INSON HUQUQLARI VA SIYOSATSHUNOSLIK
(Shu mavzudagi debat-klubning ilk taassurotlari)
Inson huquqlari har qanday davr uchun dolzarb masala bo‘lib kelgan. Har bir shaxs o‘zini inson deb bilar ekan, u o‘zining huquqlarini bilishi va majburiyatlariga amal qilishi lozimligi nafaqat xalqaro standartlar, balki milliy qonunchiligimizda ham belgilab qo‘yilgan.
2024-yil 19-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda bakalavriat talabalari uchun debat-klubga start berildi. Mazkur debatda Akademiyaning talabasi sifatida men ham ishtirok etdim.
Ilk munozara “Inson huquqlari va siyosatshunoslik” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu debat doirasida yangi o‘quv materiallari bilan tanishdik. Muloqot asnosida, jamiyatda inson huquqlarining tutgan o‘rni va ahamiyati, siyosatshunoslik va davlat boshqaruvi sohasida inson huquqlari qay darajada muhimligi haqida so‘z yuritildi. Ayniqsa, akademik Akmal Saidovning debat-klub ochilishida so‘zlagan, nutqi menga manzur bo‘ldi.
Debat-klubining yanada rivojlanishi va qamrovi kengayishiga ishonchim komil. Quyida mazkur bahs-munozaralar natijasida yuzaga kelgan ayrim fikr-mulohazalarimni bayon etishga jazm qildim.
Hozirgi davrda dunyo hamjamiyati kundan kun rivojlanib borayotganiga qaramay, inson huquqlari necha asrlardan buyon barcha sohalarda dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Inson huquqlari va uning hosilalariga deyarli har sohada duch kelamiz.
Inson tug‘ilishi bilan va hatto tug‘ilmasdan oldinroq ham o‘z huquqlariga ega bo‘ladi, degan tushuncha hozirgi kunda barcha uchun tanish voqelikdir. Inson huquqlari o‘zi nima?
Bu haqda bir qancha g‘oyalar ilgari surilgan. Xususan, ba’zi manbalarda “Inson huquqlari – shaxsning hayotiy ehtiyoji, yashashi, kamolot topishi, uning jamiyat, davlat va boshqa shaxslar bilan aloqasi uchun zarur bo‘lgan xususiyatlaridir” deyilsa, boshqa manbalarda “Inson huquqlari – har bir insonning millati, yashash joyi, jinsi, etnik kelib chiqishi, tanasining rangi, dini, tili va boshqa belgilaridan qat’i nazar, ajralmas huquqlaridir. Barcha odamlar har qanday turdagi kamsitishlarni istisno qilgan holda, inson huquqlaridan bir xilda foydalanish huquqiga egadirlar. Ushbu huquqlar o‘zaro bog‘liq va ajralmasdir”, deb ta’rif beriladi.
Har bir individ birinchi navbatda inson demakdir. Uning tili, dini, ijtimoiy mavqei va boshqa xususiyatlari esa ikkinchi darajali belgilar hisoblanadi. Chunki bu huquqlarga ega bo‘lishi uchun inson bo‘lishning o‘zi yetarli.
Gap, albatta, insonning tabiiy huquqlari to‘g‘risida ketmoqda. Zero, har bir inson irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodidan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat’i nazar, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida e’lon qilingan barcha huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi zarur.
Bundan tashqari, mazkur Deklaratsiyada inson mansub bo‘lgan mamlakat yoki hududning siyosiy, huquqiy yoki xalqaro maqomidan, ushbu hudud mustaqilmi, vasiymi, o‘z-o‘zini idora qiladimi yoki boshqacha tarzda cheklanganligidan qat’i nazar, biron-bir ayirmachilik bo‘lmasligi kerakligi qayd etilgan.
Shu ma’noda, inson huquqlari – imkoniyatlar, demakdir. Inson huquqlari – inson dunyoga kelganidan to vafot etguniga qadar unga xizmat qiladigan ajralmas huquqiy qoidalar majmuidir.
Inson huquqlari, deganda – inson va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarni tushunish lozim. Chunki demokratik huquqiy davlatlarning asosiy belgilari mohiyatan insonlarning siyosiy huquqlari asosiga qurilgan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Siyosiy huquqlar – fuqarolarning jamiyat va davlat hayotidagi ishtirok etishga oid huquqlaridir. Bularga jamiyat va davlat boshqaruvida qatnashish huquqi, saylov huquqi, jamoat birlashmalariga uyushish, axborot erkinligi, davlat organlari, muassasalar yoki xalq vakillariga murojaat qilish huquqi kabilar kiradi. O‘zbekiston fuqarolarining siyosiy huquq va erkinliklari milliy qonunchiligimizda mustahkamlab qo‘yilgan.
Inson ijtimoiy kategoriyadir. Ijtimoiy munosabat, albatta, insonlar bilan mavjud. Bu munosabatlar davlatlar miqyosiga ko‘tarilib, siyosatni tashkil qiladi. Uning subyektlari sifatida keyinchalik nafaqat insonlar, balki davlat va xalqaro tashkilotlar namoyon bo‘ladi.
Dastavval ijtimoiy munosabatlar insonlar o‘rtasidagi muhitni tartibga solgan bo‘lsa, u takomillashib boradi va davlatlar hamda siyosiy tashkilotlarni qamrab oladi. Davlat ham insonlarsiz mavjud bo‘la olmaydi, bu uning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi.
Shunday ekan, mamlakatlar o‘z hududida istiqomat qiluvchi insonlarning farovon yashashlari uchun sharoit yaratib berishi kerak. Xususan, davlat siyosatida inson huquqlariga alohida e’tibor qaratilishi, shaxslarga imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilishi, inson huquqlari qat’iy himoya qilinishi zarur.
Inson huquqlari va siyosatshunoslik o‘zaro chambarchas bog‘liq. Ularni bir-biridan ayro tasavvur qilish qiyin. Aks holda bunday davlatlarda inson qadri tushadi, huquqlari poymol bo‘ladi, davlatdagi o‘rnatilgan tartib oxir-oqibat qulaydi. Bunga misol sifatida o‘tmishda quldorlik siyosati olib borgan davlatlarning ibratli taqdirini keltirish mumkin. Binobarin, inson huquqlari va siyosat o‘rtasidagi muvozanat barqaror bo‘lishi talab etiladi.
Ya’ni, “Inson huquqlari va siyosatshunoslik” mavzusidagi munozarada Berkli universiteti professori to‘g‘ri ta’kidlaganidek, agar biz inson huquqlarining ma’nosini ajratib olsak va bu tushunchalarning kamida bir qismini jamiyat hayotiga qanchalik tatbiq eta bilsak, ijtimoiy va siyosiy qarorlarda inson huquqlarini tushunish va amalga oshirish qamrovi shunchalik ortadi.
Xulosa qilib aytganda, insoniyat paydo bo‘lganidan buyon muayyan tarixiy taraqqiyot bosqichlarini boshidan o‘tkazib kelmoqda. Bu mas’uliyatli jarayonning ma’lum bir bosqichida siyosat orqali inson huquqlari davlatlar miqyosida va xalqaro darajada belgilab qo‘yilgan. Shu asnoda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish, o‘z navbatida, buzilgan huquqlarni tiklashga yo‘l ochilgan. Demak, bir tomondan, inson huquqlari siyosatning mevasi bo‘lsa, boshqa tomondan, siyosat inson huquqlarisiz mavjud bo‘la olmaydi.
Dilsora JALILOVA,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
“Tergov faoliyati” fakulteti 1-bosqich talabasi
- Qo'shildi: 25.04.2024
- Ko'rishlar: 1770
- Chop etish