OILADA QADR VA E’ZOZ TOPGAN AYOL

  jamiyat obodligi, davlat barqarorligi va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 11-aprelda imzolagan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun yurtimiz xotin-qizlarining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu kunlarda ommaviy axborot vositalari mazkur qonun qabul qilinganiga bir yil to‘lganligiga keng jamoatchilik e’tiborini izchil qaratayotgani diqqatga loyiqdir.

Bu haqda fikr yuritganda, 2023-yilda xalqimiz tarixida birinchi marta umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganini ta’kidlash lozim. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar uch baravardan ortiqqa oshirildi.

Shuning barobarida, kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Prezidentimizning 2023-yil 11-sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan ushbu dasturilamal hujjat BMTning 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohangdir.

Yangi O‘zbekistonda 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi faol amalga oshirilmoqda. Bunda o‘tgan yili ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi muhim qonun qabul qilingani alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki shu asosda oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilib, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi.

O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon dasturida faol ishtirok etmoqda. Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tadbirlarini ijro etish doirasida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari joriy qilinmoqda.

 Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha qo‘llanmalar va risolalarni doimiy ravishda chop etish yo‘lga qo‘yildi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim elektron platformasi ishga tushirildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan yili xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini shakllantirish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarildi.

Milliy markaz Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya ijrosini ta’minlashni nafaqat monitoring qilmoqda, balki ayni jarayonlarda bevosita ishtirok ham etmoqda. Masalan, 2023-yil davomida manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.

Bugungi kunga qadar BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga O‘zbekiston Respublikasining 46 ta milliy ma’ruzasi taqdim etilgan. Milliy ma’ruza loyihalari xalqaro-huquqiy amaliyotga muvofiq hamda milliy normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlarda va tartibda tayyorlanadi.

Shu ma’noda, 2023-yilda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha 3 ta milliy ma’ruza manfaatdor vazirlik va idoralar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda tayyorlanib, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan 2024-yil 21-fevralda “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Beshinchi davriy ma’ruzasi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amaliyotga tatbiq etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror qabul qilindi. Mazkur qo‘shma qaror ijroga qaratilib, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari amaliyotga joriy qilinmoqda.

Sohadagi islohotlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida mamlakatimizda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili lavozimi joriy qilindi. Vakil huzurida Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzildi.

Bundan tashqari, 2024-yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 35-yilligi keng nishonlanadi. Shu maqsadda xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazish, inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish, aholi, yoshlar va bolalar uchun darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlarni tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 35-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar dasturlarini qabul qildi va amalga oshirmoqda. Bundan maqsad mamlakatimizda davom ettirilayotgan bola huquqlari sohasidagi islohotlarning samaradorligini yanada oshirishdir.

Bir so‘z bilan aytganda, dunyoning turli mamlakatlarida global inqiroz va doimiy tangliklar oqibatida inson huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq ahvol keskin yomonlashgan murakkab davrda O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan qator sohalar, xususan, inson huquqlari sohasida amalga oshirilgan shiddatli islohotlar o‘z samaralarini bermoqda. Bu fikrni 2023-yilda global iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, geosiyosiy qarama-qarshilik va harbiy mojarolarning salbiy oqibatlari va iqlim o‘zgarishi tahdidlariga qaramay, O‘zbekistonda inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar ko‘rilgani amalda tasdiqlab turibdi.

Keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlar va bolalarning fundamental huquqlarini ta’minlash masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilmoqda. Ayni chog‘da xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatini ta’minlash davlatimiz va jamiyatimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelayotgani e’tiborga molik.

Xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan ayollar huquqlari kafolatini ta’minlash jamoatchilikning ham diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Bu o‘rinda 2023-yil 11-aprelda qabul qilingan qonun alohida ahamiyat kasb etganini qayd etish ayni muddaodir.

Binobarin, huquqni qo‘llash amaliyotida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda bir qator muammolar mavjudligi ayni shu qonunga zaruratni keltirib chiqardi. Xususan, shu vaqtga qadar:

  • xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagandi;
  • xotin-qizlarni shilqimlik va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy kafolatlari mavjud emasdi;
  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga davlat himoyasini taqdim etuvchi orderning amal qilish muddati (o‘ttiz kun) xotin-qizlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari yetarli darajada himoya qilinishini ta’minlash imkonini bermasdi;
  • alimentlarni to‘lamaganlik uchun jazo sifatida jarima solinishi yanada ko‘proq moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi.

Qonun asosida shu kabi tizimli muammolarga huquqiy yechim topildi. Qolaversa, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) idoralararo komissiyalarining faoliyati isloh etilib, ular tegishincha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) komissiyalari etib qayta tashkil etildi.

