1 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida «Tong yulduzi» va «Klass!» respublika bolalar nashrlari tahririyatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan «Inson huquqlari bolalar nigohida» tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan tanlov g‘oliblari hamda ularning ota-onalari, bobo-buvilari, muallim-murabbiylari hozir bo‘ldi. Taqdirlash marosimida, shuningdek, taniqli huquqshunoslar va jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturida mazkur tanlovni mamlakat miqyosida o‘tkazish vazifasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) zimmasiga yuklatilgan. Tanlov Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, mamlakatimizda iste’dodli, salohiyatli bolalarimizning buguni va kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanini ta’kidladi. Konstitutsiya – huquqiy bilimlar alifbosi bo‘lib, uni o‘qish va uqish muhimligi yana bir bor qayd etildi.
Ushbu tanlovning birinchi bosqichiga 23 fevralda, ikkinchi bosqichiga 1 iyun – Xalqaro bolalar kunida start berildi. Tanlov “Eng yaxshi maqola va insho”, “Eng yaxshi she’r”, “Eng yaxshi rasm”, “Eng yaxshi videolavha” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi.
Qisqa vaqt ichida yosh ijodkorlar tomonidan har ikki gazeta tahririyatlariga 300 tadan ortiq material va ijodiy ishlar kelib tushdi. Mazkur ijodiy ishlar tahlili, bir tomondan, yosh ijodkorlarning inson huquqlari sohasiga qiziqishlarini yaqqol namoyon etgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, har bir navqiron ishtirokchining tanlovga taqdim etgan ijod namunasi o‘ziga xosligi va betakrorligi bilan ajralib turishini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova, «Tong yulduzi» gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova, «Klass!» gazetasi bosh muharriri Margarita Arutyunova va boshqa so‘zga chiqqanlar e’tirof etganidek, tanlovga kelib tushgan aksariyat ijodiy asarlarda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarining bolalar hayotida tutgan o‘rni hamda ahamiyati ochib berilgan. Ayniqsa, tanlov g‘oliblarining ijodiy ishlari qiziqarli uslublarda va nafis iqtidor bilan yaratilgani diqqatga sazovor.
Tanlov yakunlari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan «Inson huquqlari o‘n kunligi» doirasida va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi bayrami arafasida o‘tkazilishi bejiz emas. Chunki bunday huquqiy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlod qalbida ona Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘ularini rivojlantirish, farzandlarimizni Konstitutsiya va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlov g‘oliblariga diplom va tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Tanlovda faol ishtirok etgan bolalar ham taqdirlandi. Shuningdek, tanlovni o‘tkazishda fidoyilik ko‘rsatgan hamkor tashkilotlar va tahririyatlar vakillariga tashakkurnomalar taqdim etildi.
Tadbir yakunida g‘oliblar o‘z she’rlaridan o‘qib berdi. Tanlov hay’ati e’tirofga sazovor bo‘lgan rasmlar va videolavhalar namoyish etildi. Musiqa va qo‘shiqlar yangradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 01.12.2023
- Ko'rishlar: 2435
- Chop etish