“Tarixdan ma’lum, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ana shu haqqoniy fikrlari 6-may kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori Qalandar Abdurahmonov bilan bo‘lgan jonli muloqotning asosini tashkil etdi.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov bilan o‘z vaqtida hamfikr va hamnafas bo‘lgan, zamondosh, ham ijodiy, ham siyosiy faoliyatida chambarchas hamkorlik qilgan mehmonlar – ikki akademik ishtirokidagi uchrashuv samimiy ruhda va savol-javob shaklida bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda adabiyotga yuksak e’tibor berilayotgani, bevosita Prezidentimiz tomonidan adabiyot ahliga har tomonlama g‘amxo‘rlik qilinayotgani muloqot asnosida yuqori baholandi. Yurtimizning turli hududlarida ulug‘ adiblar nomi bilan ijod maktablari ochilgani va samarali faoliyat yuritayotgani bunga yaqqol misoldir. Xususan, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari erishayotgan yutuqlar e’tirof etildi.
Yoshlar bilan muloqot asnosida Qalandar Abdurahmonov shoir Abdulla Oripov haqidagi "Buyuklar kahkashonida" kitobining qog‘ozga tushishi jarayonlari haqida so‘zlab berdi. Akmal Saidov "O‘zbekiston – dilbar Vatanim", "Sen bahorni sog‘inmadingmi?" kabi kitoblarida qayd etilgan daho shoir bilan bog‘liq xotiralarga to‘xtaldi.
Sevimli shoirimiz asarlarining yaratilishi jarayonlari, jumladan, Dante Aligeri qalamiga mansub "Ilohiy komediya" dostoni "Do‘zax" qismining tarjima qilinishi tarixiga oid hikoyalar o‘quvchilarni befarq qoldirmadi. Yoshlar Abdulla Oripov shaxsi, hayoti va ijodi haqida ilgari o‘zlari o‘qimagan, eshitmagan qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etishgani uchun har ikki taniqli olimga minnatdorchilik izhor etdilar.
Ijodkor o‘quvchilar Abdulla Oripovning "O‘zbekiston – Vatanim manim" she’rini ingliz, nemis, rus, turk, tojik tillarida o‘qib berishdi. Navqiron avlod vakillarining o‘z iqtidori va iste’dodini namoyon etish borasidagi astoydil sa’y-harakatlari mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Uchrashuv so‘ngida akademiklar ijod maktabi kutubxonasiga 50 dan ortiq o‘zbek va jahon adabiyotiga oid kitoblar jamlanmasini tuhfa etishdi.
O‘z navbatida, mehmonlarga o‘quvchilarning ijodiy ishlari jamlangan 2 ta she’riy bayoz hamda Abdulla Oripov she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar diski sovg‘a qilindi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ubaydulla Oripov va Xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Nilufar O‘taganova ham ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.05.2024
- Ko'rishlar: 1547
- Chop etish