O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 27 noyabr kuni Kasbi tumanida bo'lib, 130-Kasbi saylov okrugi saylovchilari bilan uchrashdi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbarining 12-13 noyabr` kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida ushbu hududdagi har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga turtki berish maqsadida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati haqida so'z bordi. Shuningdek, O'zbekiston Prezidenti raisligida 26 noyabr kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash masalalari bo'yicha qabul qilingan chora-tadbirlarning ahamiyati muhokama qilindi.
Akmal Saidov Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvarda qabul qilingan «Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni va 2019 yil 8 yanvarda qabul qilingan «Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qaroriga ham e'tiborni qaratdi. Ushbu muhim hujjatlar ijrosi doirasida Kasbi tumanida amalga oshirilayotgan ishlarga to'xtaldi.
Prezident Shavkat Mirziyoevning viloyatga tashrifidan so'ng Kasbi tumanini "qizil hudud"dan "yashil hudud"ga aylantirish uchun zarur moliyaviy manbalar va vazirlar orasidan mas'ul rahbarlar belgilandi. Ayni vaqtda Qashqadaryo viloyati va Kasbi tumani hokimlari tegishli sektorlar bo'yicha mas'ul rahbarlar bilan birgalikda bu borada izchil ish olib bormoqda.
Uchrashuvda 50 nafardan ziyod saylovchi ishtirok etib, o'z muammo va takliflari bilan murojaat qildi. Qashqadaryo viloyati hokimining va viloyat prokurorining o'rinbosarlari, viloyat va tumandagi barcha tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ana shu murojaatlarda ko'tarilgan muammolarni hal etish bo'yicha joyning o'zida zarur qarorlar qabul qilindi.
Xususan, fuqaro Sanamoy Qurbonova sharoiti og'irligini ma'lum qilib, ishdan bo'shatilgan o'g'lining ishga qayta tiklanishida yordam so'radi. Qashqadaryo viloyat prokuraturasi ushbu masalani ijobiy hal etishni zimmasiga oldi.
Fuqaro Dilfuza Kamolova uy-joy bilan ta'minlanishida yordam so'rab murojaat qildi. Bu murojaat ijrosi bilan Kasbi tuman hokimligi shug'ullanmoqda.
Yurtdoshlarimiz shaxsiy muammolari bilangina cheklanib qolmasdan, balki o'zlari istiqomat qilayotgan hududni har tomonlama ravnaq toptirishga doir amaliy takliflarni ham ilgari surdilar. Jumladan, xalq deputatlari Kasbi tuman Kengashi deputati Sulton Hamroev tuman markazida "Yoshlar madaniyat uyi" tashkil etishda yordam berishni so'rab murojaat qildi.
Mazkur masala bilan viloyat hokimligi shug'ullanishga kirishdi. Uchrashuv yakunida Akmal Saidov Kasbi tumani obod bo'lishi, kasbiliklar baxtli va farovon yashashi yo'lida qo'lidan kelganicha yordam berishga hamisha tayyorligini bildirdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.12.2020
- Ko'rishlar: 3778
- Chop etish