«Qashqadaryo o'zining salohiyatiga mos yashamayapti, mamlakatimizning ko'pgina hududlaridan ancha orqada». O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 13 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida o'tkazilgan yig'ilishda shunday deb ta'kidladi.
Davlatimiz rahbarining 12-13 noyabr kunlari viloyatga tashrifi doirasida ushbu hududdagi har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga turtki berish maqsadida markaziy idoralar, jumladan, vazirlik va tijorat banklari rahbarlari biriktirilib, zarur resurslar ajratildi. 2021 yil Qashqadaryoda «Tadbirkorlikni rivojlantirish yili» deb e'lon qilindi. Shuningdek, 10 mingta yangi tadbirkorlik sub'ekti tashkil etish maqsadi belgilandi.
O'z navbatida, O'zbekiston Prezidenti raisligida 26 noyabr` kuni o'tkazilgan Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash masalalari bo'yicha videoselektor yig'ilishida, jumladan, ijtimoiy masalalarga alohida e'tibor qaratildi. Maktablarni rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash uchun 2021 yilgi Investitsiya dasturi doirasida qo'shimcha 100 milliard so'm ajratilishi qayd etildi. Ushbu mablag'lar hisobiga 88 ta maktabda qo'shimcha imorat quriladi, 100 tadan ko'prog'i esa to'liq jihozlanadi, paxsa devorli filiallar o'rniga yangi binolar barpo etiladi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning 26 noyabr kuni Koson tumani hokimligi majlislar zalida 130-Kasbi saylov okrugi saylovchilari bilan uchrashuvida shu haqda so'z bordi.
Mazkur saylov okrugi saylovchilari bilan bir qatorda, Qashqadaryo viloyatining Koson, Qarshi, Qamashi tumanlari va Qarshi shahridan 30 dan ortiq fuqaroning murojaatlari tinglandi. Murojaatlarda hududni ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy-ma'rifiy rivojlantirish, bandlik, ishsizlikning oldini olish, ayniqsa, yoshlar bandligini ta'minlash kabi dolzarb masalalar ko'tarildi.
Uchrashuvda Qashqadaryo viloyati hokimining va viloyat prokurorining o'rinbosarlari, viloyat va tumandagi barcha tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Bu, o'z navbatida, murojaatlarda ko'tarilgan muammolarni hal etish bo'yicha joyning o'zida qarorlar qabul qilish imkoniyatini tug'dirdi.
A.Saidovning qayd etishicha, uchrashuv davomida o'rganilgan muammolarning aksariyati, ya'ni 70-80 foizini tumanning o'zida, sektorlar kesimida hal etsa bo'ladi. Murojaatlarning taxminan 15 foiziga viloyat darajasida, qolgan qismiga esa respublika miqyosida yechim topish choralari ko'rilmoqda.
Eng muhimi, fuqarolarning bugungi kundan ko'ngli to'q va kelajakka ishonchi mustahkam. Shu bois yurtdoshlarimiz shaxsiy muammolari bilangina cheklanib qolmasdan, balki yurtimizni har tomonlama ravnaq toptirishga doir amaliy takliflarni ham ilgari surayotganlari diqqatga loyiqdir.
Tadbirda jurnalistlar va blogerlar ham qatnashdi. Natijada muloqotlarning ochiqligi va oshkoraligi ta'minlandi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.11.2020
- Ko'rishlar: 3626
- Chop etish