5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni
Mavzuni aynan shunday mazmunda tanlaganimiz bejiz emas. Chunki butun dunyoda, jumladan, mamlakatimizda ham 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni tantanalari hamohang tarzda 5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni tadbirlariga ulanib ketdi.
BMT Bosh Assambleyasining 1972-yil 15-dekabrdagi 27-sessiyasida ta’sis etilgan ushbu xalqaro sana xalq orasida “Ekologlar bayrami” sifatida e’tirof etilishining o‘ziyoq uning ekologik taqvimdagi bosh bayram ekanini tasdiqlaydi. Bu bayram uchun aynan 5-iyun tanlanganining sababi shuki, xuddi shu kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmda o‘tkazilgan atrof-muhit masalalari bo‘yicha BMT konfrensiyasida mazkur xalqaro sanani belgilashga doir rezolyutsiya qabul qilingan.
O‘z navbatida, 1972-yil 15-dekabrda yangi tashkiliy tuzilma — BMTning Atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha dasturi — YUNEPga asos solingan. Shundan buyon Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni YUNEP rahbarligida har yili butun dunyoda nishonlanadi.
Ma’lumki, bugungi kunda ekologik tahdidlar – bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor musaffo, sog‘lom va barqaror atrof muhit – inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani hamda bundan uch yil oldin bu sohada Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan izohlanadi.
Global ofat – COVID-19 pandemiyasi dunyo davlatlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi ko‘p tomonlama shartnoma va bitimlar, jumladan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari, Parij bitimi kabi o‘zaro kelishuvlarda zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishiga jiddiy xalal bergani sir emas. Aksariyat mamlakatlarda ushbu yo‘nalishdagi vazifalarning moliyalashtirilishi va ijrosi zarur darajada ta’minlanmayapti.
Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mamlakatlari ham iqlim o‘zgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Ayniqsa, suv taqchilligi ekinlarni sug‘orish imkoniyatlarini cheklamoqda, oqibatda bo‘lajak hosil boy berilmoqda. Bu, o‘z navbatida, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Shuni alohida qayd etish joizki, sayyoramizdagi har bir bola va o‘smir toza, sog‘lom, barqaror atrof-muhitda yashashga haqli. Ammo, “Zamin” fondi va YUNISEF tomonidan o‘tkazilayotgan forumlarda tashvish bilan va asosli ravishda ta’kidlab kelinayotganidek, ushbu huquq haqidagi ilhombaxsh gaplar va butun dunyodagi millionlab bolalar kundalik hayotida duch kelayotgan voqelik o‘rtasida katta farq mavjud.
Bugungi kunda ifloslangan havo har yili 600 mingdan ziyod bolaning hayotiga zomin bo‘lmoqda. Shuningdek, yuz millionlab bola xavfsiz ichimlik suvi va to‘yib ovqatlanish imkoniyatidan bahramand bo‘la olmayapti. Bolalar ularning rivojlanish jarayonlariga ziyon yetkazishi va hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qo‘rg‘oshin va simob kabi zaharli kimyoviy moddalar ta’siriga duch kelmoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, 2021-yilda tug‘ilgan bolalar ularning 60-yil avval tug‘ilgan bobo va momolariga nisbatan 7 marta ko‘p anomal issiqlik to‘lqinlarini, ikki barobar ko‘p o‘rmon yong‘inlarini va qariyb uch barobar ko‘p qurg‘oqchilik holatlarini boshidan kechirmoqda. Bu ochiq va achchiq haqiqat, o‘z navbatida, bolalar iqlim o‘zgarishining keng ko‘lamli oqibatlari oldida zaif ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shu ma’noda, BMT barcha davlatlarni iqlim o‘zgarishi ta’siridan bolalarimizni himoyalashga chaqirgani bejiz emas. BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘tgan yili BMTga a’zo davlatlar uchun bolalarning atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashda nima qilishlari kerakligi haqidagi yo‘riqnomani e’lon qildi.
Ya’ni, 2023-yil 28-avgustda e’lon qilingan «Iqlim o‘zgarishi masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda bolalar huquqlari va atrof-muhit to‘g‘risidagi 26-sonli umumiy tartib sharhlari» deb nomlanuvchi ushbu yo‘riqnoma favqulodda iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishiga bag‘ishlangan. Unda bolalar hayoti va istiqbollarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, davlatlardan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga bolalarning ekologik huquqlarini himoya qilish borasidagi yutuqlari haqida vaqti-vaqti bilan hisobot berishlari talab qilinadi.
Boshqacha aytganda, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi birinchi marta Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga binoan a’zo davlatlarning majburiyatlarini har tomonlama ifoda etish orqali bolalarning toza, sog‘lom va barqaror muhitga bo‘lgan huquqini bevosita tasdiqladi. O‘z navbatida, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish va unga moslashish, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish choralarini jadallashtirish, «yashil» va inklyuziv iqtisodiy o‘sish modelini targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada, jumladan, Prezidentimizning 2019-yil 5-oktyabrdagi qarori bilan 2019-2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlangan. Strategiyaning maqsadi mamlakatimizda «yashil» iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, «yashil» investitsiyalarni jalb qilish, ekologik inqirozning salbiy ta’sirini yumshatishdir.
