Har yili 26 aprel kuni jahon miqyosida Xalqaro intellektual mulk kuni nishonlanadi va bu kun muayyan bir mavzuga bag'ishlanadi. Bundan maqsad intellektual mulk huquqini himoya qilish sohasidagi muammolar va ularning yechimlariga jamoatchilik e'tiborini qaratish, shuningdek uni himoya qilish taraqqiyotga qanchalik darajada yordam berayotganligi to'g'risida axborot almashinuvini tashkil qilishdan iborat.
Xalqaro intellektual mulk kuni intellektual mulk huquqi madaniyatini oshirishga qaratilgan xalqaro sana hisoblanadi. Bu huquqni himoya qilishning bizni o'rab turgan olamga, tovar va xizmatlardan tortib innovatsiyaviy texnologiyalargacha turmushimizga, uni yanada yaxshilashga, jamiyatning iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga xizmat qilishini odamlarga yetkazishda mazkur sananing ahamiyati juda muhimdir.
Xalqaro intellektual mulk kuni turli yillarda quyidagi shiorlar ostida o'tgan. Bu sana:
2001 yilda – “Bugun kelajak yaratilayapti”;
2006 yilda – “Hammasi g'oyadan boshlanadi”;
2013 yilda – “Ijod – keyingi avlod”;
2017 yilda – “Innovatsiyalar: turmush sifatini oshirish”;
2018 yilda – “O'zgarishlarni harakatga keltiruvchi kuch – ayollar innovatsiyalar va ijod sohasida”;
2019 yilda – “Oltin uchun kurashish: intellektual mulk va sport” shiorlari ostida nishonlangan.
2020 yilda Xalqaro intellektual mulk kuni “Innovatsiyalar “yashil” kelajak uchun” shiori ostida o'tmoqda.
Mamlakatimiz rahbariyati O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev boshchiligida intellektual mulk huquqini ta'minlash mexanizmlarini kuchaytirish, uni ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotni jadallashtirish poydevoriga aylantirish borasida qator islohotlarni amalga oshirmoqda.
2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishlari bo'yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida intellektual mulk huquqini ta'minlash bo'yicha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Har bir yil dasturida ilm-fan, ma'rifat, innovatsiyalar, ularning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni ta'minlovchi omiliga alohida urg'u berilayotir.
Prezidentimiz 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020 yilni “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e'lon qildi. Ushbu yilning Davlat dasturida ilm-fan, intellektual ijod va innovatsiyalarni ravnaq toptirish, yoshlarni chuqur bilim, yuksak ma'naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tizimida intellektual mulkni qo'llab-quvvatlashga alohida o'rin ajratilgan.
Jumladan, ilm-fan, san'at, adabiyot va innovatsiyalar sohasini rivojlantirish, uning iqtisodiyot tarmoqlari bilan uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish, intellektual mulk muxofazasini ta'minlash, ijodkorlik muhitini qo'llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni ijodkorlikka jalb qilish, yangi kashfiyotlar va ixtirolar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi yo'nalishlarda muhim qadamlar qo'yildi.
O'zbekistonda jamiyat taraqqiyotining barcha sohalaridagi islohotlar, yondashuvlardagi o'zgarishlar, yaratilayotgan yangi mexanizmlar, siyosat va iqtisodiyotda inqilobiy qarorlar, xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlar O'zbekiston intellektual innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyot va ijtimoiy hayotni barpo etish yo'lidan borishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratmoqda.
Xalqaro miqyosda intellektual mulk huquqini himoya qilishga qaratilgan 30 ga yaqin xalqaro huquqiy hujjat qabul qilingan. Ularning ko'pchiligiga O'zbekiston Respublikasi qo'shilgan.
O'zbekistonda intellektual mulk huquqi Konstitutsiya, Fuqarolik kodeksi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida”gi, “Tovar belgilari, xizmat belgilari va tovarlarning kelib chiqish joylari to'g'risida”gi qonunlar va boshqa qator normativ huquqiy hujjatlar bilan belgilangan. Shakllangan qonunchilik asoslari mamlakatda ijodkorlik muhitini har tomonlama rag'batlantirishga xizmat qiladi.
Ijodkorlarning o'z qobiliyatini namoyon qilishi, ijtimoiy taraqqiyotga munosib hissasini qo'shishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Intellektual mulk huquqi sohasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmi takomillashib bormoqda.
Bularning barchasi kelajakda O'zbekistonda intellektual mulkiy faoliyat natijasi sifatida innovatsiyaviy iqtisodiyot va ijtimoiy hayot barpo etilishi uchun to'laqonli imkoniyatlar qaror topganini ko'rsatadi.
Shuningdek, bugungi kunda “yashil” kelajakni ta'minlash zamonamiz muammolaridan birini tashkil qiladi. Binobarin, faqat mustahkam va mutanosib huquqiy himoyalangan intellektual mulk tizimi insoniyatning kelajagiga tahdid solayotgan muammolarga munosib javob tayyorlay oladi.
Butun jahonda inqirozga sabab bo'layotgan koronavirus pandemiyasi, global iqlim o'zgarishi, ekologik muvozanatning buzilishi, tabiatga antropogen ta'sirning halokatli tus olishi, suv resurslarining yetishmovchiligi, Orol fojiasi va boshqa global muammolar shundan dalolat bermoqdaki, insoniyat tabiatga nisbatan o'zining munosabatini o'zgartirishi kerak. Buning uchun esa “yashil” iqtisodiyot va ijtimoiy hayotni barpo etishda intellektual ijod, ixtiro va innovatsiyalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu ma'noda, mamlakatimizda ekologik xavfsiz va toza texnologiyalarni yaratish va joriy qilish sohasidagi innovatsiyaviy faoliyatni rivojlantirishga, zaxiralardan oqilona foydalanishga, ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarishga, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotgani e'tiborga loyiqdir.
O'tkir Ochilov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 26.04.2020
- Ko'rishlar: 4326
- Chop etish