Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi o‘z ishi davom ettirmoqda. «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlangan forumda nafaqat milliy, balki ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardan vakillar, ommaviy axborot vositlari xodimlari ishtirok etmoqda.
Forum ishini boshqarib borayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumiga yuksak e’tibor ko‘rsatib tabrik yo‘llagani uchun minnatdorchilik bildirdi. Samarqand forumi – Samarqand ruhini o‘zida mujassam etgan nufuzli anjuman ekani, bu yerda inson huquqlari bo‘yicha Samarqand an’analari shakllanayotganini alohida e’tirof etdi.
Forumda qayd etilishicha, sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz – iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaymoqda. Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatayotir.
Barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylangan iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda jiddiy sezilmoqda. Bu global fojia oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilayotgan bo‘lishiga qaramay, bu sa’y-harakatlarni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti 2023 yil 20 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik» rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi tashabbusi bilan 2021 yilda BMT Bosh Assambleyasining «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyasi qabul qilinganini alohida qayd etish lozim. Bosh Assambleya bunday maqomni birinchi bo‘lib Orolbo‘yi mintaqasiga taqdim etdi.
Natijada 2018-2022 yillar davomida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar o‘rmonzorlar yaratildi. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yida bioxilma-xillikni saqlash uchun 3,5 million gektardan ortiq maydonda tabiat parklari, qo‘riqxonalar va davlat himoya hududlari barpo etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisini markazlashgan tarzda ichimlik suvi bilan ta’minlash holati ancha yaxshilandi.
Forumda so‘zga chiqqan Adliya vazirining o‘rinbosari Muzraf Ikromov global muammoga aylanib borayotgan avtomobillar harakatlanishi va tirbandliklarning avj olib borayotgani ham havoning ifloslanishi sabablarini keltirib chiqarayotganini ta’kidladi. Avtotransport vositalari atmosfera havosini azot oksidi bilan 45,7 foiz, uglevodorodlar bilan 42 foiz zararlantiradi.
Yer yuzida bir yilda havoga chiqarib tashlanadigan 100 million tonnaga yaqin is gazining 75,5 million tonnasi yoki 78 foizi avtotransport vositalariga to‘g‘ri keladi. Shu bois, bu global xavflar jarayonida inson huquqlarini himoya qilishning barqaror kelajagini belgilab olish, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash – Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifalaridan biridir.
Forum o‘z ishini davom ettirmoqda.
Norgul Abduraimova,
Alisher Isroilov (suratlar),
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 16.06.2024
- Ko'rishlar: 1564
- Chop etish