4-iyun kuni Toshkent shahrida “Milliy ozchilik vakillarining ijtimoiy va iqtisodiy hayotda samarali ishtiroki yuzasidan Milliy ozchiliklar bo‘yicha oliy komissar tavsiyalari: amaliy jihatlar va ilg‘or tajriba” mavzusida ekspertlarning davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Milliy ozchiliklar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining direktori Elchi M.Shigel, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi A.Karttunen so‘zga chiqdi.
– Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, bu ezgu g‘oyalarni navqiron avlod ongu tafakkuriga singdirish kabi masalalar bugungi kunda barchamiz uchun ustuvor vazifa, – dedi A.Saidov.
O‘z navbatida, YEXHT Milliy ozchiliklar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining direktori Elchi M.Shigel, jumladan: “bizning iqtisodiy inklyuzivlik sari yo‘limiz har bir jamiyatning o‘ziga xos sharoitlariga moslashtirilishi kerak. Bu borada shoshilinch qarorlar chiqarish va "bir o‘lcham hammaga mos keladi" qabilida yondashish mumkin emas. Binobarin, tegishli tavsiyalar YEXHTga a’zo barcha davlatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikni kuchaytirishga, bunda davlatlarning o‘zlari tomonidan ishlab chiqilgan ilg‘or amaliyotlar zamiridagi muhim g‘oyalarni targ‘ib etishga xizmat qiladi”, deb qayd etdi.
Davra suhbatida YEXHTning Milliy ozchiliklar ishlari bo‘yicha Oliy komissarining milliy ozchiliklarning ijtimoiy va iqtisodiy hayotda samarali ishtiroki bo‘yicha tavsiyalari muhokama qilindi. Bu tavsiyalar ta’lim, bandlik, uy-joy, sog‘liqni saqlash, raqamli inklyuzivlik, mintaqaviy rivojlanish va atrof-muhit kabi bir qancha muhim sohalarga bag‘ishlangan. Ushbu sohalarning har biri bo‘yicha milliy ozchiliklarga mansub ayollar, shuningdek, turli yosh guruhlaridagi shaxslar, jumladan, yoshlar bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ekspertlar davra suhbatida mazkur hujjatning amaliy ahamiyati tahlil etildi. Shuningdek, milliy ozchiliklar vakillarining ijtimoiy-iqtisodiy integratsiyasi sohasida YEXHT mintaqasidagi ilg‘or tajriba taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda davlat organlari xodimlari va ekspertlar, shuningdek, YEXHTga a’zo davlatlar, fuqarolik jamiyati, milliy ozchiliklar jamoalari va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.06.2024
- Ko'rishlar: 1658
- Chop etish