Keyingi vaqtda "Huquqiy axborot" internet portalida "Koronavirusning oldini olish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar haqida ko'p berilayotgan savollar" ruknida ko'plab muhim savollarga javoblar berib borilmoqda. Ayniqsa, 10 aprel kuni joylashtirilgan 15 ta savol-javob saytimiz o'quvchilari uchun alohida ahamiyatga egaligini hisobga olgan holda, ularni to'liq e'lon qilmoqdamiz.
1-savol: Joriy etilgan karantin choralari qanchalik qonuniy?
- Mamlakatimizdagi karantin chora-tadbirlari qat'iy ravishda amaldagi qonunchilik doirasida joriy etilgan. “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonunga (https://www.lex.uz/docs/2732587) muvofiq, O'zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi sanitariya-karantin nazoratini amalga oshirish va cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etish yo'li bilan ta'minlanadi.
Cheklovchi tadbirlar (karantin) — yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo'jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma'muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir.
O'zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlar bilan ham ta'minlanishi mumkin.
Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi talablarni belgilaydigan hujjatlar davlat organlari hamda boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi shart bo'lgan hujjatlardir.
Ko'pchilik yurtimizda karantin amal qilmayapti, degan fikrga borib, uni faqatgina harakatlanish yoki xo'jalik faoliyatiga to'liq taqiq o'rnatishdan iborat, deya tasavvur qilmoqda.
Biroq, aslida bunday emas. Respublikamizda karantin e'lon qilingan, uning aniq chegaralari va cheklovlarning tavsifi mavjud bo'lib, ular epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib joriy etiladi yoki bekor qilinadi. Masalan, 16 martdan boshlab barcha ta'lim muassasalari yopilgan.
2-savol: Karantin choralarining Maxsus komissiya tomonidan joriy etilishi qanchalik qonuniy?
- Karantin choralarining Maxsus komissiya tomonidan joriy etilishi qonuniy asosga ega. Chunki, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonunning
6-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlaydi.
Bundan tashqari, “O'zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi to'g'risida”gi Qonunning 11-moddasiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlariga sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy yordamning sifati, samaradorligi va hamma uchun ochiqligini oshirish, aholi sog'ligini saqlash va mustahkamlash, sog'lom turmush tarzi printsiplarini joriy etish, shuningdek sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash bo'yicha choralarni amalga oshirish kiradi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligidagi Maxsus komissiya O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi F-5537-son farmoyishi (https://t.me/huquqiyaxborot/6403) bilan tashkil etilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishiga muvofiq, Maxsus komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib, koronavirus bo'yicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini o'z vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko'rsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
Mazkur masalada yagona siyosat amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan Komissiyaning o'z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo'ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanishi belgilab qo'yildi.
3-savol: Nima uchun Maxsus komissiyaning qarorlari to'liq ko'rinishda e'lon qilinmayapti?
- Maxsus komissiya qarorlari bayonnoma ko'rinishida rasmiylashtiriladi. Bundan oldingi savollarga javoblarda qayd etilgan asoslarga muvofiq, Komissiya barcha vakolatlarga ega.
Yodda tutish lozimki, Maxsus komissiya yuz berayotgan hodisalarga nisbatan tezkor javob berish maqsadida tashkil etilgan. Zarur bo'lganda epidemiologik vaziyat o'zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan kompleks masalalarni yechish va ularga javob berish, jumladan, muammolarni turli xususiyatga ega bo'lgan maxsus mexanizmlarni ishga solish orqali hal etish bilan bog'liq kechiktirib bo'lmaydigan qarorlarni qabul qilishga to'g'ri keladi. Shu munosabat bilan Maxsus komissiya tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar to'liqsiz ko'rinishda e'lon qilinyapti.
Shu bilan birga ushbu qarorlarning aholi va yuridik shaxslarga taalluqli qismlari Maxsus komissiyaning rasmiy bayonoti tarzida e'lon qilinmoqda.
Mazkur axborot har kuni aholi bilan muloqot qilish mumkin bo'lgan barcha aloqa kanallari orqali tarqatilmoqda. Markaziy telekanallar orqali to'g'ridan-to'g'ri jonli efirga uzatilayotgan va yirik ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida translyatsiya qilinayotgan kundalik brifinglar qabul qilinayotgan qarorlarni tushuntirishga qaratilgan. Har bir qaror ixtisoslashgan mutaxassislar tomonidan sodda tilda tushuntirib borilmoqda.
