BMTning “Ayol mahbuslar bilan muomalada bo‘lish bo‘yicha qoidalar va huquqbuzar ayollar uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan choralar” (Bangkok qoidalari) deb nomlangan xalqaro-huquqiy hujjati 2010 yilda qabul qilingan.
Ushbu qoidalar jinoiy odil sudlovga gender jihatidan nozik yondashuvni va mahkuma ayollarning o‘ziga xos ehtiyojlari va huquqlari hisobga olinishini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekistondagi yopiq muassasalar va qamoqxonalarda qiynoqlar, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolarning oldini olishda genderga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv-treningida shu haqda so‘z bordi.
YeXHTning O‘zbekistondagi muvofiqlashtiruvchisi e’lon qilgan “O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar Bangkok qoidalarining asosiy talablarini chuqur o‘rganib, ushbu qoidalarni amalda samarali qo‘llash bo‘yicha ko‘nikma va bilimlarini oshirdi.
Shu bilan birga, mahkuma ayollar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish bo‘yicha ilg‘or tajriba va usullar muhokama qilindi. Umuman olganda, uch kunlik o‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilarning qamoqxonalardagi xotin-qizlar huquqlari va ehtiyojlari borasidagi xabardorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tinglovchilar Bangkok qoidalari asosida o‘z nazariy bilimlarini oshirdi. Ayni vaqtda voyaga yetmaganlar va ayollarni qamoqda saqlash bo‘yicha xalqaro tajribaga oid amaliy ko‘nikmalarni egalladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim jihatlari haqida muxtasar ma’lumot berdi. Xususan, yurtimiz hayotining barcha sohalariga taalluqli qamrovdor yangilanishlar nafaqat qiynoq holatlariga butunlay barham berish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligiga, balki o‘zining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlariga qat’iy sodiq bo‘lgan O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirishga ham xizmat qilishi ta’kidlandi.
Fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi hamda ushbu huquqlarning himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha yaratilgan qonunchilik, institutsional, ta’lim va monitoring asoslari, insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi ustidan o‘rnatilgan nazorat tizimining mohiyati hamda ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratilgan islohotlarning tizimliligi va izchilligi, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bilan hamkorlik borasida ma’lumot berildi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar ozodlikdan mahrum qilish joylarida salomatlik va gigiyenaga bo‘lgan huquqlarni ta’minlash, qamoqxona xodimlarining genderga xos yondashuvlarni targ‘ib qilishdagi o‘rni, shuningdek, alohida toifadagi ayollar va qizlarni o‘rganish, jazoni o‘tagan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti hamkorligida va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ko‘magida tashkil etilgan tadbir yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 31.07.2024
- Ko'rishlar: 1247
- Chop etish