YANGI O‘ZBEKISTON VA KONSTITUTSIYAVIY VATANPARVARLIK

Bugungi kunda butun insoniyat murakkab va og‘ir, qaltis va tahlikali, noaniq va omonat bir muhitda yashamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Jahonda nimalar bo‘layotganini siyosatdan uzoq odam ham bilyapti”.

Chindan ham, dunyoda yuzaga kelayotgan muammolar ko‘p, ammo ularning yechimlari yo‘q. Xalqaro maydonda muvozanat buzildi. Xalqaro huquqqa rioya etilmayapti, aksincha, bu borada “yangicha”, ya’ni nomaqbul tartib-taomillarni qo‘llashgacha borilmoqda.

Sayyoramiz miqyosidagi beqarorlik shu darajaga yetdiki, hatto bir-birini yaqin-yaqinlargacha do‘stu hamkor hisoblab kelgan davlatlar o‘rtasidagi ishonchga ham putur yetmoqda. Davlatimiz rahbari tashvish bilan qayd etganlaridek, ertaga dunyodagi bu notinchlik ko‘lami qayergacha kengayishini, afsuski, hech kim bilmaydi.

Ushbu ochiq va achchiq mulohazalardan barchamiz saboq chiqarishimiz, aniq xulosalarga kelishimiz shart. Bugun yer yuzida sodir bo‘layotgan turli notinchliklar, birinchidan, ana shu voqea-hodisalarga befarq va loqayd bo‘lmasdan, xalqaro maydonda ogoh, hushyor va sergak tarzda faoliyat olib borishimizni taqozo etsa, ikkinchidan, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyoti, Vatanimiz tinchligi va obodligi, xalqimiz baxti va farovonligini ta’minlashga, bu yo‘lda jamiyatimizni birdamlik, hamjihatlik va bunyodkorlikka chorlaydi. Eng muhimi — bu har birimizni konstitutsiyaviy vatanparvar bo‘lishga undaydi.

 

Konstitutsiyaviy vatanparvarlik nima?

Bu savolga mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy islohotlar misolida javob berish mumkin.

Konstitutsiyaviy vatanparvarlik — bu tashabbuskorlik, daxldorlik, mas’uliyat, Konstitutsiya va qonunlarga itoatkorlik, konstitutsiyaviy madaniyat va konstitutsiyaviy e’tiqod, sadoqat va jasorat.

Konstitutsiyaviy vatanparvarlik, bir tomondan, xalqimizni tom ma’noda jipslashtiradigan muhim omil, ikkinchi tomondan, mamlakatimizda fuqaro va inson huquqlari himoyasining o‘ziga xos huquqiy garovidir. Qolaversa, butun dunyo tobora globallashib borayotgan hozirgi tahlikali sharoitda konstitutsiyaviy vatanparvarlik milliy o‘zligimizni anglashni kuchaytirish, Vatanimiz, xalqimiz, millatimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shadigan salmoqli ulushini yanada oshirish imkoniyatini beradi.

Ma’lumki, huquqiy davlatchilik sari intilgan har qanday demokratik jamiyatda Konstitutsiya ustuvor ahamiyat kasb etadi. Konstitutsiya insoniyatning ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish va tashkil etish borasida bashar ahli kashf etgan eng muhim huquqiy qadriyatlardan biridir.

Konstitutsiya o‘z-o‘zicha, ya’ni alohida, jamiyatdan ajralgan holda mavjud bo‘lishi mumkin emas. Demakki, Konstitutsiyani dogma, ya’ni qotib qolgan normalar yig‘indisi deb bo‘lmaydi. Beshinchi  Fransiya Respublikasining asoschisi general Sharl Andre de Goll ta’biri bilan aytganda, “Konstitutsiya bemalol o‘zgartirilishi mumkin. Uni mo‘miyodek qotirib qo‘yish kerak emas”.

Konstitutsiya — doimo harakatdagi muhim siyosiy-huquqiy hujjat. Ya’ni, u hayot jo‘shqinligi va o‘zgarishlarini o‘zida yaqqol aks etiradi. Hozirgi kunda konstitutsiyaviy vatanparvarlikni shakllantirish – ustuvor vazifa.

Shu ma’noda, bir tomondan, Harakatlar strategiyasi Yangi O‘zbekistonning konstitutsiyaviy qiyofasiga asos bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish vazifasini kun tartibiga qo‘ydi.

 

Zaruriyat, tashabbus, daxldorlik va mas’uliyat

2021 yilgi O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chog‘ida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lgan muhim taklif — konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.