Bundan tashqari, Komissiyaning barcha qarorlarini targ'ib qilishga Maxsus komissiya va barcha davlat organlari ulkan sa'y-harakatlari safarbar qilishgan.
4-savol: Maxsus komissiyaning qarorlari qonuniy kuchga egami?
- “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to'g'risida”gi Qonunning 11-moddasiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlariga sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy yordamning sifati, samaradorligi va hamma uchun ochiqligini oshirish, aholi sog'ligini saqlash va mustahkamlash, sog'lom turmush tarzi printsiplarini joriy etish, shuningdek sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash bo'yicha choralarni amalga oshirish kiradi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligidagi Maxsus komissiya O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi F-5537-son farmoyishi bilan tashkil etilgan. Ushbu farmoyishga muvofiq, Maxsus komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib, koronavirus bo'yicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini o'z vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko'rsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
Mazkur masalada yagona siyosat amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan Komissiyaning o'z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo'ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanishi belgilab qo'yildi. Shundan kelib chiqib, Maxsus komissiya qarorlari qonuniy hisoblanadi.
5-savol: Odamlarning transportda, velosipedlar (skuterlar)da, piyoda harakatlanishiga oid cheklovlar o'rnatilishi qanchalik qonuniy?
- Aholi va transport harakatlanishiga oid cheklovlarni o'z vaqtida o'rnatmay, virusning nazorat qilib bo'lmaydigan darajada tarqalib ketishiga yo'l qo'ygan va natijada karantin muddatini uzaytirishga majbur bo'lgan xorijiy mamlakatlarning achchiq tajribasidan kuzatayotganimizdek, bu ko'plab odamlarning nobud bo'lishiga va katta iqtisodiy zarar ko'rishiga olib kelmoqda.
“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonunga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi sanitariya-karantin nazoratini amalga oshirish va cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etish yo'li bilan ta'minlanadi.
Cheklovchi tadbirlar (karantin) — yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo'jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma'muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir.
Qonunning mazkur moddasi aholi, jumladan transport vositalari harakatlanishini cheklashga ruxsat beradi.
“Yo'l harakati xavfsizligi to'g'risida”gi Qonunga muvofiq transport vositasi – bu odamlarni, yuklarni tashishga yoki maxsus ishlarni bajarishga mo'ljallangan qurilmadir. Demak, vakolatli organlar karantin davrida harakatlanish, jumladan piyoda sayr qilish hamda skuter va velosipedlarda harakatlanishga oid cheklov choralarini belgilashi mumkin.
Bundan kelib chiqadiki, aholi va avtotransport harakatlanishiga oid cheklovlar joriy etilishi nafaqat qonuniy, balki fuqarolarning yashash va sog'liqni saqlashga oid huquqlarini ta'minlash nuqtai nazaridan ham o'zini oqlaydi. Bu choralar, shuningdek, iqtisodiy jihatdan ham o'zini oqlaydi, chunki virus tarqalishini qanchalik tez nazoratga olsak, bozor uchun noqulay sharoitlar yuzaga kelishi tufayli uzilgan iqtisodiy munosabatlarni shunchalik tez tiklashga muvaffaq bo'lamiz.
6-savol: “O'zini yakkalash” hayot tarzi qanday huquqiy asosga ega, u nimani ko'zda tutadi?
- “Karantin” yoki boshqacha aytganda “cheklovchi tadbirlar” – yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo'jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma'muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir (“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonun).
Cheklovchi tadbirlar (karantin)ni o'tkazish tartibi va muddati Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi.
Prezident farmoyishi bilan (F–5537-son, 29.01.2020 y.) O'zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo'yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo'yicha Maxsus respublika komissiyasi tuzildi. Hukumat qarori bilan (176-son, 23.03.2020 y.) Maxsus komissiya karantin yoki cheklovchi tadbirlarni kiritish bo'yicha vakolatlarga ega bo'ldi.
Maxsus komissiya vaziyat tahlilidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich u yoki bu cheklovchi tadbirlarni joriy etib bormoqda, masalan xalqaro, viloyatlararo va tumanlararo harakatlanishni, ayrim tashkilotlar faoliyatini, tadbirlar va majlislar o'tkazilishini cheklamoqda.
O'z navbatida, “o'zini yakkalash” – bu alohida chora emas, balki cheklovchi tadbirlardan biri, ya'ni karantin chorasidir. “O'zini yakkalash” hatto inson o'zini sog'lom his qilgan taqdirda ham boshqa odamlar bilan aloqani cheklash yoki iloji boricha kamaytirishni ko'zda tutadi.
Karantin paytida bemorlar tibbiy yoki maxsus muassasalarda tibbiyot xodimlari kuzatuvi ostida bo'lsalar, sog'lom kishilar o'zini yakkalashlari lozim. Masalan, ular (1) ko'chaga chiqmasligi, (2) bunga zarurat tug'ilganda ijtimoiy masofa saqlashi, niqob taqib yurishi, (3) uyda yoki ishda bo'lsa, boshqa shaxslar (hamkasblar, birga yashaydigan oila a'zolari) bilan aloqani cheklashi, ya'ni ijtimoiy masofani saqlashi va hokazolarga rioya qilishi lozim.
Ayrim cheklovchi tadbirlarning o'z vaqtida kiritilishi (transport harakatini cheklash, jamoat joylarini yopish, majburiy ravishda niqob taqish va hokazolar) O'zbekistonda COVID-19 ommaviy tarqalishining oldini olish imkonini berdi. Boshqa mamlakatlar haqida bunday deb bo'lmaydi. Italiya va Ispaniyada qat'iy cheklov choralari kiritilgach, vaziyat asta-sekinlik bilan yaxshilanib borayotgani haqida xabarlar berildi.
Biroq tahlillar ko'rsatishicha, ayrim cheklov tadbirlari joriy etilgandan keyingi aniqlanayotgan koronavirus infektsiyasini yuqtirish holatlari hamkasblar, oila a'zolari
orasida uchrashda davom etmoqda, chunki mazkur doirada yetarli xavfsizlik choralari ko'rilmayapti. Shu munosabat bilan zararlanish yoki aksincha boshqalarga yuqtirish xavfini minimal darajaga tushirish maqsadida “o'zini yakkalash” choralariga amal qilish kerak.
“O'zini yakkalash”ga karantin choralaridan alohida qarash yaramaydi, u karantinning tarkibiy qismi yoki bir ko'rinishi hisoblanadi va bunda “o'zini yakkalash”ga oid munosabatlar karantin qoidalari bilan bir xil tarzda tartibga solinadi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim “ekspertlar” karantin tadbirlarining huquqiy tabiati to'g'risida yolg'on xabarlar tarqatmoqda. Bu xabarlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi va O'zbekiston aholisini chalg'itmoqda. Bunday harakatlar javobgarlikni, hattoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaruvchi jiddiy huquqbuzarlik sifatida baholananishi mumkin.
Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar ma'murlari va moderatorlari, shuningdek blogerlar bunday mualliflarning faoliyatini cheklashga yordam berishi va yolg'on xabarlar tarqatish uchun minbar yaratib bermasliklari maqsadga muvofiq sanaladi.
7-savol: Fuqarolarni “o'zini yakkalash” hayot tarziga rioya qilishga majburlash qanchalik qonuniy?
- “O'zini yakkalash” hayot tarzi fuqarolarning erkin harakatlanishiga oid huquqlarini cheklaydi, biroq bu cheklovlar O'zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar va O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga to'liq muvofiq bo'lib, koronavirus infektsiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan xatarlarga mutanosibdir.
Konstitutsiyaning 20-moddasiga muvofiq, fuqarolar o'z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.
Konstitutsiyaning 28-moddasida O'zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko'chish, O'zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega, qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir, deb belgilab qo'yilgan.
“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonunga muvofiq, aholi va transport vositalarining harakatlanishini ko'zda tutuvchi cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilishi mumkin.
Konstitutsiyaning 54-moddasida mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.
Bundan tashqari, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonunga muvofiq, fuqarolar aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi hamda boshqa fuqarolarning sog'liqni saqlash va qulay yashash muhitiga bo'lgan huquqlari buzilishiga sabab bo'luvchi harakatlarga yo'l qo'ymasligi shart.
Shu bilan birga, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt qonunda ko'zda tutilgan va davlat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholining sog'ligi yoki ahloqi yoki boshqa shaxslarning huquq va erkinliklari muhofazasi uchun zarur bo'lganda ayrim huquqlarni cheklashga yo'l qo'yadi.
8-savol: Huquqni muhofaza qiluvchi organlar “o'zini yakkalash” hayot tarziga rioya qilishni talab qilishga haqlimi?
- “O'zini yakkalash” hayot tarzi “Aholining sanitariya-epidemologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonun va Hukumatning 176-son qaroriga muvofiq joriy etilgani bois, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va aynan ichki ishlar organlari “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi Qonunga muvofiq, fuqarolardan qonunchilikka rioya qilishlarini, huquqqa xilof harakatlarni to'xtatishni talab qilish, bu talablar bajarilmagan taqdirda ularni majburlash choralarini qo'llash huquqiga ega.
9-savol: Maxsus komissiyaning qarorlari asosida jarimaga tortish qanchalik qonuniy?
- Fuqarolar karantin tadbirlari va sanitariya qoidalarini buzganlik uchun O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksga muvofiq jarimaga tortiladilar.
Shu bilan birga, “Aholining sanitariya-epidemologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari davlat organlari hamda boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi shart bo'lgan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi talablarni belgilaydigan hujjatlardir.
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 54-moddasi ikkinchi qismida belgilanganidek, karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo'lishi yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish tegishli ravishda javobgarlikka tortilishga olib keladi.
Vazirlar Mahkamasining 176-son qarorida ko'zda tutilganidek, Komissiyaning o'z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo'ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Shu bilan birga, MJtKning 1-moddasiga muvofiq, ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi qonun hujjatlari nafaqat mazkur Kodeks, balki O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlardan iborat ekanligini ta'kidlab o'tish, maqsadga muvofiq.
Yuqorida aytib o'tilganlar asosida mazkur Komissiya qarorlari talablarini buzayotgan shaxslarni javobgarlikka tortishning qonuniyligi O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asoslanganligini, ta'kidlash joiz.
10-savol: Nima uchun favkulodda holat (vaziyat) sharoitlariga o'xshash cheklovlar o'rnatilganiga qaramay, favqulodda holat o'rnatilgani haqida rasman e'lon qilinmayapti?
- Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 93-moddasi 19-bandiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti favqulodda vaziyatlar, xususan epidemiya holati yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta'minlashni ko'zlab, O'zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig'iga kiritadi.
Qoida tariqasida, favqulodda holat rejimi joriy etilganda, harakatlanish erkinligiga, transport vositalari harakatiga nisbatan cheklovlar o'rnatiladi, ularni tekshirish kuchaytiriladi, eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini sotish, xarid qilish va taqsimlashning, jamoatchilik tartibini saqlashning alohida tartibi o'rnatiladi va boshqa cheklovlar kuchaytiriladi.
“Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to'g'risida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq, odamlar qurbon
bo'lishiga, ularning sog'lig'i yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo'lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat favqulodda vaziyat, deb ataladi.
Hukumatning 1998 yil 28 oktyabrdagi 455-son “Texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlarning tasnifi to'g'risida”gi Qarorida epidemiya – alohida xavfli infektsiyalarga tegishli bo'lmagan, yuqish manbai bitta yoki yuqish omili bir xil bo'lgan odamlarning guruh bo'lib yuqumli kasallanishini tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarga taalluqli deb belgilangan. Vazirlar Mahkamasi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda asosiy davlat organi hisoblanadi.
“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonunning 3-moddasiga ko'ra, cheklovchi tadbirlar (karantin) – yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo'jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma'muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir.
Hozirgi kunda O'zbekistonda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o'tkazilmoqda, ular quyidagilarni o'z ichiga oladi:
mamlakatimiz hududini sanitar muhofaza qilish (sanitar-karantin nazoratini o'tkazish va (karantinning) cheklovchi tadbirlarini o'tkazish yo'li bilan ta'minlanmoqda);
yuqumli va parazitar kasalliklar o'choqlarida amalga oshirilayotgan tadbirlar, dezinfektsiya tadbirlari;
majburiy tibbiy tekshiruv va boshqa tadbirlar.
Tibbiy-profilaktika muassasalari va sanitar-epidemiologik xizmat muassasalari tomonidan yuqumli va parazitar kasalliklar o'choqlarida o'rnatilgan tartibda infektsion va parazitar kasalliklar bilan kasallanganlikda gumon qilingan shaxslarni aniqlash, izolyatsiya qilish va kasalxonaga yotqizish hamda ular aloqa qilgan shaxslarni laborator tekshirish va ularni tibbiy kuzatishga yo'naltirilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yuqumli va parazitar kasalliklarning yuqish yo'llari va omillari hamda ularning insonga zararli ta'sirini bartaraf etishini aniqlash tadbirlari ham amalga oshirilmoqda. Yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo'lishi va tarqalishini oldini olish, ularni ajratib qo'yish va bartaraf etish maqsadida epidemik ko'rsatmalar bo'yicha dezinfektsiya tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Bundan og'ir choralar ko'rilayotgani yo'q. Ushbu choralar esa aynan “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonunda ko'zda tutilgan harakatlarga aynan muvofiqdir.
Qonunchilikda epidemiya yuz berganda favqulodda holat, favqulodda vaziyat yoki cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy qilish ko'zda tutilgan. O'zbekiston Respublikasida koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashda yuqoridagi tartiblardan nisbatan eng yumshog'i – cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etildi. Cheklovchi tadbirlar (karantin)ning joriy etilishi mamlakatimizning amaldagi qonunchiligiga mos keladi, COVID-19 ga qarshi kurash O'zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonuni, davlatimiz Rahbarining Farmonlari va Hukumat qarorlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.
11-savol: Joriy etilgan cheklovchi tadbirlar fuqarolarimizning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va xalqaro konventsiyalarda kafolatlangan huquq va erkinliklarini buzmayaptimi?
- Birinchi navbatda, shuni qayd etish kerakki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasiga ko'ra, fuqarolar o'z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.
Joriy etilgan cheklovlar O'zbekiston Respublikasining qonunlari, jumladan, aynan “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonuniga to'la mos bo'lib, pirovard natijada har bir fuqaroning ajralmas huquqi bo'lgan – yashash huquqini (Konstitutsiyaning 24-moddasi) ta'minlashga yo'naltirilgan.
Aholi va avtotransport harakatiga nisbatan o'rnatilgan vaqtinchalik cheklovlarga keladigan bo'lsak, shuni qayd etish kerakki, O'zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko'chish, O'zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir (Konstitutsiyaning 28-moddasi). Ushbu cheklovlar, yuqorida qayd etilganidek, O'zbekiston Respublikasi hududini sanitar muhofaza qilish doirasida joriy etildi hamda sanitar-karantin nazoratini amalga oshirish va cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy etish yo'li bilan ta'minlanmoqda (“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonunning 31-moddasi).
Bundan tashqari, shuni ta'kidlash kerakki, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi Xalqaro paktning 12-moddasiga muvofiq, muayyan davlat hududida qonuniy bo'lib turgan har kim ushbu davlat hududi chegarasida harakatlanishi va yashash joyini tanlashga haqli.
Shu bilan birga, yuqorida sanab o'tilgan huquqlar biror bir cheklovlar ob'ekti bo'la olmaydi. Davlat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholining salomatligi yoki axloqini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish uchun zarur bo'lgan qonunda ko'zda tutilgan cheklovlar bundan mustasno bo'lib, ular ushbu Paktda e'tirof etilgan boshqa huquqlarga mos keladi.
Shu bois, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, pandemiya tufayli o'rnatilgan cheklovlar fuqarolarning Konstitutsiya va xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklarini cheklamaydi, aksincha, ular ushbu huquq va erkinliklarni ta'minlashga qaratilgandir.
12-savol: Karantinga joylashtirilgan shaxslar telefonlarining olib qo'yilishi nechog'lik qonunga to'g'ri keladi?
- Shuni qayd etish kerakki, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to'g'risida”gi Qonunning 32-moddasiga muvofiq, yuqumli va parazitar kasalliklar o'choqlarida davolash-profilaktika hamda sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalari tomonidan quyidagilarga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan tartibda o'tkaziladi:
yuqumli va parazitar kasal deb gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash, ajratib qo'yish va kasalxonaga yotqizishga, shuningdek ular bilan muloqotda bo'lgan shaxslarni laboratoriya tekshiruvidan o'tkazishga va ularning tibbiy kuzatuvini olib borishga;
yuqumli va parazitar kasalliklarning yuqish yo'llari va omillarini aniqlash hamda ularning insonga ta'sir ko'rsatishining oldini olishga.
Virusolog olimlarning qayd etishlaricha, asosan plastikdan tayyorlangan telefonlar va ma'lumot tarqatuvchi boshqa vositalar o'zida infektsiyani saqlash va tarqatish xususiyatiga ega bo'lgani bois, ularni karantin hududiga olib kirish sanitar qoidalarga zid keladi. Chunki infektsiya qog'oz va plastikning yuzasida eng uzoq vaqt – 5 kungacha saqlanib qoladi.
Mazkur Qonunning yuqorida ko'rsatilgan qoidalarini amalga oshirish hamda koronavirus infektsiyasi bilan bog'liq boshqa holatlarni va virus o'choqlarini o'z vaqtida aniqlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan tasdiqlangan Koronavirus infektsiyasi aniqlanganda (gumon qilinganda) bajariladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibi to'g'risidagi nizomda karantinga joylashtirilgan koronavirus infektsiyasi bilan kasallangan yoki ushbu infektsiya bor deb gumon qilinayotgan shaxslarning mobil` telefonlari, audio va video yozuv uskunalari, kredit kartalari va ma'lumot
tarqatuvchi boshqa vositalarini vaqtincha olib qo'yishga oid me'yor ko'zda tutilgan.
Jahon amaliyotiga nazar tashlaydigan bo'lsak, Rossiya, Singapur, Isroil va boshqa qator davlatlarda ham huddi shunday choralar qo'llanilmoqda. Xususan, Rossiyada karantinga joylashtirilgan shaxslar muloqotda bo'lgan boshqa shaxslar va ular borgan maskanlarni aniqlash maqsadida telefonlardagi GPS-funktsiyasi ma'lumotlaridan foydalanish amaliyoti keng qo'llaniladi.
Ayni damda, shuni e'tiborga olish kerakki, ayrim hollarda karantinga joylashtirilgan shaxslar o'zlari muloqotda bo'lgan shaxslarni oshkor etishmaydi yoki ularni unutib qo'yishadi. O'zbekistonda ushbu virusni birinchi bo'lib yuqtirib olgan shaxs bilan bog'liq holat bunga yaqqol misol bo'la oladi.
Ushbu omilni hisobga olgan holda, vaqtincha olib qo'yilgan narsalar faqat mazkur shaxsning kasallangan davrida muloqotda bo'lgan boshqa insonlarni va tashrif buyurgan joylarni aniqlash maqsadidagina o'rganiladi.
Vaqtincha olib qo'yilgan narsalar ularning egalariga tibbiyot muassasasidan chiqishi bilan ularning o'zlariga yoki qarindoshlari yohud vakillariga qaytariladi.
Vaqtincha olib qo'yilgan narsalarni saqlash tegishli tibbiyot muassasalari hamda ichki ishlar, Milliy gvardiya organlarining bo'linmalari bilan hamkorlikda tashkillashtiriladi.
Bundan tashqari, ushbu cheklov jismoniy shaxslarning shaxsi to'g'risidagi ma'lumotlarni himoya qilish imkonini ham beradi. Ayrim hollarda ijtimoiy tarmoqlarda karantin joylariga taalluqli video va fotolar tarqalmoqda. Ko'plab postlar va roliklarda koronavirusning oldini olish bo'yicha ko'rilayotgan choralar, xorijdan kelgan fuqarolarni saqlash sharoitlari to'g'risida yolg'on ma'lumotlar taqdim etilmoqda. Shu bilan birga ushbu muassasalarga joylashtirilgan boshqa shaxslarning shaxsiy ma'lumotlarini muhofaza qilish bo'yicha qonuniy cheklovlarga rioya qilinmayapti.
Qonunga ko'ra, jismoniy shaxslarning shaxsga doir ma'lumotlari sir saqlanadigan ma'lumotlar sanaladi. Yolg'on ma'lumotlar va sub'ektiv baholar aholi o'rtasida vahima yoki turli asossiz mish-mishlarning paydo bo'lishiga olib keladi, bu esa, o'z-o'zidan aholining ongli ravishda u yoki bu harakatni sodir etishiga ta'sir ko'rsatadi.
Ana shular hamda ushbu vaqtincha cheklovlarning o'rinli ekanligi bois, ularga tushunish bilan yondashish lozim. Pirovardida, bunday tadbirlar faqat aholi salomatligini muhofaza qilish uchungina amalga oshirilmoqda.
13-savol: Majburiy davolash choralari nechog'lik qonuniy hisoblanadi?
O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksining 29-2-moddasiga asosan, karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo'lishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo'lgan taqdirda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo'sindagi majburlov chorasi qo'llanilishi mumkin.
Tibbiy yo'sindagi majburlov chorasi o'ttiz sutkagacha bo'lgan muddatda ma'muriy jazo tayinlash bilan birga qo'llaniladi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda ijro etiladi. Tibbiy yo'sindagi majburlov chorasining ijrosi davlat sanitariya nazorati, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar va Milliy gvardiyasi organlari tomonidan ta'minlanadi.
Ushbu talablarni bajarmaganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan (O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksining 54-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi).
Ma'lumot uchun: Ushbu tartib O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son «Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarorida (https://lex.uz/docs/4772484) ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga muvofiq (F-5537-son 29.01.2020 y.), koronavirus infektsiyasi va boshqa o'tkir respirator kassalliklar bor deb gumon qilinayotgan shaxslarni majburiy diagnostikadan o'tkazish belgilangan.
14-savol: Fuqarolar karantin qoidalarini buzish bilan bog'liq ma'muriy jazo tayinlash to'g'risidagi qarordan norozi bo'lsalar, sudga murojaat qilishlari mumkinmi?
- Qonunchilikka muvofiq, fuqaro o'rnatilgan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Prezidiumining qaroriga asosan, koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida fuqarolar hujjatlarini sudga faqat elektron shaklda yoki pochta orqali taqdim etishlari tavsiya etilgan.
Bundan tashqari, sudlarga shoshilinch ishlar (qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llash, qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish, o'zgartirish yoki bekor qilish, fuqarolarni tibbiyot muassasalariga joylashtirish, ma'muriy qamoqqa olish, fuqarolarni ruhiy kasalliklar muassasasiga majburiy joylashtirish (u yerda bo'lish muddatini uzaytirish), fuqarolarni sil kasaliga qarshi muassasaga majburiy joylashtirish (u yerda bo'lish muddatini uzaytirish), fuqarolarni muomala layoqatini belgilash (muomalaga layoqatli deb topish) hamda buyruq tartibida ish yuritishni hal qilishga doir ishlarni ko'rib chiqish tayinlangan.
15-savol: Karantin davrida fuqarolar advokatlik xizmatlaridan qay yo'sinda foydalanishlari mumkin?
Fuqarolar karantin davrida sanitar qonunchilik me'yorlari yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalariga rioya etgan holda, advokatlik xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
Ta'kidlash joizki, sud-tergov organlari tomonidan advokatlarning o'zlarining avtotransport vositalariga hamrohlik qilgan holda sud-tergov tadbirlarida ishtiroki ta'minlab berilmoqda, shuningdek Advokatlar palatasi va ularning hududiy bo'linmalari rahbarlariga avtotransport vositalarini boshqarish uchun tegishli ruxsatnomalar (stikerlar) taqdim etilgan.
Bundan tashqari, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda advokatning shoshilinch ishtirokini ta'minlash maqsadida zarur hollarda, adliya organlari tomonidan xizmat avtotransport vositalari bilan ta'minlanadi.
Ushbu mazmundagi axborotlar bilan @koronavirusinfouz telegram kanali orqali ham tanishib borish mumkin.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.04.2020
- Ko'rishlar: 4858
- Chop etish