Yaponiyadan munosabat: O'zbekiston vakilining Inson huquqlari qo'mitasi a'zoligiga saylanishi mintaqada fuqarolik va siyosiy huquqlar sohasida ijobiy ta'sir ko'rsatadi

 

TOKIO, 18-iyun. /"Dunyo" AA/. Yaponiya rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti faxriy professori Manabu Simizu "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekistondan nomzod, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidovning BMT Inson huquqlari qo'mitasi (IHQ) a'zoligiga saylangani haqidagi fikrlarini bildirdi:

 

— O'zbekiston vakili, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidovning 29-may kuni Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt bo'yicha 2025-2028-yillar uchun to'qqizta yangi ekspertdan biri etib saylangani dalda beruvchi xabardir.

 

To'qqiz a'zo orasida O'zbekiston nomzodining mazkur xalqaro xalqaro pakt a'zo davlatlardan eng ko'p ovoz olgani meni juda quvontirdi.

 

Nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyo uchun ham birinchi vakil BMTning ushbu muhim va nufuzli organiga qo'shildi. Bu mintaqada fuqarolik va siyosiy huquqlar sohasida ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

Ta'kidlash joizki, mazkur g'alaba O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida o'zbek xalqining inson huquqlarini ta'minlash va kengaytirish borasidagi doimiy hamda izchil sa'y-harakatlari natijasida erishilgan yutuqlarni aks ettiradi.

 

Yaqin o'tmishda amalga oshirilgan e'tiborga molik chora-tadbirlardan biri paxtachilikda bolalar va majburiy mehnatga barham berish bo'ldi.

 

Bundan tashqari, O'zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida jamiyatning zaif qatlamlari imkoniyatlarini kengaytirish bo'yicha inson huquqlari bilan bog'liq yangi normalar kiritildi.

 

O'zbekiston vakilining IHQga a'zo bo'lishi fuqarolik va siyosiy huquqlar monitoringi va targ'ibotini faollashtirishda yangi bosqichga umid baxsh etadi. Shu bilan birga, IHQ fuqarolik va siyosiy huquqlar tushunchalarini turli yangi istiqbollar va o'ziga xos masalalarni hisobga olgan holda boyitishi kutilmoqda.

Powered by GSpeech