Qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha to‘rt kunlik trening boshlandi

30-aprel kuni Toshkent viloyatida “Nelson Mandela qoidalari” xalqaro o‘quv dasturi bilan tanishish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmasi asosida qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish” mavzusida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha to‘rt kunlik o‘quv kursining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘quv kursi 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan YEXHT loyihalarini O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasida o‘tkazilmoqda. Treningdan maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tizimidagi jazoni ijro etish muassasalari vakillarini qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha xalqaro standartlar bilan tanishtirishdan iborat.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir”. Trening davlatimiz rahbarining ana shu qat’iy talablarini amalda tatbiq etish uchun o‘tkazilmoqda.

Trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) Inson huquqlari bo‘limi boshlig‘i Andrea Xuber, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori Murod Turg‘unov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti podpolkovnigi Burxonxo‘ja Akromov so‘zga chiqdi.

A.Saidov Yangi O‘zbekistonda qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Bugungi kunda shafqatsiz muomala va qiynoqlarning taqiqlanishi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarda ham, dunyo davlatlarining milliy qonunchiligida ham e’tirof etilgan. Xususan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, hech  kim  qiynoqqa  solinishi,  zo‘ravonlikka,  boshqa  shafqatsiz,  g‘ayriinsoniy  yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.

Yurtimizda fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etish hamda ularni himoya qilish uchun zarur qonunchilik va institutsional, ta’lim va monitoring asoslari yaratilgan. Insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishini nazorat qilish tizimi shakllantirilgan. Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro va mintaqaviy mexanizmlari, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida tizimli va izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Nelson Mandela qoidalari YEXHT bilan hamkorlikda o‘zbek tiliga tarjima qilingani va chop etilganini qayd etish lozim. Qolaversa, har yili Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti xodimlari va boshqa mas’ullar uchun «Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari» mavzusida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib  kelinmoqda.

Trening doirasida Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari va ushbu qoidalarga kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga e’tibor qaratiladi. Tegishli huquqbuzarliklarni aniqlash, mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va ko‘nikmalarini shakllantirish masalasi alohida diqqat markazida bo‘ladi.

O‘z navbatida, YEXHT DIIHB Inson huquqlari bo‘limi boshlig‘i Andrea Xuber bugungi kunda mahkumlarning jamiyatga qayta integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash ayni jarayonda amaliy va maqsadli faoliyat bilan shug‘ullanadigan shaxslarning mas’uliyati, bilimi va ko‘nikmasiga bog‘liqligini ta’kidladi. Shu ma’noda, Nelson Mandela qoidalari mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va ko‘nikmalarini shakllantirishda eng yaxshi qo‘llanmalardan biri hisoblanadi.

Antti Karttunen o‘z nutqi avvalida bugungi tadbir YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘zaro hamkorlikda o‘tkazib kelayotgan tadbirlarning davomi ekaniga e’tiborni qaratdi. A.Karttunen bu boradagi yaqin hamkorlik uchun chuqur minnatdorchilik bildirar ekan, O‘zbekistonda qiynoqqa qarshi qurashish, mahkumlar huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori M.Turg‘unov hamda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti podpolkovnigi B.Akromovning ma’ruzalari tinglandi. Ma’ruzachilar, jumladan, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil iyun oyidagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uni bajarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da ham inson huquqlarini himoya qilish va qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha institutsional mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilanganini qayd etdilar.

YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi tomonidan treningga jalb qilingan inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar Azamat Shambilov va Annet Varman tadbir ishtirokchilariga bu boradagi ilg‘or tajriba va ko‘nikmalar bo‘yicha foydali hamda qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech