Nelson Mandela qoidalari: qiynoqlarga yo‘l qo‘yilmaydi

Yurtimizda inson huquqlari, qadr-qimmati, sha’ni har narsadan ulug‘.

Garchi odam bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, sud hukmi bilan jazoga tortilgan shaxs bo‘lsa-da, unga qonun doirasidan chiqib muomala qilishga hech kimning haqqi yo‘q.

So‘nggi yillarda mazkur masalaga yanada jiddiy e’tirof qaratilib jazoni ijro etish muassasalarida mutasaddi idoralar vakillari monitoring o‘tkazishyapti. Ular mahkumlar bilan yakka va umumiy tartibda suhbatlashishmoqda. Qolaversa, soha xodimlari bilan qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda.

Yaqinda Toshkent viloyatida Nelson Mandela qoidalari xalqaro o‘quv dasturi asosida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha to‘rt kunlik seminar-trening tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad IIV huzuridagi JIED tizimidagi muassasalarning mas’ul xodimlarini qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha xalqaro standartlar bilan tanishtirishdan iborat edi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti hamkorligida tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida “Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir” -deya ta’kidlagan edilar. O‘tkazilgan trening ham Prezidentimizning ana shu qat’iy talablarini amalda tatbiq etishga qaratildi.

Seminarning dastlabki kunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi bo‘lim boshlig‘i Andrea Xuber, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalan muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori Murod Turg‘unov va boshqalar so‘zga chiqib, mavzu doirasida o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Trening doirasida Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari va ushbu qoidalarga kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga e’tibor qaratildi. Mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va ko‘nikmalarini shakllantirish masalasi alohida diqqat markazida bo‘ldi.

Burxonxo‘ja AKROMOV, podpolkovnik.

«Postda-Na postu» gazetasining 2024-yil 9-may kungi 19 (4661)-soni

Powered by GSpeech