29 iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari sohasidagi global trendlar va mintaqaviy xususiyatlar: O‘zbekiston-Xitoy nazariyasi” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochdi va olib bordi.
A.Saidov qayd etganidek, O‘zbekiston va Xitoy davlatlari rahbarlari birgalikda olib borayotgan istiqbolli strategik hamkorlik siyosati tufayli keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda, shu jumladan inson huquqlari sohasida ham o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi va yanada yuqori bosqichlarga ko‘tarildi.
Tadbirda Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Szyan Szyango va Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati direktori professor Mao Junxiang “Globallashuv sharoitida inson huquqlari – xalqaro munosabatlar omili sifatida: Xitoy tajribasi” mavzuida ma’ruza qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Asqar G‘ofurovning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyati” va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning “O‘zbekiston-2030” strategiyasining ustuvor maqsadlari” mavzuidagi ma’ruzalari tinglandi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan mazkur davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida inson huquqlari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va har tomonlama tajriba almashish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb global tendensiyalari va mintaqaviy jihatlarini muhokama qilish, har ikki mamlakatda inson huquqlari holatini yaxshilashga qaratilgan qo‘shma strategiya va tashabbuslarni ishlab chiqishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarning barcha yo‘nalishlarida o‘zaro munosabatlar faollashib, ko‘p tomonlama muloqotlar mustahkamlanib borayotganiga e’tibor qaratildi. Mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida e’tirof etildi.
Tadbirda xitoylik mehmonlarga mamlakatimizda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar, shuningdek, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari to‘g‘risida atroflicha axborot taqdim etildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Qizg‘in munozaralarga boy, samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar. Ushbu muloqotlar inson huquqlari sohasida O‘zbekiston-Xitoy hamkorligini chuqurlashtirishda muhim amaliy ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirildi.
Davra suhbatida Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi Akademiyalari, Toshkent Davlat yuridik universiteti, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillari, fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etdi. Tadbirda davlat organlari, ilmiy-ta’lim muassasalari va nodavlat tashkilotlardan jami 40 dan ortiq ekspert qatnashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»
- Qo'shildi: 29.07.2024
- Ko'rishlar: 1345
- Chop etish