Yangi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohada o‘z huquqlari va manfaatlarini amalga oshirishida qo‘llab-quvvatlash masalalarini tartibga soluvchi qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni nazarda tutuvchi, shuningdek, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlab qo‘yuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan nomaqbul harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi. Oilaviy zo‘ravonlik, shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi. 

Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berishi, bolalar bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlandi. Bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutildi.

Qonunda oilaviy va maishiy zo‘ravonlik uchun, ta’qib qilish, shahvoniy shilqimlik, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan. Ayni chog‘da, ayollarni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, turmush qurishga majburlash yoki to‘sqinlik qilish uchun yarashish institutini qo‘llamaslik ham belgilangan.

Bularning barchasi pirovardida zo‘ravonlikning oldini olish va uning mudhish oqibatlariga barham berishga xizmat qiladi. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 592-moddasi, ya’ni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilandi, xuddi shu harakatlar bir yil ichida qayta sodir etilgan taqdirda Jinoyat kodeksining 1261-moddasida jinoiy javobgarlik ko‘zda tutildi.

Jinoyat kodeksi 1413-modda, ya’ni shaxs sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi, inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, tovlamachilik alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shaxsiy roziligisiz yalang‘och holdagi foto, videotasvirni o‘z ichiga olgan axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish yoki bunday axborotni tarqatish bilan qo‘rqitish – bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi 411-modda bilan to‘ldirildi.

O‘tgan bir yillik qisqa davrning o‘zidayoq yangi qonun amaliy natijalarini berdi. Xususan, birgina 2024-yil 1-choragida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 411-moddasi bilan shahvoniy shilqimlik qilishda ayblangan 318 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasi bilan oilaviy va maishiy zo‘ravonlikda ayblangan 4 ming 343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ularning 2 ming 344 nafariga jarima jazosi, 1 ming 999 nafariga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Jinoyat kodeksining 1261-1 va 1413-moddalari asosida ham bir qator aybdor shaxslar sudlandi. Ularning ayrimlariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan bo‘lsa, muayyan qismiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda 203 nafar shaxs oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha Jinoyat kodeksiga muvofiq sudlanib, ularning 59 nafari qamalgan, 144 kishi esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni olgan. Shuningdek, 8 ming 928 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

O‘z navbatida, 19-20-yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ma’qullanganiga muxtasar to‘xtalish o‘rinlidir.

Qonun muhokamasi asnosida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ichki ishlar organlarida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ma’naviy hamda jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda hukumatining tegishli qarorlari bilan ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarida zarur vakolatlar mavjud emasligi voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida himoya orderi talablarining bajarilishini nazorat qilish yuzasidan ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarining mas’uliyatini kuchaytirish talab etiladi.

Shuning uchun “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan ayni Kodeksning tegishli moddasiga bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini iste’mol qilganlikda, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritildi.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlariga tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik kabi ma’muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolatlari berildi. Senatorlar fikricha, ushbu qonun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Xulosa shuki, keyingi davrda O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning yangi bosqichiga asos solindi. Bu borada o‘tgan bir yil ichida qator muhim natijalarga erishildi.

Avvalambor, Yangi O‘zbekistonda qilmish va jinoyat uchun jazo muqarrarligi qat’iy ta’minlanmoqda. Jamiyatimizda, oilalarda maishiy muhit izchil yaxshilanib, ayollarimizning qadr-qimmati va qizlarimizning izzat-hurmati yanada oshmoqda.

Yana bir muhim yutug‘imiz shundaki, oilaviy va maishiy zo‘ravonlikka barham berishga qaratilgan yangi qonunning amal qilishi xalqimiz tomonidan ma’qullanmoqda. Bu qonun hujjati xalqaro jamoatchilik e’tirofiga ham sazovor bo‘lmoqda.

Bunga bitta amaliy misol: O‘zbekistonda ushbu qonun kuchga kirganining bir yilligi keng tahlil va talqin etilayotgan shu kunlarda Qozog‘istonda ham oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonun qabul qilindi.

E’tibor bering: bunday qonun qabul qilinishi Qozog‘iston jamoatchiligining talab-istaklari samarasidir. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Tokayev imzolagan qonunda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishlari uchun javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, oila institutini mustahkamlash va voyaga yetmaganlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan, xususan, pedofiliya va bolalar qotilligi uchun umrbod qamoq jazosini nazarda tutadigan yangi qoidalar joriy etilmoqda.

Bularning barchasi O‘zbekistonning oilaviy va maishiy zo‘ravonlik uchun qonuniy asosda qat’iy chora ko‘rishga qaratilgan huquqiy siyosati to‘g‘ri ekanligidan yaqqol dalolatdir. Binobarin, qadrlangan va e’zozlangan ayol nafaqat ro‘zg‘orini, oilasini, balki jamiyatni ham obod etishga, davlatimiz barqarorligi hamda mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.

 

G‘ulom MIRZAYEV,

Husniddin XOLMAMATOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari

Powered by GSpeech