"Nova News": Inson huquqlari bo'yicha to'rtinchi an’anaviy Samarqand forumi muvaffaqiyatli yakunlandi

RIM, 21-iyun. /"Dunyo" AA/. Italiyaning yetakchi "Agenzia Nova" axborot agentligining "Nova News" onlayn nashrida Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumiga bag'ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

O'zbekistonda yuqori darajadagi ekspertlar va rasmiy xalqaro vakillar ishtirok etgan Inson huquqlari bo'yicha to'rtinchi Samarqand forumi o'tkazildi, deb ma’lum qilingan materialda.

Qayd etilganidek, forum "Ekologik tahdidlar: o'zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash" mavzusida o'tkazildi.

Muallif xalqaro anjuman ishtirokchilari xalqaro hamjamiyat doirasida o'z tajribalari va foydali amaliyotlari bilan o'rtoqlashganlarini ta’kidlagan. Forumdan ko'zlangan maqsad iqlim o'zgarishining inson huquqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo'yicha tavsiyalar va aniq yechimlarni ishlab chiqishdan iborat bo'ldi. Nashrda turli soha mutaxassislari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va barchaning huquqlarini himoya qilishga yordam beradigan samarali strategiya va yondashuvlarni qabul qilish masalalari muhokama qilingani urg'ulangan.

"Anjumanda 200 ga yaqin mahalliy va xorijiy ekspertlar, jumladan iqlim bo'yicha mutaxassislar, iqlim o'zgarishi bilan bog'liq muammolar bilan shug'ullanuvchi hukumat vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, tadqiqot markazlari, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar", –deyiladi "Nova News" maqolasida.

Powered by GSpeech