25-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Salalah shahrida O‘mon sultonligining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Rashid Hamad al-Balushi bilan uchrashdi.
Uchrashuv bu yerda “Inson huquqlari sohasidagi milliy qarashlarni rejalashtirish va amalga oshirishni monitoring qilishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli” mavzuida tashkil etilgan ikki kunlik mintaqaviy forum doirasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqotda O‘zbekistonning O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va muhtor elchisi A.Hotamov ishtirok etdi.
Akademik A.Saidov joriy yil 13-14-iyun kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish” mavzuidagi Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumida O‘mon delegatsiyasi faol ishtirok etganligi uchun Inson huquqlari bo‘yicha komissiya raisi Rashid Hamad al-Balushiga minnatdorchilik bildirdi. Samarqand forumi doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvda kelishuvga erishilgan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik aloqalari dastlabki samaralarini berayotganini e’tirof etib, kelgusida o‘zaro munosabatlar izchil rivojlanishiga ishonch bildirdi.
O‘z navbatida, doktor Rashid Hamad al-Balushi Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumida O‘mon delegatsiyasiga ko‘rsatilgan hurmat- ehtirom uchun tashakkur aytdi. O‘mon sultonligining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi, shuningdek, o‘zining «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani va ushbu mukofot unga Samarqand forumida tantanali ravishda topshirilgani munosabati bilan alohida minnatdorchilik izhor etdi.
Muloqot davomida Rashid Hamad al-Balushi ta’kidlaganidek, “O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning xalqaro majburiyatlari, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosiga qaratilganligi e’tiborga sazovor”.
Uchrashuvda, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘mon Sultonligi Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolash borasida fikr almashildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.07.2024
- Ko'rishlar: 1235
- Chop etish