Qozog`iston Respublikasi, Qirg`iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston Respublikasi va O`zbekiston Respublikasi hukumatlari vakillari o`z mamlakatlari barcha bolalarning tug`ilganida ro`yxatga olinishini ta`minlash tarafdori ekanligini yana bir bor tasdiqlash uchun Toshkent shahrida uchrashdilar. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar qildi.
Mamlakatimiz poytaxtida fuqarosizlikka barham berish bo`yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasida o`zaro hamkorlikdagi sa`y-harakatlarni kuchaytirishga bag`ishlangan mintaqaviy konferensiya bo`lib o`tdi. Ushbu tadbir BMTning Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha agentligi tomonidan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Fuqarosizlik, ya`ni fuqarolikka ega emaslik – hech bir davlat muayyan shaxsni o`z fuqarosi deb tan olmaydigan holat. Bu muammo butun dunyo bo`ylab millionlab insonlar, jumladan, faqat Markaziy Osiyoning o`zidagina 37 mingdan ortiq kishining taqdiriga ta`sir ko`rsatmoqda.
Fuqaroligi bo`lmagan shaxslar aksariyat hollarda ta`lim olish, munosib ishga joylashish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va erkin harakatlanish kabi asosiy huquqlardan mahrumdir. Shu ma`noda, bolaning tug`ilganligi holatini ro`yxatga olish uning huquqiy maqomini ta`minlaydigan va kelgusida jamiyat taraqqiyotida faol ishtirok etish imkonini beradigan dastlabki va eng muhim qadamdir.
Bu huquqiy maqomga ega bo`lgan shaxslar soliq hamda sog`liqni saqlash va ijtimoiy sug`urta badallarini qonun doirasida to`lash imkonidan foydalanadi. Qolaversa, o`z hamjamiyatlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo`shadi.
– Biz ushbu konferensiyani o`tkazayotganimizdan va mintaqaviy anjuman ishtirokchilarini mamlakatimizning fuqarosizlikka barham berish maqsadida bolalarning tug`ilganligi holatini ro`yxatga olish borasidagi samarador amaliyoti bilantanishtirayotganimizdan faxrlanamiz, – dedi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazidirektori Akmal Saidov. – Milliyqonunchilikka 2018 yili yurtimizda tug`ilgan barcha bolalar uchun tug`ilganlikni qayd etishni kafolatlovchi o`zgartirishlar kiritildi. Natijada so`nggi besh yilning o`zida fuqaroligi bo`lmagan shaxslar soni 75 foizdan ko`proqqa qisqarishiga erishdik.
Konferensiya ishtirokchilari tug`ilishni qayd etish uchun mas`ul yoki bu ish bilan bevosita shug`ullanadigan milliy ma`muriyatlar vakillaridan iborat ekani tahsinga loyiq. Bu o`rinda, jumladan, mintaqamiz mamlakatlarining tashqi ishlar, ichki ishlar va adliya vazirliklari, shuningdek, inson huquqlari bo`yicha milliy institutlari hamdaxalqaro tashkilotlar vakillari tadbirda faol qatnashgani haqida so`z bormoqda.
BMTning O`zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Ashita Mittal ta`biri bilan aytganda, “Hammani shaxsini tasdiqlaydigan yuridik hujjatlar bilan ta`minlash, shu jumladan, bolalarga ularning tug`ilganligi haqida rasmiy qaydnoma taqdim etish masalasi 2030 yilgacha mo`ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarida mustahkamlab qo`yilgan”.
Ashita Mittal xonimning e`tirof etishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarining fuqarosizlik holatlarini kamaytirish va yo`qotish bo`yicha sa`y-harakatlari muhim natijalar berganligini BMT yuqori baholaydi.Binobarin, bu yutuqlar majburiy ko`chirilgan va fuqaroligi bo`lmagan insonlarning chetda yolg`izlanib qolmasligi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga munosib hissa qo`shishi uchun xizmat qiladi.
Konferensiyada 2014 yili BMTning Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan fuqarosizlikka barham berish uchun #IBelong global kampaniyasiga start berilgani ta`kidlandi. Joriy yilda yakuniga etayotgan mazkur o`n yillik kampaniya butun dunyo davlatlarida fuqarosizlikni kamaytirish va yo`qotish bo`yicha sa`y-harakatlar izchil kuchayishiga turtki bo`ldi.
Darakchi.uz
- Qo'shildi: 21.05.2024
- Ko'rishlar: 1425
- Chop etish