Shuningdek, 2021-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasining 26-yig‘ilishida (COR26) O‘zbekiston tomonidan Parij bitimi doirasida 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligida issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 35 foiz kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatni o‘z zimmasiga olishi haqida bayonot berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston 2030-yilga qadar metan emissiyasini 2020-yilga nisbatan kamida 30 foizga kamaytirish bo‘yicha mamlakatlarning jamoaviy maqsadga erishishi bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbusga (Global Methane Pledge) qo‘shildi.
Yana bir muhim qadam: Prezidentimiz 2022-yil 2-dekabrda “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bundan ko‘zlangan maqsad 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishdir.
Bunda, xususan, O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasida «yashil» va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.
Qaror asosida unda belgilangan strategik maqsadlarga erishish uchun, birinchidan, 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash dasturi; ikkinchidan, Sanoat tarmoqlarida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiya; uchinchidan, 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Ushbu hujjatlarda bolalarning ekologik huquqlarini ta’minlash masalasi qay darajada o‘z aksini topgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga javoban birgina hujjat – 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash dasturidan misol keltiramiz.
Dasturda, jumladan, «Yashil» iqtisodiyotga o‘tish davrida katta ta’sir ostida bo‘lishi mumkin bo‘lgan aholi va ularning yashash joylarini qo‘llab-quvvatlashning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishlar ta’lim sifati va natijadorligini oshirishni ham o‘zida qamraydi. Bu o‘rinda bolalar, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning inklyuziv ta’limini ta’minlash, sifati va qamrovini oshirish haqida so‘z bormoqda.
O‘z navbatida, mazkur Dasturning «Yashil» o‘sish bo‘yicha salohiyatni oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga oid ustuvor yo‘nalishlari qatorida ta’lim tashkilotlarining tegishli o‘quv rejalariga «yashil» iqtisodiyot mavzularini kiritish ko‘zda tutilmoqda. Bunda tegishli ta’lim tashkilotlarida mavjud fanlar doirasida «yashil» iqtisodiyot amaliyoti va tamoyillariga oid mavzularini kiritish vazifasi ham sanab o‘tilganini ta’kidlash darkor.
Bu borada O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha hujjat imzolangani ham dolzarb ahamiyatga ega. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan imzolangani ushbu hujjat – “Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish va O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha Milliy strategiya” hamda uning “Yo‘l xaritasi”dir.
Milliy strategiya tashabbusi eko-faollar, shu jumladan, “Eco-schools Uzbekistan” loyihasi a’zolari tomonidan ilgari surilgan. Mazkur strategiya bolalar va yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishdagi rolini e’tirof etish, ularning sohadagi faol ishtirokini ta’minlash, o‘quv jarayonlarida asosiy e’tiborni bilim berishdagi muammolarni o‘rganish va yechimlarni izlashga yo‘naltirishni nazarda tutadi.
Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish va O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha Milliy strategiyaning asosiy vazifalari, jumladan:
- “yashil” ta’limni ilgari surish bo‘yicha milliy siyosat va harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda zarur o‘quv resurslarini yaratish;
- bolalar va yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash va faollashtirish uchun turli manfaatdor tomonlar o‘rtasida sheriklik munosabatlari va hamkorlikni rivojlantirish hamda avlodlar o‘rtasidagi hamkorlikning muhim rolini e’tirof etish;
- maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida “yashil” hamjamiyatni yaratish kabi muhim masalalardan iborat.
Eng asosiysi, ushbu strategiya “yashil” ta’lim va barqaror rivojlanish tizimini izchil shakllantirish uchun tayanch hujjat bo‘lib xizmat qilishi lozim. Unda sifatli ekologik ta’limning asosiy tamoyillari, ya’ni uzluksizlik, fanlararo bog‘liqlik, fundamentallik va komplekslik prinsiplari qayd etilgani alohida ahamiyatga molikdir.
Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Shu yangilanishlar talabidan kelib chiqqan holda, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safini “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaytirish choralari ko‘rildi. Ayni vaqtda mazkur ko‘krak nishoni bilan ekojurnalist va pedagog Nargis Qosimova, shuningdek, “Ekomaktab” ekologik-resurs markazi jamoasi taqdirlangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil dekabrida bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasidagi (SOP28) nutqida ushbu sohada yana bir muhim tashabbus ilgari surildi. Bu o‘rinda joriy yil 15-16-iyun kunlari ekologiya muammolari va inson huquqlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan Samarqand forumi haqida so‘z bormoqda.
Iqlim, ekologiya va inson huquqlariga taalluqli ushbu dolzarb xalqaro anjuman “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqbolini belgilash va barqaror yechimlar topish” deb nomlanadi. Shu kunlarda Samarqand forumiga qizg‘in tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.
Muxtasar aytganda, yurtdoshlarimiz iqlim o‘zgarishi zamonamizning asosiy tahdidlaridan biri ekani, odamlar, ayniqsa yoshlar va bolalarning hayot sifatiga bevosita tas’sir ko‘rsatayotgani borasida yakdil fikrda ekani e’tiborga loyiq. Yanada muhimi, davlatimiz va jamiyatimiz ushbu muammoni kechiktirmasdan hal qilish uchun zarur choralarni ko‘rish yo‘lidan dadil odimlamoqda.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 04.06.2024
- Ko'rishlar: 1432
- Chop etish