Bugun Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning taʼlim olishi, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslarning taʼlim olishi, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.
Maʼlumki, “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizimni joriy qilish hamda ular uchun qulay va maqbul muhitni yaratish, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib ish bilan taʼminlash orqali ular bandligini 2 barobarga oshirish vazifasi qo‘yilgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasarrufidagi “Ishga marhamat” monomarkazi va kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan 2022 yilda 3 399 nafar, 2023 yilda 5 200 nafar va 2024 yilning yanvar-aprel oylarida 2 040 nafar nogironligi bo‘lgan ishsiz shaxslar kasb-hunarlarga o‘qitilgan.
Nogironligi bo‘lgan yoshlarga anʼanaviy va zamonaviy kasblarni o‘rgatish, umumtaʼlim fanlari hamda xorijiy tillarga o‘qitish, o‘qish davrida yashash va transport xarajatlarini qoplab berish maqsadida subsidiya ajratish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan 2023 yil davomida elektron portal orqali jami 1 557 ta arizalar kelib tushgan bo‘lib, ijobiy tavsiya berilgan 437 nafar nogironligi mavjud yoshlarga 5,1 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Tadbirda monomarkaz va kasb-hunarlarga o‘qitish markazlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etishda shart-sharoitlar yaratish, kasb-hunarlarga o‘qitilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlash, ularning mehnat faoliyatiga ruxsat etilgan soha va tarmoqlarni o‘rganish hamda talab yuqori bo‘lgan kasblar ro‘yxatini shakllantirish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Davra suhbatida mutasaddi vazirlik va idoralar vakillarining nogironligi bo‘lgan shaxslarga taʼlim berish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi xorij tajribasi, soha huquqiy asosini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlash ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borish yuzasidan fikrlari eshitildi.
Davra suhbati yakunida nogironligi bo‘lgan shaxslarning taʼlim olishi, ularni kasbga tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 29.05.2024
- Ko'rishlar: 1335
- Chop etish