O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 21 maydagi «Jazo muddatini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida»gi farmonining asosiy bandlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida nashr etildi va BMTning barcha rasmiy tillarida tashkilotga a'zo davlatlar orasida tarqatildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Davlatimiz rahbari farmonining BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyaning rasmiy hujjat sifatida qabul qilinishi O'zbekistonda inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinganidan dalolatdir.
Hujjat BMT Bosh Assambleyasi «Inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish» sessiyasining kun tartibidagi masala sifatida taqdim etilgan. Unda ta'kidlanishicha, Farmon muqaddas Ramazon hayitini nishonlash arafasida o'zbek xalqining mehribonlik, saxiylik, insonparvarlik va rahm-shafqat kabi olijanob fazilatlarining yorqin namoyishi sifatida qabul qilingan.
Afv etilganlarning 16 nafari asosiy jazoni o'tashdan to'liq ozod qilindi, 101 kishi jazoni o'tashdan muddatidan oldin ozod qilindi, 24 kishiga nisbatan tayinlangan jazo yengilrog'i bilan almashtirildi. Bundan tashqari, 117 kishiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo muddati qisqartirildi.
Jazodan ozod etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 1 nafarini ayol, 7 nafarini chet davlat fuqarolari, 164 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.
Afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishi, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishi uchun ko'mak berish bo'yicha mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgani ta'kidlangan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.06.2020
- Ko'rishlar: 4045
- Chop etish