“Yoshlar – Uchinchi Renessans bunyodkorlari!”

Bu hayotbaxsh chaqiriq 6-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov va G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori Q.Abdurahmonov bilan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yangradi.

Akademiklarning o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan muloqoti avvalida taraqqiyotimiz dasturi bo‘lmish “O‘zbekiston–2030” strategiyasida ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi maqsad va rejalar belgilab olingani haqida fikr yuritildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalash barchamizdan katta kuch-g‘ayrat, azmu shijoat bilan mehnat qilishni talab etadi.

O‘zbekiston Prezidenti shunday sharafli vazifani ado etishda shaxsiy namuna ko‘rsatib, mamlakatimizdagi yosh avlod, ayniqsa, iste’dodli va iqtidorli yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida hammamiz uchun o‘rnak bo‘lmoqda. Binobarin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani bejiz emas.

  Jonkuyar pedagog – akademik, iqtisod fanlari doktori, professor Qalandar Abdurahmonov aynan shu maktab bitiruvchisi sanaladi. Bu yerda o‘tkazilgan qiziqarli muloqot asnosida akademik Akmal Saidov maktabda Qalandar Abdurahmonovning faoliyati va hayot yo‘li haqida so‘zlovchi mo‘jaz muzey tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu tashabbus Chiroqchi tuman hokimi Fayzulla Yusupov va boshqa mas’ullar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuv yakunida akademiklar maktab kutubxonasi uchun kitoblar sovg‘a qilishdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech