Muborakbod

Ortda qolgan yil mamlakatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayoti uchun muhim yangiliklar, voqea, hodisalarga boy bo‘ldi. Jumladan, 2023-yil  22-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot hamda san’at namoyandalari, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlar va hokimlar ishtirok etdi. Anjumanda qilingan ishlarga yakun yasalib, galdagi vazifalar belgilandi. Jabhaning ko‘psonli zahmatkash  xodimlari:  ma’naviyat va madaniyat faollari, olimlar, muallimlar, adib va san’atkorlar mehnati munosib baholandi.

Darhaqiqat, ular xalqimizning madaniyatini yuksaltirish, milliy istiqlol ma’naviyatini shakllantirish ishiga o‘z ijodlari bilan muhim hissa qo‘shmoqdalar. Mana bir misol. Kuni kecha qo‘limizga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, betakror she’rlari va tarjimalari  bilan tanilgan, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi G‘ulom Mirzoning yaqinda “Mashrab” nashriyoti tomonidan chop etilgan olti jildlik asarlar to‘plami qo‘limizga tushdi.  Shuni qayd etish kerakki, G‘ulom Mirzo (G‘ulom Mirzayev) 1964-yil 4-yanvarda Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumaniga qarashli Xushvaqt qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Uning «Yaxshiyam siz borsiz», «Otamning bog‘i» va boshqa she’riy to‘plamlari, qator ijtimoiy-siyosiy mavzudagi kitob va risolalari  nashr etilgan.

G‘ulom Mirzoni tanisak, matbuotda e’lon qilinayotgan asarlarini o‘qib borsak-da, uning sermahsul va boshqalarga o‘xshamas yozuvchi va shoirligini yaxshi bilmas ekanmiz. Shuning uchun uning ohori to‘kilmagan kitoblarini olib, hayratlanib, quvondik.

G‘ulom Mirzoning mazkur kitoblari to‘g‘risida so‘z yuritishdan oldin, uning badiiy ijodi adabiyotshunos olimlar tomonidan hozircha yaxshi o‘rganilmagan, vaholanki buni vaqti yetdi, deb o‘ylashimizni aytmoqchimiz.

Olti jildlikning birinchi ikki (“Taayyun raqamlari” va “Oyparast dil”) kitobida, asosan shoirning XX va I asrlarda yozilgan ko‘plab turli vaznlardagi she’rlari  joy olgan. She’rlarning tahlili bilan shug‘ullanmasdan (chunki bu haqda akademik Akmal Saidovning so‘zboshisida batafsil va ishonchli tarzda aytilgan) faqat ularning mavzu va vazn nuqtayi nazaridan rang-barang, mazmun jihatidan boy va purma’no  ekanligini  ta’kidlamoqchimiz. G‘ulom Mirzo she’rlarining aksariyatiga qisqalik, aniqlik va ravonlik xosdir. Ularning boshqa fazilatlari haqida so‘zboshida o‘rinli aytilgan.

G‘ulom Mirzo  asarlari to‘plamining “Ey, darvesh” nomli uchinchi kitobiga yozuvchi “Zulmni yenggan mazlumlar qissasi” deb izoh bergani bejiz emas. Nasrda bitilgan bu asarda adib sobiq sho‘rolar hukmronligi davrida soxta ravishda “xalq dushmani”ga  aylantirilgan oddiy insonlar – shoirning  bobosi va otasining ayanchli qismati to‘g‘risida hikoya qiladi.

Haqiqiy hujjat va dalillar asosida yozilgan qissaning bosh qahramonlari zulmkorlarning hiylayu nayranglari va qiynoqlariga chidab, o‘z iymonlari, diniy e’tiqodlaridan kechmaganlari borasida yozadi. “Men, — degan edi iymon-e’tiqodli Mirza bobo tribunaldagi so‘nggi so‘zida,  — doim shu el uchun diniy xizmatda bo‘ldim va hech kimga hech  qanday yomonligim tegmagan”. Yozuvchining bobosi va otasiga nisbatan adolatni tiklash uchun qilgan sa’y-harakatlari samarasida unga ko‘mak bergan tashkilot hamda insonlar to‘g‘risida yozgan iliq satrlari ham diqqatga sazovordir. Ha, ushbu hujjatli qissa har jihatdan ibratli, katta tarbiyaviy ahamiyatga molik asar.

To‘plamga kirgan to‘rtinchi va beshinchi jildlar G‘ulom Mirzoning tarjimonlik san’ati ham yuqoriligidan dalolat beradi. Kitobxon ular orqali G‘arbu Sharq va Lotin Amerikasi mamlakatlari adabiyoti namunalari bilan tanishadi, o‘zi uchun yangi yozuvchi va shoirlarni kashf etadi. Buning hozirgi zamonda yashab turgan adabiyotshunos olimlar, talabalar va, umuman, o‘qimishli, madaniyatli kishilar uchun naqadar muhim ahamiyatli ekanligini tushuntirish uchun zarurat yo‘q, deb o‘ylaymiz.

G‘ulom Mirzo o‘z asarlari to‘plamining oltinchi kitobini “Jondan aziz xotiralar” deb nomlagan. Bu bejiz emas. Unda yozuvchining zabardast ustozlari:  atoqli shoir, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov hamda adib va olim G‘aybulloh as-Salom haqidagi xotiralari e’lon qilingan.  Ularning har ikkalasi ham adabiyotimiz va ilm- fanimizga ulkan hissa qo‘shgan,  ko‘plab yosh yozuvchi va olimlarga ustozlik qilgan insonlardir. Ularning asarlari va amaliy ishlari bilan yetarlicha tanish bo‘lmagan kitobxonlar mazkur xotiralarni o‘qigach, yuqoridagi fikrimiz to‘g‘riligiga ishonch hosil qiladilar.

Xullas, G‘ulom Mirzo, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan   “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan 2024-yil va o‘zining oltmish yoshligiga arzigulik sovg‘a hozirladi. Ushbu olti jildlikning tayyorlanishi va dunyo yuzini ko‘rishida mas’ul muharrirlik qilgan va sermazmun so‘zboshilar bilan qatnashgan akademik Akmal Saidovning xizmatlari kattaligini ta’kidlash joizdir.

Biz do‘stimiz G‘ulom Mirzoni ushbu sanalar va olti kitobdan iborat asarlari to‘plami bilan muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik hamda yangi ijodiy parvozlar tilaymiz.

Sobir QURBONOV,

tarix fanlari nomzodi, dotsent;

Nosir TOIROV,

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining a’zosi

 

Manba: “Agro Inform” jurnali,

2024, 1(11)-son. – 61-62-betlar.

Powered by GSpeech