Eng muhimi, ushbu tashabbus aynan saylovchilar, jumladan, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy-madaniy markazlar faollari — mamlakat aholisining turli qatlamlari vakillari tomonidan ilgari surildi. Bu esa Prezidentimizning Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasidagi demokratik islohotlar siyosati keng qo‘llab-quvvatlanayotganidan,  saylovchilar islohotlar tarafdori ekanligidan, ularni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdorligidan dalolatdir. Qolaversa, bu tashabbus 2021-yilda erkin va demokratik, ochiq va oshkora, sog‘lom raqobat va siyosiy kurash muhitida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi tom ma’noda mamlakatimiz o‘zi tanlangan demokratik barqaror taraqqiyot yo‘lidan hech qachon ortga qaytmasligini isbotlab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimidagi nutqida O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar zarurligi alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining 2022-yil 20-may kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga oid choralarni ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Saylovchilarning xohish-istaklarini chuqur o‘rgangan holda, O‘zbekiston Prezidenti konstitutsiyaviy islohotlar zaruriyatiga alohida urg‘u berdi.

Shu munosabat bilan mutaxassislar oldiga konstitutsiyaviy rivojlanishda milliy, xorijiy va xalqaro tajribani o‘rganish vazifasi qo‘yildi. Deputat va senatorlardan ushbu masalaga e’tibor bilan yondashib, uni o‘rganish va aniq takliflarni ishlab chiqish so‘raldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 29-yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigida Konstitutsiyani yangilashdek g‘oyat muhim, strategik vazifani hal etishda biz yetti marta emas, yetmish marta o‘ylab, xalqimiz bilan har tomonlama maslahatlashgan holda, yurtimiz va jahondagi ilg‘or konstitutsiyaviy tajribalarni chuqur o‘rganib, aniq qaror qabul qilishimiz zarurligiga e’tiborni qaratdi. Prezidentimiz saylovchilarning amri va xohish-istaklariga, tez sur’atga ega demokratik o‘zgarishlar ehtiyojlariga asoslangan konstitutsiyaviy islohotlarning 9 ta ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz aholisining keng qatlami konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy tashabbuskori bo‘lib maydonga chiqqan bo‘lsa, yurtboshimiz konstitutsiyaviy islohotlarning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisiga aylandi. Ya’ni, xalqimiz va Prezidentimiz konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusi bilan chiqib, chinakam konstitutsiyaviy vatanparvarlik namunasini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi.

Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidagi alohida bir fasl  aynan “Konstitutsiyaviy islohotlar — Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi obyektiv zarurat”, deb nomlangan. Unda saylovoldi uchrashuvlari paytida xalq bilan muloqot jarayonida o‘rtaga tashlangan muhim taklif va tashabbuslar, bugungi taraqqiyotimiz va istiqbol rejalariga oid xulosalar o‘z aksini topgan.  Konstitutsiyaviy islohotlarning zarurati asoslab berilgan, ayni islohotlarni amalga oshirishning tub sabablari va maqsadlari birma-bir sanab o‘tilgan. Kitobda qayd etilganidek, “Taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topayotgan, adolatli va xalqparvar davlat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalarni amalga oshirish uchun, avvalo, yangi konstitutsiyaviy makon hamda yanada mustahkam qonunchilik bazasi kerak bo‘lishi tabiiydir”.

Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 1-may kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi referendumi yakuniy natijalariga bag‘ishlangan majlisi va shu mavzudagi brifingda  qayd etilganidek, referendumda saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga 19 million 722 ming 809 nafar ovoz beruvchi fuqarolar kiritilgan. Referendumga qo‘yilgan masala bo‘yicha “ha” deb javob berganlar soni 15 million 34 ming 608 nafarni tashkil etgan.

Boshqacha aytganda, konstitutsiyaviy islohotlarni natijadorlik bilan yakunlash borasida O‘zbekiston xalqi va Prezidenti o‘zlarining Vatanimiz taqdiriga birdek daxldorligini — ruhi bedorligi va qalbi uyg‘oqligini namoyon etdi. Bu ham konstitutsiyaviy vatanparvarlikning o‘ziga xos yorqin namunasidir.

Qonunni qabul qilish — ishning yarmi, uning ijrosini tashkil etish va ta’minlash qolgan yarmidir, deydilar. Bu naql Konstitutsiyaga ham taalluqlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining avvalgi tahriri 1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston xalqi nomidan “vakolatli vakillari timsolida”, ya’ni parlament a’zolari — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari tomonidan qabul qilinganini bilamiz. Bundan farqli ravishda, 2023-yil 30-aprel kuni mamlakatimiz Asosiy Qonunining yangi tahririni “yagona O‘zbekiston xalqi” bevosita umumxalq referendumida — to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda uning mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi, butun mamlakat hududida yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yildi. Eski tahrirdagi matnda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashga doir ushbu mexanizmlar mavjud emasdi.

