Joriy yil 27 aprelda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o'rinbosari Amina Muhammad ijtimoiy tarmoqlarda butun dunyodagi yetakchi ayollarning «Barcha uchun shaylan» muloqot-axborot kampaniyasini boshlab berdi.
Dunyo lider-ayollarining global miqyosdagi ushbu tashabbusidan ko'zlangan maqsad — COVID-19 pandemiyasi oqibatlariga barham berishga qaratilgan favqulodda ijtimoiy-iqtisodiy choralar bo'yicha BMTning Hadli dasturi va "Yo'l xaritasi"da bayon etilgan yalpi javobgarlik, global birdamlik va muhtojlarga tezkor ko'mak berishga doir da'vatni keng qo'llab-quvvatlashdan iborat.
BMTning Hadli dasturida, xususan, bugungi og'ir sharoitlarda ish joylarini saqlab qolish, korxonalarni rag'batlantirish, kishilarga yashash uchun kerakli vositalarni yetkazib berish zarurligi qayd etilgan. Bularning barchasi, o'z navbatida, jamiyat va iqtisodiyotni yanada barqaror va teng asoslarda qayta tiklash uchun muhim imkoniyatlarni yuzaga keltiradi.
BMT Bosh kotibi o'rinbosari Amina Muhammad jahon hamjamiyatiga murojaatida ta'kidlaganidek, "Eng yangi tarixning hozirgi misli ko'rilmagan inqirozi sharoitida ayollar COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashning oldingi marralarida borar ekan, ulkan miqyosdagi qiyinchilik va yo'qotishlarga duchor bo'lmoqdalar". Shu ma'noda, "lider-ayollarning pandemiyaga qarshi kurashda g'olib chiqish hamda yanada mustahkam va ahil tinchlikka erishish uchun faol kurashga shaylanish fursati yetdi", deydi u.
Dunyoning yetakchi ayollari jahon jamoatchiligini inqiroz asoratlarini bartaraf etish va qayta tiklash bo'yicha BMTning Maqsadli fondi uchun mablag' jamg'arishga ham chorlamoqdalar. Bu mablag'lar koronavirusdan eng ko'p aziyat chekkan insonlar, og'ir iqtisodiy qiyinchiliklar va ijtimoiy larzalarga uchragan mamlakatlarga yordam ko'rsatish uchun sarflanadi.
Hozirgi kunda aksariyat davlatlar rahbarlari va xalqaro tashkilotlar vakillari ushbu tashabbusni ma'qullab chiqmoqda. Dunyo lider-ayollarining global tashabbusini birinchilar qatorida:
Efiopiya Prezidenti Saxle-Vork Zevde;
Norvegiya Bosh vaziri va Barqaror taraqqiyot maqsadlari bo'yicha faol Erna Solberg;
Barqaror taraqqiyot maqsadlari bo'yicha faol Moza bint Naser hazrati oliyalari;
Barbados Bosh vaziri Mia Mottli;
Bill va Melinda Geyts jamg'armasi hamraisi Melinda Geyts;
Barqaror taraqqiyot maqsadlari bo'yicha faol Dia Mirza;
«BMT-ayollar» tuzilmasining ko'ngilli elchisi Muniba Mazari;
YUNISEF Ijrochi direktori Genrietta For;
«BMT-ayollar» tuzilmasining namoyandasi Fumzile Mlambo-Ngkuka;
YUNFPA vakili Nataliya Kanem qo'llab-quvvatladi.
O'zbekistonda ham ushbu tashabbus keng qo'llab-quvvatlanishi shubhasiz. Chunki, bir tomondan, yurtdoshlarimiz koronavirus pandemiyasi asoratlari qanchalik og'ir ekanini yaxshi tasavvur etadi. Karantin davrida xalqimizning ahillik, birdamlik va hamdardlik fazilatlari yanada yaqqol namoyon bo'lmoqda.
Ikkinchi tomondan, keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi o'rni hamda mavqeini tubdan oshirishga qaratilgan samarador islohotlar tufayli mamlakatimizda ham o'z mustaqil yondashuviga ega lider-ayollar toifasi izchil shakllanmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.05.2020
- Ko'rishlar: 4711
- Chop etish