2021 yilning 21 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidovning Buyuk Britaniyaning Jeneva shahridagi BMT bo'linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakolatxonasi rahbarining o'rinbosari, inson huquqlari bo'yicha xalqaro elchisi Rita French bilan onlayn uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Uchrashuv avvalida A. Saidov R.Frenchni Inson huquqlari sohasida Britaniyaning birinchi elchi etib tayinlangani munosabati bilan tabrikladi. Shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga O'zbekiston Respublikasining nomzodini qo'llab-quvvatlagani uchun Britaniya tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Onlayn uchrashuv davomida tadbir qatnashchilariga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o'zgarishlar, inson huquqlarini himoya qilish va ta'minlash sohasidagi islohotlar, O'zbekistonning jahon hamjamiyatiga nisbatan bo'lgan pragmatik siyosati, Parlamentning inson huquqlari soxasida olib borayotgan ishlarini, yangi tahrirda «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonunni tayyorlash, Buyuk Britaniyaning Global sheriklik boshqaruvi (Global Partners Governance) nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda inson huquqlari sohasida hukumat faoliyatini monitoring qilish yuzasidan parlament kuzatuv komissiyasining rolini kuchaytirish bo'yicha loyihani amalga oshirilayotgani haqida batafsil ma'lumot berildi.
Shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyani bosqichma-bosqich amalga oshirish, bolalar mehnatini bekor qilish, xalqaro mehnat standartlari va me'yorlari, qabul qilingan yangi qonunlar, ayollarning huquqlarini mustahkamlash, nodavlat-notijorat tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazish tartibini soddalashtirish, ommaviy axborot vositalari erkinligini kuchaytirish borasidagi ma'lumotlar yetkazildi.
Britaniyalik elchi o'z chiqishida O'zbekistonda so'nggi yillarda inson huquqlari sohasida ijobiy o'zgarishlar amalga oshirilayotganligidan xabardor ekanini ta'kidlab o'tdi.
O'zbekiston Prezidentining inson huquqlari himoyasiga oid juda ko'plab Farmon va Qarorlar qabul qilayotgani va shu bilan barobar qonunchilik bazasi kengayib borayotganidan mamnunligini izhor etdi.
Shuningdek, Rita French Qonunchilik palatasida ayol deputatlar sonining oldingi chaqiriqqa nisbatan sezilarli ravishda oshgani va 32 foizga yetganini qayd etib, Britaniya parlamentida ayol deputatlar 34 foizni tashkil etayotganini qiyoslab o'tdi.
Bundan tashqari, britaniyalik elchi so'nggi yillarda qabul qilinayotgan qonunlarning shaffofligi va xalqaro normalarga to'la mos tushayotganligini ta'kidlab, O'zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini to'liq bajarishga intilayotganligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muzokaralar chog'ida tomonlar O'zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligini yanada kengaytirishda parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish muhimligini qayd etdilar.
Uchrashuvda Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlou ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.01.2021
- Ko'rishlar: 3620
- Chop etish