10-11 avgust kunlari shu mavzuda videokonferentsiya shaklidagi davra suhbati bo'lib o'tdi. Tadbir Yaponiyaning Osiyo huquqiy almashinuvlar markazi va Nagoya universiteti Oliy huquq maktabi tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Germaniyaning Sharqiy Yevropa huquqi instituti va Regensburg universiteti hamda Avstraliyaning Mel`burn universiteti Huquq maktabi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjuman ishtirokchilarini Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Nagoya universiteti direktori A.Fudzimoto va Toshkent davlat yuridik universiteti rektori R.Hakimov qutladi.
Davra suhbatida yangi demokratik davlatlarda konstitutsiyaviylik printsiplarining rivojlanishi masalalari muhokama qilindi. Tadbirda Avstraliya, Yaponiya, Germaniya, Rossiya va O'zbekistonning yetakchi ekspertlari so'zga chiqdilar.
Ma'ruzachilar ta'kidlaganlaridek, XX asr 90-yillari boshida yangi demokratiya yo'lini tanlagan mamlakatlarning tizimli islohotlari zamirida mustaqil davlatchilikni shakllantirish bilan birga, fuqarolik jamiyatini jadal rivojlantirish va bozor iqtisodiyoti printsiplarini joriy etish maqsadlari o'z mujassamini topgan.
Xususan, akademik A.Saidov xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining noyob namunasi bo'lgan O'zbekiston Konstitutsiyasi Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarining mustahkam huquqiy kafolati sifatida yurtimizda bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish, O'zbekistonning xalqaro maydonda munosib o'rin egallashi borasida asosiy yuridik poydevor bo'lib kelayotganini qayd etdi.
Konstitutsiyaning yaratilishi tarixini atroflicha o'rganish, bu muhim huquqiy hujjatning mazmun-mohiyatini chuqur talqin va tahlil etish mustaqil O'zbekistonning eng yangi tarixini o'qib-o'rganishning tarkibiy qismi sifatida katta ahamiyat kasb etadi. Chunki mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasining ishlab chiqilishi, muhokama etilishi va qabul qilinishi hamda rivojlantirilishi jarayonlari mamlakatimiz mustaqilligi tarixining bevosita uzviy qismidir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, «1992 yil 8 dekabrda mustaqil O'zbekistonimiz Konstitutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy voqea bo'ldi». Konstitutsiya va milliy tiklanish, ma'naviyat va ma'rifat, huquqiy ong va huquqiy madaniyat, milliy o'zlik va azaliy qadriyatlar, bu ko'hna zamin odamlari ko'nglida ustuvor bo'lgan adolat va odillik, iymon va olijanoblik, bag'rikenglik va mardlik, insonparvarlik va tantilik kabi ulug' xislatlar Konstitutsiyadan munosib o'rin olgan.
Davra suhbati davomida konstitutsiyaviy rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta'minlashning nazariy va amaliy masalalari atroflicha ko'rib chiqildi. Konstitutsiyaviy rivojlanish sohasidagi ilmiy izlanishlarni takomillashtirish yuzasidan amaliy takliflar tavsiya etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.08.2020
- Ko'rishlar: 3945
- Chop etish