 

O‘zbekiston Prezidenti — Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasining kafili

Referendumdan bir hafta o‘tib, 2023-yil 8-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu tarixiy hujjat yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni Yangi O‘zbekiston ulug‘vor g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish, fuqarolar o‘z hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini ta’minlash maqsadlariga qaratilgan.

Farmonda belgilanganidek, “yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi”.

Bundan tashqari, Prezidentimiz 2024-yil 2-fevralda “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Unga muvofiq, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari tasdiqlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirishga kirishildi.

 So‘nggi yillarda Millat Sardori tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonning uchta strategik dasturi ishlab chiqildi. Bular — 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasidir. Birinchisi to‘la bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga teran tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal strategiyalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda e’lon qilingan huquq va erkinliklar, vakolat va kafolatlarni tom ma’noda ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.

Bularning barchasi, O‘zbekiston Prezidentining o‘z konstitutsiyaviy vazifa va vakolatlariga nihoyatda ulkan mas’uliyat bilan yondashayotganini tasdiqlaydi. Bu ham, albatta, yuksak konstitutsiyaviy vatanparvarlik timsolidir.

 

Konstitutsiyaviy madaniyatni shakllantirish — davr talabi

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, har qanday qonun avvalo uni bilish va hurmat qilish, unga so‘zsiz rioya etish orqali tom ma’noda qonuniylik kasb etadi. Konstitutsiyaning normalarini ham aynan ana shu ongli itoatkorlik harakatga keltiradi.

Bu, avvalambor, mansabdor shaxslarning ham, fuqarolarning ham Konstitutsiyani bilishlarini qat’iy talab etadi. Yuksak huquqiy madaniyat bo‘lmas ekan, Konstitutsiyaning boy salohiyatini to‘liq amalga oshirish mumkin emas. Ammo, Konstitutsiyani bilishning o‘zi bilan ham kifoyalanib bo‘lmaydi. Shu bois jamiyatda konstitutsiyaviy madaniyatni shakllantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Ulug‘ mutafakkir Abu Nasr Forobiy ta’kidlaganidek, bilim yaxshi xulq-atvor bilan bezatilgan bo‘lishi lozim. Demak, huquqiy bilim va konstitutsiyaviy xulq-atvorni o‘zaro mujassam etgan holda, Konstitutsiya normalari har bir shaxs va butun jamiyat hayotiga chuqur tatbiq etilishi darkor.

Binobarin, Konstitutsiya — davlat hokimiyati oliy organlari tizimini, ularni tashkil etish tartibi va vakolatlarini belgilab beradigan hamda fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini mustahkamlaydigan  shunchaki bir nizom emas. Konstitutsiya — alohida huquqiy maqomga ega oliy darajadagi hujjat, jamiyat va davlat o‘rtasidagi o‘ziga xos noyob jamoatchilik shartnomasidir. Chunki fuqarolar aynan shu Asosiy qonun negizida tegishli davlat organlariga hokimiyatni boshqarish vakolatini ishonib topshiradilar.

Konstitutsiya ajralmas ijtimoiy qadriyatlarni, ochiq, adolatli, demokratik jamiyat uchun tayanch bo‘lib xizmat qiladigan g‘oyalarni, shuningdek, davlatni taraqqiy ettirishning ustuvor maqsadlarini o‘zida ifoda etadi. Konstitutsiyaviy madaniyatni rivojlantirish negizi bo‘lgan ana shu konstitutsiyaviy vositalar, ya’ni konstitutsiyaviy qoidalarni atroflicha o‘rganish hamda teran tafakkur qilish orqali inson o‘zligini qayta kashf etadi.

Bu o‘rinda INSONning Konstitutsiyada kafolatlangan o‘z huquqlari va erkinliklari, qonuniy manfaatlari va majburiyatlarining tom ma’nodagi egasi sifatida namoyon bo‘lishi haqida so‘z bormoqda. Zero, konstitutsiyaviy vatanparvarlik xuddi shu asosda shakllanadi va ayni huquqiy fazilat inson kamolotining yorqin ko‘rstkichlaridandir.

 

Konstitutsiyaviy e’tiqod — vatanparvarlik asosi

Konstitutsiyaviy vatanparvarlik tushunchasining tub mazmun-mohiyati shuki, bunda fuqarolar o‘z Vatani va xalqini, uning tarixi, madaniyati, azaliy qadriyatlari va huquqiy an’analarini faqat sevish hamda hurmat qilish bilangina cheklanib qolmaydi, balki zimmasidagi konstitutsiyaviy majburiyatlarni halollik va ulkan mas’uliyat bilan ado etish orqali Konstitutsiyada qayd etilgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish ishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishga intiladi.

