Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Iqtisodiy va ekologik faoliyat muvofiqlashtiruvchisi Bakit Jusupov videomurojaat bilan ishtirok etdi.
– Inson huquqlari va ekologik muammolar o‘rtasidagi bog‘liqlikka bugungi kunning asosiy mavzusi sifatida e’tibor qaratgani uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz, – dedi Bakit Jusupov. – Atrof-muhitning buzilishi inson huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Ekologik muаmmolar insonning yetarlicha hayot sifati, xavfsiz uy-joy, oziq-ovqat, sog‘liq, suv va sanitariya huquqi yoki shunchaki o‘z hayotini xavfsiz va munosib tarzda davom ettirishga bo‘lgan asosiy huquqlariga daxl qilmoqda. Biz aniq bilamizki, bu muammolarning ta’siri jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari – kambag‘allar, nogironlar, keksalar va yoshlar hayotiga eng ko‘p salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu muammolarning murakkabligini inobatga olgan holda, yechimlar ham har tomonlama qamrovdor va yaxlit bo‘lishiga erishishimiz kerak.
Bu, avvalo, ana shu yechimlar ilmiy tahlilga asoslangan bo‘lishi, inson huquqlariga yo‘naltirilgan yondashuvni qo‘llash imkonini berishi zarurligini anglatadi. Qolaversa, ekologik muammolarning inson huquqlariga salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishda siyosiy irodaga tayanish ham juda muhim.
Davlatlar xalqaro huquq doirasida inson huquqlarini hurmat qilish majburiyatiga ega. Binobarin, butun dunyo bo‘ylab sud jarayonlari atrof-muhit bilan bog‘liq inson huquqlari zo‘ravonligining dahshatli oqibatlarini tobora ko‘proq namoyish etmoqda.
Samarqand forumi doirasida ayollar va energiya tarmog‘i, ayollar va suv tarmog‘i hamda iqlim o‘zgarishi va xavfsizlik bo‘yicha gender tadbirlar haqidagi masalalarga muxtasar bo‘lsa ham to‘xtalish imkoni tug‘ilganidan mamnunman. Fursatdan foydalanib, ofisimiz bilan juda yaqin hamkorlik qiladigan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi faoliyatini alohida ta’kidlamoqchiman.
Hozirgi kunda ushbu vakilimiz mamlakatingizdagi iqlim bilan bog‘liq muammolar xaritasini tuzmoqda. Shu asosda hukumat aholining, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning ehtiyojlarini qondiradigan axborot siyosatini ishlab chiqishi mumkin.
Bunday loyihalar YeXHTning butun mintaqasidagi boshqa dala missiyalari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar jamiyatlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi va barqaror turmush sharoitlarini ta’minlash hamda bu sohadagi siyosat asoslarini yaratish orqali inson huquqlarini himoya qilishga yordam beradi.
Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumidan atrof-muhitni muhofaza etish va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan barqaror amaliyotlar, ta’sirchan sa’y-harakatlar va qonunchilik choralarini taqdim etish borasida samarali muhokamalarni kutib qolamiz, – dedi YeXHT vakili.
Norgul Abduraimova,
Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 16.06.2024
- Ko'rishlar: 1482
- Chop etish