldimizda turgan kunlar, haftalar va oylar bizning qat'iyatimiz, ilm-?fanga nisbatan ishonchimiz va o'zaro birdamligimizni sinovdan o'tkazish davri bo'lishi tayin... Bu davrda insoniyat birdamligining ushbu hayratomuz ruhi dunyo bo'ylab virusdan ko'ra kengroq yoyilishi kerak. Garchi bir-birimizdan ma'lum muddatgacha jisman uzoqroq bo'lishimiz ehtimoli mavjud bo'lsa-da, biz shu vaqtgacha misli ko'rilmagan miqyosda birlashish imkoniyati oldida turibmiz".
Bugungi kunda O'zbekiston Hukumati koronavirus infektsiyasi mamlakatimiz hududida keng tarqalmasligi uchun barcha zarur choralarni ko'rmoqda. Bu o'rinda vaziyat oldindan to'g'ri baholanib, Prezidentimiz topshirig'iga muvofiq Respublika maxsus komissiyasi tuzilganini alohida qayd etish lozim. Shu bois O'zbekistonga kasallikning ommaviy kirib kelishi va keng tarqalishining oldi olindi.
Mamlakatimiz rahbari xalqqa murojaatida koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bilan bog'liq uchta muhim masalaga to'xtaldi.
Birinchidan, shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiena va sanitariya qoidalariga har birimiz o'z oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qat'iy amal qilishimiz zarur.
Ikkinchidan, Davlat soliq qo'mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi departament oziq-ovqat va boshqa kundalik iste'mol mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun barcha choralarni ko'rishi kerak.
Uchinchidan, majburiy ta'til paytida farzandlarimiz o'quv mashg'ulotlarini davom ettirishlari uchun O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish uchun tariximiz, boy madaniyatimizga oid ko'rsatuv va eshittirishlar, yoshlarimiz uchun foydali va qiziqarli badiiy dasturlar, kinofil`mlarni ko'paytirishi lozim.
Ana shu muhim vazifalar ijrosi doirasida Bosh vazir A.Aripov rahbarligidagi Respublika koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish bo'yicha maxsus komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Xususan, 16 martdan boshlab barcha ta'lim dargohlarida ta'til e'lon qilindi va 80 ming nafar talaba markazlashgan holda uylariga jo'natildi. Odamlar gavjum joylarda ommaviy tadbirlarni o'tkazish cheklandi. O'zbekiston jahonning boshqa davlatlari bilan transport aloqalarini to'xtatmoqda.
Xorijdagi yurtdoshlarimiz charter aviareyslari orqali Vatanimizga qaytarilmoqda.
Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o'tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada ta'minlandi.
Televidenie, radio, Internet, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa operatorlari va boshqa shu kabi ilg'or ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda, aholi o'rtasida samarali sanitariya-targ'ibot ishlari olib borilmoqda. Bunda koronavirus infektsiyasi tarqalishiga olib keladigan sabablar va sharoitlar, shuningdek, uning oldini olish choralari haqida fuqarolarga atroflicha tushuntirish berilmoqda.
Insonning yashash, sog'ligini saqlash va axborot olish huquqlarini ta'minlash bo'yicha qonunchilik talablari doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Virusga qarshi kurashishning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarga ta'sirini yumshatish bo'yicha aniq vazifalar bajarilmoqda.
Jumladan, 16 martdan e'tiboran yagona favqulodda aloqa tizimi (1003 raqamda) ishga tushirildi. Shuningdek, Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga quyidagi raqam bo'yicha murojaat qilish mumkin: 71-276-49-66.
Har bir hududda hokimlar rahbarligida maxsus shtablar tashkil etilgan. Epidemiologik vaziyat bo'yicha har soatlik va kunlik ma'lumot tahlil qilinib, tezkor choralar ko'rilmoqda.
Davlatimiz rahbari keng jamoatchilik e'tiborini yana bir muhim masalaga, ya'ni hozirgi vaziyatda ayrim mas'uliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va o'zini «piar qilish»ni yaxshi ko'radigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinayotganiga qaratdi. Ammo, "sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda noto'g'ri, asoslanmagan ma'lumotlarni tarqatishga yo'l qo'ymasligimiz zarur. Bu masalani huquq-tartibot idoralari ham alohida nazoratga olishi lozim", dedi Prezidentimiz.
Chindan ham, keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda hatto koronavirus infektsiyasiga chalingan kishilarning shaxsiy ma'lumotlariga doir axborotlar ham tarqalgani kuzatildi. Vaholanki, «Fuqarolar sog'lig'ini saqlash to'g'risida»gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, bemor «tibbiy yordam so'rab murojaat qilganligi, sog'lig'ining holati, qo'yilgan tashxis to'g'risidagi ma'lumotlar hamda uni tekshirish va davolash chog'ida olingan boshqa ma'lumotlar sir saqlanishi» huquqiga ega.
Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining quyidagi chaqiriqlariga jamoatchiligimiz e'tiborini qaratadi:
- COVID-19 virusi tarqalishiga doir vaziyat va undan himoyalanish choralari bo'yicha ma'lumotlardan foydalanishda ishonchli axborot manbalariga tayanish;
- o'zaro g'amxo'rlik ko'rsatish va birdamlikni namoyish etish, yaqinlar va qarindosh-urug'lar bilan doimiy muloqotda bo'lish;
- pandemiyaga qarshi kurashning boshida turgan tibbiyot xodimlarining shu kunlardagi fidoyi xizmatlarini yodda tutish;
- infektsiyaga chalinganlarga nisbatan, masalan, «koronavirus qurbonlari» kabi har xil «atamalar»ni qo'llashdan tiyilish;
- insoniylikni namoyon etish: binobarin, koronavirus qandaydir millat yoki irqqa mansub kasallik emas; ushbu infektsiyaga chalinganlar sizu bizga hech qanday yomonlikni ravo ko'rmaydi – ular madadimiz va hamdardligimizga loyiqdirlar.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, davlatimiz rahbari raisligida 19 mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yushatish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tdi. Xuddi shu kuni O'zbekiston Prezidentining "Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoni imzolandi. Shuningdek, 23 martda Vazirlar Mahkmasining "Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori qabul qilindi.
Bugungi kunda ushbu majlis va rasmiy hujjatlarda belgilangan muhim vazifalarning ijrosi qat'iy ta'minlanmoqda.
Muxtasar aytganda, COVID-19 virusi – jamiyatimizning jipsligini sinaydigan jiddiy imtihondir. Binobarin, har birimiz koronavirusning tarqalishiga qarshi birgalikda ahillik bilan kurashish asnosida ushbu sinovdan muvaffaqiyatli o'tishni o'rganamiz va zarur ko'nikmalar hosil qilamiz. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, "Ko'pni ko'rgan xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo'lib, bu murakkab sinovlarni ham yengib o'tadi".
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 25.03.2020
- Ko'rishlar: 4504
- Chop etish