Bevosita amaldagi huquqiy hujjat sifatida Konstitutsiyaning har bir qoidasi, so‘zi hamma uchun amaliy harakatlar dasturi bo‘lishi zarur. Konstitutsiyani hayotga tatbiq etish nafaqat davlat idoralari va mansabdor shaxslarning vazifasi, balki har bir fuqaro va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy burchidir. Konstitutsiya talablarini bajarish, ularga so‘zsiz va qat’iy rioya qilish har bir insonning e’tiqodiga aylanmog‘i lozim.

Konstitutsiyaviy vatanparvarlik bilan huquqiy madaniyat targ‘iboti uzviy bog‘liqlikda, shuningdek, yoshlarning huquqiy ma’rifati, tarbiyasi va ta’limini kuchaytirish yo‘li bilan olib borilishi ayni muddaodir. Bu jarayonda oilalar, maktab, mahalla, jamiyat va davlatning sa’y-harakatlarini faqat konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni o‘rganish doirasi bilan cheklab qo‘ymasdan, aksincha, konstitutsiyaviy burch va majburiyatlar, Konstitutsiya va qonunlar ijrosi bo‘yicha yuridik javobgarlik va mas’uliyatga oid bilimlarni, yuksak axloq-odobni tarbiyalashga qaratilgan ma’naviy qadriyatlarni o‘zlashtirishga ham yo‘naltirish taqozo etiladi.

Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng aholiga atroflicha sharhlab va tushuntirib borish davr talabidir.

 

Konstitutsiyaviy vatanparvarlik — sadoqat va jasorat

Aksriyat hollarda ushbu ikki muhim tushuncha o‘ta tor doirada talqin qilinadi. Ya’ni, “sadoqat” so‘zi maishiy mazmunda qanchalik ko‘p qo‘llanilsa, “jasorat” so‘zining harbiylarga xos atama sifatida qabul qilinishi holatlari shunchalik ko‘p uchraydi.

Bu, o‘z navbatida, sadoqat faqat oilaviy munosabatlarda bo‘lishi, jasorat esa harbiylar tomonidangina ko‘rsatilishi kifoya, degan tor tushunchani keltirib chiqaradi. Bunday yondashuv mutlaqo noto‘g‘ri, yanada yomoni, ziyonkordir. Aslida, agar “sadoqat” so‘zining ma’nosi va tarixiga nazar solinsa, Alisher Navoiy hazratlari o‘z asarlarida uni rost gapiruvchi, to‘g‘ri aytuvchi, vafodor kabi turli ma’nolarda qo‘llagani ko‘rinadi. Bu tushunchaning hozirgi zamonga xos mazmuni “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da do‘stlik, birdamlik, samimiylik so‘zlari bilan izohlangan. “Jasorat” so‘zi – mardlik, qo‘rqmaslik, shijoat, qahramonlik, botirlik, dovyuraklik ma’nolarini beradi.

Muxtasar aytganda, “sadoqat” va “jasorat” tushunchalarining ma’no qamrovlari nihoyatda keng va salmoqli. Bu fikrni yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz matni bilan uzviy bog‘liqlikda ham ko‘rish mumkin.

Xususan, Asosiy qonun Muqaddimasida “inson  huquq  va  erkinliklariga,  milliy  va  umuminsoniy  qadriyatlarga,  davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda e’lon qilib”, degan jumla bor. Ya’ni “sodiqligimizni” so‘zi ishlatilgan ushbu iborada xalqimiz mazkur Konstitutsiyani qabul qilishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga birdek sadoqat bilan tayanganligiga oid ustuvor qadriyatga ahamiyat qaratilgan.

Shunday ekan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini hayotimizga teran tatbiq etish uchun har birimizdan, albatta bemisl sadoqat va jasorat ko‘rsatish talab etiladi. Ulug‘ alloma ajdodimiz Bahouddin Naqshband hazratlarining “Har doim qo‘ling – ishda, qalbing – Ollohda bo‘lsin!”, degan purhikmat nasihati zamirida ham, aslida, aynan sadoqat va jasoratga, bugungi davr tili bilan aytganda, konstitutsiyaviy vatanparvarlikka da’vat o‘z ifodasini topgan.

Xulosa o‘rnida muhtaram Prezidentimizning yaqinda keng jamoatchilik bilan muloqotida aytgan — konstitutsiyaviy vatanparvarlikning yuksak namunasi bo‘lgan mana bu otashin va haqqoniy so‘zlarini keltiraman:

“Men umrimni shu xalqqa tikkanman!

Xudo menga sog‘liq berib, umr bersa, bizda kambag‘allik va ishsizlik bo‘lmaydi. Nimaga desangiz, bunga men yetti yil umrimni tikdim.

Tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim.

Xalqim yaxshi yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari baxtli bo‘lsin, nevaralari sog‘lom tug‘ilsin, maktabi ishlasin, yo‘llari ravon bo‘lsin deb ishga keldim”.

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

«Xalq so‘zi» gazetasining 2024-yil 30-aprel kungi 83 (8706)-soni

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech