Oliy Majlis Senatida “Gender tenglik va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishning ustuvor vazifalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbati BMTning 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibida belgilangan 5-maqsad – gender tenglikka erishish va barcha xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlanib bormoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlangan.
Shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinib, xotin-qizlarning huquqiy himoyasiga qaratilgan mexanizmlar kuchaytirildi.
2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida ham davlat organlari, mahalliy Kengashlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhokamalarda xotin-qizlarning parlament va mahalliy Kengashlar faoliyatidagi ishtiroki ortib borayotgani, qizlarning oliy ta’lim bilan qamrovi kengaygani qayd etildi. Shuningdek, ayollarning tadbirkorlik, ilm-fan, madaniyat va sport sohalaridagi faolligi tobora kuchayib borayotgani ta’kidlandi.
Davra suhbatida Senat a’zolari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Ularda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish, qizlarning ta’lim olishi va yetakchilik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5-maqsadini amalga oshirish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish hamda jamiyatdagi gender stereotiplarini bartaraf etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar, shuningdek, fikr almashildi, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini yanada kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
