So‘nggi yillarda O‘zbekiston pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat yuritish, qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini jadal rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirmoqda. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida nafaqat yaqin qo‘shnilarimiz, balki iqtisodiy jihatdan yetakchi davlatlar bilan ham teng manfaatli hamorlik yuqori pog‘onaga ko‘tarilmoqda.
2024-yil 8-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Gruziya Parlamenti Raisi Shalva Papuashvili boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati, palataning qo‘mitalari, komissiyalari hamda deputatlarning asosiy vazifalari to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston-Gruziya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, Shalva Papuashvili so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, amaliy ruhdagi uchrashuvlarni izchil davom ettirish, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash ikki tomon manfaatlariga birdek xizmat qilishini qayd etdi.
Uchrashuvda shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, to‘qimachilik, elektrotexnika, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lami tobora kengayib borayotgani xususida ham so‘z yuritildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.
- Qo'shildi: 08.04.2024
- Ko'rishlar: 2297
- Chop etish