To‘siqli muhit uchun kim javobgar?

Qanday qilib shaharni barcha uchun ochiq qilish mumkin?

43 yoshli Dilmurod Pardayev Samarqand viloyatida taniqli shaxs.

– Mening bolaligimni baxtli deb bo‘lmaydi, u asosan kasalxonada o‘tgan, —  deydi suhbatdoshimiz. – Birinchi marta hassaga suyanganimni eslay olmayman, lekin bu oson bo‘lmadi. Garchand psixologik jarohatni boshdan kechirish uchun o‘shanda juda yosh bo‘lsam-da, bu hissiyot keyinchalik, o‘smirlik davrimda keldi. Lekin o‘zimni qo‘lga oldim, o‘zimga ishonishim va faqat o‘z-o‘zimga yordam bera olishimni tushundim. Atrofimdagilar menga achinishini istamasdim. Jismoniy nuqsonga qaramay, muvaffaqiyatga erishish va jamiyatda yetakchi bo‘lish mumkinligini hayotiy tajribam orqali isbotladim. 2006 yilda o‘rta maktabni tamomlab, oliy ta’lim muassasasida o‘qishni davom ettirganman va mana, 20 yildan buyon O‘zbekiston nogironlar jamiyati viloyat bo‘limiga rahbarlik qilib kelmoqdaman.

Dilmurod Pardayev ko‘p yillar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarga huquq va manfaatlarini himoya qilishda ko‘mak berib kelmoqda va jismoniy harakati cheklangan insonlar yo‘lida qanday g‘ovlar borligini juda yaxshi biladi.

– Nogironlar aravachasida harakatlanishdan ko‘ra, hassada yurish osonroq bo‘lsa-da, har kuni shahar bo‘ylab borar ekanman, yo‘lda turli to‘siqlarga duch kelaman, — deya suhbatni davom ettiradi qahramonimiz. — Ko‘p hollarda panduslar (g‘ildirakli transport vositalarining biridan ikkinchisiga o‘tishiga imkon beradigan platforma) shunchaki, xo‘jako‘rsinga qurilganini ko‘raman. Biz joylarda yuzlab panduslarni o‘rganib chiqdik va shunday xulosaga keldikki, 90 foizga yaqin pandus nogironlar aravachasidagi odam uchun haqiqiy g‘ov, ular hatto sog‘lom fuqarolar uchun ham halokatlidir. Afsuski, Samarqand va butun O‘zbekiston bo‘ylab infratuzilma nogironlar uchun moslashtirilmagan. Binolar va ko‘cha sathida liftlar, maxsus jihozlangan hojatxona va boshqa shart-sharoitlar yo‘qligi, eshitish qobiliyati zaif odamlar uchun maxsus navigatsiya vositalari, taktil belgilari yoki induksiya tizimlari mavjud emasligi haqida nima deyish mumkin?

Bugun shaharda nogironlar aravachasidagi odamni deyarli ko‘rmaysiz, chunki ular ko‘chaga chiqqanida ko‘plab to‘siqlarga duch kelishi mumkin – shahar mahallalarida piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi, ko‘plab bordyurlar, zinapoyalar, ariqlar, past-balandliklar. Bular yetmagandek doimiy ta’mirlanayotgan yo‘llar harakati cheklangan insonlarga qiyinchiliklar tug‘diradi.

Lekin bu hali hammasi emas. Foydalanishga topshirilayotgan yangi ko‘chalar, turar-joy binolari va boshqa ob’yektlarda harakatlanish imkoniyati cheklanganlar uchun qulaylik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, ya’ni go‘yo nogironlarni hayotdan o‘chirishda davom etmoqda. Shaharsozlik me’yorlari, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish va yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunlarga rioya qilinmayapti.

– Yangi qurilgan deyarli barcha binolar, turar-joy binolari, ko‘chalar, avtoturargohlar, piyodalar zonasi foydalanishga topshirilmoqda. Ularda qonunbuzarliklar mavjud, infratuzilma qulayligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Biz bugunda shaharni barchaga ochiq qilish yo‘lida birinchi qadamlarni qo‘ymoqdamiz, ammo qulay muhit yaratish — bu faqat rivojlangan davlatlargina ko‘tara oladigan ulkan sarmoyadir. Bunda hukumat e’tibori albatta kerak, — deya suhbatni davom ettiradi Dilmurod Pardayev. — To‘g‘ri, so‘nggi yillarda vaziyat o‘zgardi. Yangi ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy ob’yektlar qurilishi loyihasini imzolash chog‘ida komissiya ro‘yxatlariga kiritildik. Bundan buyon bizga loyiha qurilishdan oldin taqdim etiladi, agar pandus standartlarga javob bermasa, o‘z taklifimizni bildirishga yoki ob’yektni qabul qilishdan bosh tortishga haqlimiz. Albatta biz o‘rganish, rivojlanish, jamiyatdan ajralmagan holda komil fuqaro bo‘lishni xohlaydigan insonlarga peshvoz chiqish uchun qadam tashlashimiz kerak. Yashash joyi omon qolish muhiti bo‘lmasligi kerak.

Samarqand viloyatida 95 mingdan ortiq jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar bor, ularning 20 mingga yaqini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlardir.

Umid uchqunlari porlamoqda

Joriy yilning yanvar oyida davlat rahbari «O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan bo‘lib, unda turizmni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni aniqlash va turizm industriyasini rivojlantirish hamda mamlakatimizga xorijiy sayyohlarni jalb qilish uchun infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha takliflar kiritish  vazifalari belgilangan.

Hujjat e’lon qilinganidan so‘ng viloyat hokimligida madaniy meros ob’yektlari va nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun sharoitlarni, jumladan, muzeylar, teatrlar va turar joy binolarini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi.

– Ishchi guruh tomonidan 63 ta madaniyat, sport, madaniy meros ob’yektlari, sanatoriy va mehmonxonalar, shahrimiz mehmonlari eng ko‘p tashrif buyuradigan maskanlarning barchasi o‘rganildi, – deydi viloyat turizm boshqarmasi vakili Aslamjon Kamolov. – O‘rganish chet ellik mehmonlar ilk tashrif buyuruvchi temir yo‘l vokzalida boshlandi. Sayohatni o‘rganish jarayonida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Xususan, vokzalning sanitariya tarmog‘ida nogironlarning o‘zlari kirishiga imkon beruvchi pandus yo‘q va bu hammasi emas. Shuningdek, nogironlar aravachasidagi odamning yer osti yo‘lakchasi orqali temir yo‘llariga o‘tishi ham imkonsiz.

Vokzal yaqinida joylashgan bozor ham to‘siqlarga to‘la. Kirish joyi foydalanish imkoni bo‘lmagan rampa bilan jihozlangan. «Menga aytishdi – men qildiq. Faqat nima uchun tushunmadim». Qoidalarga ko‘ra, rampa 1:10 nishabga ega bo‘lishi kerak. 1 metr balandlikdagi zinapoyaga ko‘ra, uning uzunligi 10 metr bo‘lishi zurar. Lekin ko‘chalarimizdagi o‘nlab dorixona va do‘konlar orasida talabga javob beradigan birorta pandus yo‘q. Respublika rahbarining farmoni nogironlarga jiddiyroq e’tibor qaratish imkonini beradi, albatta. Bu borada dastlabki qadamlar allaqachon qo‘yilgan.

To‘g‘ri, keyingi yillarda ayrim sayyohlik maskanlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlar aravachasida erkin harakatlanishi uchun madrasa tashqarisida ham, ichkarisida ham panduslar o‘rnatila boshlandi. Bundan tashqari, Ulug‘bek madrasasida joylashgan muzeyda ko‘rishda nuqsoni bor insonlar uchun Registon ansambli maketi o‘rnatilgan. Ushbu tartibdan ular taktil o‘zaro ta’sir qilish imkoniyati tufayli yodgorliklar haqida to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lishlari mumkin. Bu yerda ular Ulug‘bek, Tillakori va Sherdor madrasalari haqida ham brayl alifbosidagi ma’lumotlarga ega. Ammo ob’yektlarga borish masalasi ochiqligicha qolmoqda.

Hech kimga sir emaski, nogiron kishi shaharga chiqishda qator to‘siqlarga duch keladi. Ma’muriy binolarga kiraverishda ham to‘siqlar mavjud bo‘lib, ularni kimdir sizni qo‘lida ko‘tarib kirsagina yengib o‘tish mumkin. Binolarda liftlar, maxsus jihozlangan hojatxonalar va boshqa sharoitlar yo‘qligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Shahar infratuzilmasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz kirishini inobatga olgan holda yangi ob’yektlarni qurish bo‘yicha asosiy mas’uliyat qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini nazorat qilish hududiy inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan. Biz tashkilotga savollar bilan murojaat qilgan edik, hech qanday javob olmadik. Insonda shunday tuyg‘u paydo bo‘ladiki, mas’ullar shaharsozlik me’yorlarining buzilishini ochiq-oydin tushunib, loyihalarni ma’qullashda va ishga tushirishda davom etadi, chunki hech kim jazo choralarini ko‘rmaydi. Yuqoridan ta’sir bo‘lmasa jurnalist savollariga javob berish shart emas. Samarqandda qurilish tartibsizliklari avjida, qoidaga zid ravishda yangi inshootlar qurish davom etmoqda.

Jamoat transporti yangilanishi kerak

Jamoat transporti ham nogironlar uchun to‘siq bo‘lib qolmoqda. Shahar orqaga tortiladigan panduslar bilan jihozlangan yangi Xitoyning past polli avtobuslarini ishga tushirdi, biroq ular butun shahar emas, balki ma’lum bir yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi.

– Fuqarolarning barcha ehtiyojlarini qondira olmayotgan jamoat transporti parkini yangilash zarur, – deydi viloyat transport boshqarmasi matbuot kotibi Sherzod Xalilov. – Shaharga yana 500 ta avtobus kerak. Mutaxassislarning fikricha, yo‘lovchi tashish transporti qamrovi shahar aholisining 50 foizini tashkil qiladi. Samarqandda har kuni 250 ta avtobus qatnaydi, shulardan 160 tasi eski, nogironlar aravachasi kirolmaydigan «Isuzu» avtobuslari bo‘lib, ular bosqichma-bosqich yangilariga almashtiriladi.

Har bir ob’yektni loyihalash, bitkazish yoki ta’mirlashda odamlar, ayniqsa, nogironlarga qulay va xavfsiz joy zarurligini doimo yodda tutish kerak. Bugungi kunda qurilayotgan barcha uylar, yaratilayotgan infratuzilma va jamoat transporti hammabop bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur.

Zamira Baltayeva

Xabar.uz

Powered by GSpeech