Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi davom etmoqda. YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi forum ishtirokchilariga videomurojaatida atrof-muhit sohasida uchrayotgan muammolar kundalik hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurganini qayd etdi.
Shunday ekan, biz, avvalo, global isish inson huquqlariga ta’sir qilishini va ayni ta’sir allaqachon boshlanganini anglab yetishimiz lozim.
– Samarqandda bu borada bo‘lib o‘tayotgan munozara natijalari nafaqat YeXHT mintaqasida, balki yanada keng ko‘lamda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi, bunday jonli muhokamalar keyin ham davom etishi va amaliy sa’y-harakatga aylanishi kerak, – dedi M.Mekachchi. – Atrof-muhit va inson huquqlarini himoya qilish muammolarining asosi mushtarak va bir-biriga mosdir. Shuning uchun ham YeXHTning aksariyat davlatlari o‘z Konstitutsiyalarida sog‘lom atrof-muhit huquqini tan olgan.
Atrof-muhitning tanazzulga uchrashi insonning boshqa ko‘plab huquqlariga rahna soladi. Jumladan, bu ofat sog‘liqni saqlashning eng yuqori standartiga ega bo‘lish, oziq-ovqat, ta’lim, uy-joy huquqi va hatto yashash huquqi kabi o‘ta muhim huquqlar ijobatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, inson huquqlari himoyachilari jamiyatimizda alohida rol o‘ynashini yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Binobarin, YeXHTning barcha davlatlari inson huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish huquqini tan olgan hamda inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligini hurmat qilishda inson huquqlari himoyachilarining roli muhimligini e’tirof etgan.
Albatta, bu majburiyatlar inson huquqlari va atrof-muhit holatini kuzatuvchi huquq himoyachilari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillariga ham tegishlidir. Chunki ular ayni masalalar bo‘yicha ma’lumot beruvchi, milliy va xalqaro miqyosda harakatga chaqiruvchi mas’uliyatli shaxslar va tashkilotlar hisoblanadi.
– Biz birgalikda ushbu global muammoni hal qila olamiz va hozirgi kunda guvohi bo‘lib turgan mavjud salbiy tendensiyalarni o‘zaro hamjihatlikda bartaraf etishimiz zarur. Shunda Markaziy Osiyo mintaqasi va butun YeXHT hududi inson huquqlari himoyachilarining mehnati hurmat qilinadigan va himoya etiladigan, atrof-muhitga oid xavotirlar tinglanadigan va ijobiy yechimlar tatbiq etiladigan namunaviy mintaqaga aylanadi, – dedi M.Mekachchi.
Norgul Abduraimova,
Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 16.06.2024
- Ko'rishlar: 1479
- Chop etish