“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi umumeʼtirof etilgan xalqaro normalar va standartlarni milliy qonunchilikka izchil implementatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlanganidek, nogironligi bo‘lgan shaxslarga boshqa fuqarolar bilan teng ravishda inson huquqlari va erkinliklarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik yana-da takomillashtirilmoqda.

Ushbu Qonun bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunga nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish, saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, shuningdek taʼlim olishga bo‘lgan huquqlarini taʼminlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga asosan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muloqot qilish uchun qulay muloqot shakllarini, shuningdek ijtimoiy infratuzilma obyektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ularga moneliksiz kirishi uchun moslashtirish asoslarini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonun inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi umumeʼtirof etilgan xalqaro normalar va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

 

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech