Sanoqli kunlardan keyin butun dunyoda, jumladan, O'zbekistonda ham uchinchi bor parlament a'zolarining kasb bayrami keng nishonlanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2018 yil 22 maydagi 72-sessiyasida 30 iyun` – Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida ta'sis etilgan.
Shu munosabat bilan 2020 yil 10 iyun kuni «BMTning Inson huquqlari kengashi va Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi misolida BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini amalga oshirishda parlamentning roli» mavzusidagi xalqaro parlament forumi tashkil etilmoqda. Tadbirda inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarni bajarishda O'zbekiston parlamenti rolini oshirish mavzusi muhokama qilinadi.
Videokonferentsiya shaklidagi mazkur anjuman O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, Parlamentlararo ittifoq, BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan o'tkazilmoqda.
Onlay-anjumanga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari Akmal Saidov moderatorlik qiladi.
Videokonferentsiyada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Parlamentlararo ittifoq rahbarlari, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi, BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi, YEHXTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari ishtirok etadi.
Ma'lumot uchun: Jahon hamjamiyati tomonidan aynan 30 iyun` –Xalqaro parlamentarizm kuni etib belgilagani bejiz emas. Bundan 131 yil oldin, 1889 yili xuddi shu sanada Parijda dunyo davlatlari parlamentlarining asosiy xalqaro organi hisoblanuvchi Parlamentlararo ittifoqning ilk xalqaro konferentsiyasi ochilgan.
Bugungi kunda Parlamentlararo ittifoqqa 179 mamlakat parlamentlari a'zodir. Bu mamlakatlarning har birida davlat hokimiyati vakillik organi faoliyat olib boradi. BMTga a'zo 193 ta davlatdan 79 tasida – ikki palatali, 114 tasida esa bir palatali parlament tizimi amal qilmoqda. Dunyo parlamentlarining jami 272 ta palatasi tarkibida qariyb 46 000 nafar parlament a'zosi bor.
O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar e'tirofi sifatida tarixda birinchi bor mamlakatimiz vakili 2020-2023 yillarda Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo'mitasi a'zosi sifatida qayd etildi. Ya'ni, 2020 yil boshida Parlamentlararo ittifoq boshqaruv organlarining yangi tarkibini shakllantirish doirasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari, shuningdek, uning moliya bo'yicha kichik qo'mitasi a'zosi etib tayinlandi.
O'zbekiston parlamenti vakilining dunyo qonun chiqaruvchi organlarining bunday nufuzli forumi ishida qatnashishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni yanada samarali amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Bu, shuningdek xalqaro parlamentlararo hamkorlik kun tartibini shakllantirishda mamlakatimiz ishtirokini ta'minlash imkonini bermoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.06.2020
- Ko'rishlar: 4165
- Chop etish