“G'alaba bog'i falsafasi” kitobi nashrdan chiqdi

Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni nishonlanayotgan shu kunlarda akademik Akmal Saidovning “G'alaba bog'i falsafasi” kitobi nashrdan chiqdi. “Tasvir” nashriyoti bilan hamkorlikda «KOLORPAK» MCHJ bosmaxonasida yuksak did va
zamonaviy matbaa dizayni asosida o'zbek va rus tillarida chop etilgan ushbu salmoqli kitob poytaxtimizda muhtasham “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi ochilganining 1 yilligiga munosib tuhfa bo'ldi.

Kitobda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va g'oyasi asosida bunyod etilgan “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida hikoya qilingan. Muallifning fikr va mushohadalari aniq dalil va raqamlar, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, tegishli mavzudagi she'rlar va tasviriy san'at asarlaridan namunalar bilan mustahkamlangan.

Kitob Muqaddima, Xotima, 6 fasl va 40 bobdan borat. Kitobning so'nggi sahifalarida Ikkinchi jahon urushi  yillarida "Sovet  Ittifoqi  Qahramoni"  unvoni, uchala  darajadagi  «Slava»  («Shuhrat») ordeniga sazovor bo'lgan yurtdoshlarimiz hamda o'zbekistonlik Ikkinchi jahon urushi generallarining ro'yxatlari ilova qilingan.

Keyingi yillarda Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko'rsatgan ko'pmillatli O'zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan Buyuk G'alabani ta'minlashga qo'shgan munosib hissasini chuqur o'rganish va keng miqyosda targ'ib etish davr talabiga aylandi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, hech shubhasiz,  yosh avlodni yuksak gumanizm va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu ma'noda, “G'alaba bog'i falsafasi” kitobini keng jamoatchilikka yetkazish ko'zda tutilgan. Xususan, ushbu yangi nashrni mamlakatimizdagi barcha axborot-resurs markazlari va kutubxonalarga, o'zini o'zi boshqarish organlari, shuningdek oliy o'quv yurtlari, litsey-kollej va maktablarga, nuroniylar, yoshlar, xotin-qizlar hamda ma'naviyat va ma'rifat tashkilotlariga, kasaba uyushmalari, kompaniyalar va boshqa idoralarga yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech