Har yili iyul oyining 15-kunida Jahon yoshlarining ko'nikmalari kuni keng nishonlanadi. Ushbu sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2014 yil dekabrida ta'sis etilgan bo'lib, bunda avvalo yoshlar ko'nikmalarini rivojlantirish uchun investitsiya yo'naltirishning qanchalik muhimligi to'g'risida xabardorlikni oshirish ko'zda tutilgan. Shuningdek, ushbu xalqaro sana ishsizlik va noto'liq bandlik sharoitida yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash muammosiga e'tiborni qaratadi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi Nonna Safarovaning "Pravda Vostoka" gazetasining 2020 yil 15 iyul sonida e'lon qilingan "Hech narsaga o'rgatib bo'lmaydi, hamma narsani o'rganishgina mumkin" ("Ничему нельзч научить - всему можно только научиться") sarlavhali maqolasida shu haqda so'z boradi.
Bugungi kunda dunyo aholisining qariyb 20 foizini yoshlar tashkil qiladi. O'zbekistonda esa bu ko'rsatkich 60 foizdan oshadi. Yoshlar xalqimiz, davlatimizning bebaho boyligi. Ular uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, imkoniyatlar eshigi keng ochilgan.
Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida mustahkam tashkiliy va huquqiy baza yaratilgan. Xususan, o'tgan yillar davomida Asosiy qonunimiz va kodekslardan tashqari yoshlar siyosatiga oid 20 dan ortiq qonun, yuzga yaqin farmon va qaror qabul qilindi.
O'zbekiston yoshlarning huquq va erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatni ratifikatsiya qilgan. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O'zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo'llab-quvvatlash to'g'risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Prezident Shavkat Mirziyoev 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan O'zbekiston yoshlariga yo'llagan bayram tabrigida ta'kidlaganidek, yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko'tarilib, doimo e'tiborimiz markazida bo'lib kelmoqda.
Buni keyingi ikki yilda shu sohaga oid 3 ta qonun, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining o'nlab farmonlari, qaror va farmoyishlari qabul qilingani hamda shu asosda ulkan ishlar amalga oshirilgani ham yaqqol tasdiqlaydi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, hududlarda esa hokimlar raisligida Yoshlar masalalari bo'yicha idoralararo kengashlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo'yicha komissiya va «Yoshlar klubi» ish boshladi.
Yigit-qizlarimizning biznes loyihalari uchun «Yoshlar – kelajagimiz» jamg'armasi tomonidan bugungi kunga qadar 692 milliard 400 million so'mlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 25 mingga yaqin yangi ish o'rni yaratilgani, respublikamiz bo'yicha 125 ta «Yoshlar mehnat guzari», 19 ta «Yosh tadbirkorlar» kovorking markazi foydalanishga topshirilgani ayniqsa e'tiborlidir.
Yurtimizda tashkil etilayotgan yangi-yangi bog'chalar, maktablar, oliy o'quv yurtlari, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari, madaniyat va sport inshootlari, «Temurbeklar maktabi», «Prezident maktablari», «Ijod maktablari» deb nom olgan mutlaqo yangi namunadagi ta'lim maskanlari bugungi globallashuv sharoitida raqobatga qodir bo'lgan yetuk kadrlarning yangi avlodini tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O'zbekiston tomonidan «Yoshlar huquqlari to'g'risida»gi konventsiyani ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilgani jaholatga qarshi – ma'rifat tamoyili asosida olib borayotgan keng ko'lamli ishlarimizning uzviy bir qismi bo'ldi. Bu xalqaro-huquqiy hujjat yer yuzidagi ikki milliarddan ziyod yoshlarning haq-huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga egadir.
Davlat rahbari ta'biri bilan aytganda, "Biz O'zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga mahkam bel bog'lagan ekanmiz, bu ulug' ishni ertaga emas, bugun boshlashimiz, buning uchun avvalo navqiron yoshlarimizga zarur sharoitlarni aynan bugun yaratib berishimiz kerak".
Markaz xodimining maqolasida bu boradagi yangi tashabbuslarning mohiyati va ahamiyati atroflicha talqin etilgan. Bugungi notinch va tahlikali zamonda, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi tufayli karantin e'lon qilingan murakkab davrda yoshlarning orzu-intilishlari, ilg'or g'oya va tashabbuslarini ro'yobga chiqarish maqsadida yurtimizda boshlangan ishlar nainki davom ettirilayotgani, balki yangi, yanada yuksak bosqichga ko'tarilayotgani amaliy misollarda ko'rsatib berilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.07.2020
- Ko'rishlar: 4176
- Chop etish