2024-yil 8-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Xitoy Xalq Respublikasi Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarning barcha yo‘nalishlarida o‘zaro munosabatlar faollashib, ko‘p tomonlama muloqotlar mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida e’tirof etildi. Ayniqsa, ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpinning qad’iy siyosiy irodalari, oliy darajadagi uchrashuvlari tufayli O‘zbekiston — Xitoy hamkorlik munosabatlari keng ko‘lamli ahamiyat kasb etib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, turli sohalardagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Uchrashuvda Xitoy parlamenti delegatsiyasi a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
O‘z navbatida, Chjao Letszi so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli izchil islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida ulkan natijalar berayotganini yuqori baholab, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.
Konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istibollari, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash borasida parlamentlar oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Muloqot davomida mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, ta’lim, turizm, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kambag‘alikka qarshi kurashish va boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari xususida ham so‘z yuritildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.
- Qo'shildi: 08.07.2024
- Ko'rishlar: 1534
- Chop etish