O‘zbekiston – Xitoy: inson huquqlari sohasidagi hamkorlik istiqboli

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari sohasidagi global trendlar va mintaqaviy xususiyatlar: O‘zbekiston – Xitoy nazariyasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Davra suhbatini olib borgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Markaz direktori Akmal Saidov qayd etganidek, O‘zbekiston va Xitoy davlatlari rahbarlari birgalikda olib borayotgan istiqbolli strategik hamkorlik siyosati tufayli keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida turli yo‘nalishlar, jumladan inson huquqi sohasidagi hamkorlik yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi.

Tadbirda Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Szyan Szyango va ushbu davlatning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun ham so‘zga chiqdi.

Shuningdek, jamiyat direktori professor Mao Junxiangning “Globallashuv sharoitida inson huquqi – xalqaro munosabat omili sifatida: Xitoy tajribasi”, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Asqar G‘ofurovning Konstitutsiyaviy sudning inson huquqini himoya qilish sohasidagi faoliyatiga oid, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning “O‘zbekiston-2030” strategiyasi ustuvor maqsadlari” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.

Mazkur anjumandan ko‘zlangan maqsad inson huquqi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va har tomonlama tajriba almashish, sohaga oid dolzarb global tendensiyalar va mintaqaviy xususiyatlarni muhokama qilish, har ikki mamlakatda inson huquqi bilan bog‘liq holatni yaxshilashga qaratilgan qo‘shma strategiya va tashabbuslar ishlab chiqishdan iborat.

Mutaxassislar barcha yo‘nalishlarda o‘zaro munosabat faollashib, ko‘p tomonlama muloqot mustahkamlanib borayotganiga e’tibor qaratishdi. Mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida e’tirof etildi.

 

Xitoylik mehmonlarga mamlakatimizda inson huquqi sohasida erishilgan yutuqlar, shuningdek “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakat haqida batafsil ma’lumot berildi.

Qizg‘in munozaraga boy, samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar sheriklikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar. Uchrashuv umuman O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini chuqurlashtirishda ham muhim amaliy ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirildi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi akademiyalari, Toshkent Davlat yuridik universiteti, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, inson huquqi bo‘yicha milliy institutlar vakillari, fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etdi. Davlat idoralari, ilmiy-ta’lim muassasalari va nodavlat tashkilotlarning jami 40 dan ziyod eksperti qatnashdi.

Muharrama Pirmatova,

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA

Powered by GSpeech