Boku shahrida “Inson huquqlari sohasida hamkorlik: Ozarbayjon va O‘zbekiston tajribasi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda soha mutaxassislari va O‘zbekistondan inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya ham ishtirok etdi.
Tadbirda Ozarbayjon O‘zbekistonning yaqin do‘sti va vaqt bilan sinalgan, ishonchli strategik sherigi ekani ta’kidlanib, mamlakatlarimizning din, ma’naviy qadriyatlar mushtarakligi, an’analar, til va madaniyat o‘xshashligi bog‘lab turishi e’tirof etildi. Inson huquqlari himoyasi sohasida hamkorlik rivojlanayotgani alohida qayd etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari o‘z ma’ruzalarida tadbir ishtirokchilarini mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya, Barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsadlar ijrosi haqida xabardor qildi.
Inson huquqlari sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha amaliy tashrif doirasida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev hamda Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori M.Turg‘unov Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Ozarbayjon Prezidenti Administratsiyasi qoshidagi Huquq va inson huquqlari instituti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Ozarbayjon Prezidenti Administratsiyasi qoshidagi Huquq va inson huquqlari instituti boshqaruvi raisi Magomed Guluzade mazkur institut faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi va amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Mazkur tuzilmaning asosiy vazifalari qonun hujjatlari loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, fuqarolar uchun huquqiy ongni oshirish maqsadida targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish, huquqning turli sohalarida, shu jumladan, inson huquq va erkinliklari sohasida ilmiy tadqiqot usullaridan foydalangan holda fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlashni tashkil etishdan iborat.
Uchrashuvda institutda yangi tashkil etilgan “Huquq va inson huquqlari virtual kutubxonasi”, “Huquqshunos olimlarning yagona ma’lumotlar bazasi”, “Inson huquqlari bo‘yicha raqamli resurslar xaritasi”, “Amaliyot bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish (PASS) platformasi” haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv doirasida Ozarbayjon Huquq va inson huquqlari instituti hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum, shuningdek, Ozarbayjon Huquq va inson huquqlari instituti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Sabina Aliyeva bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari va kelgusidagi istiqbolli rejalar, hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlar va xalqaro anjumanlar haqida fikr almashildi.
Muloqot chog‘ida keyingi yillarda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida yaqin do‘stlik va qardoshlik munosabatlari yuqori bosqichga ko‘tarilgani, turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, jumladan, inson huquqlari sohasida samarali hamkorlik o‘rnatilgani alohida ta’kidlandi.
Ikki tomonlama uchrashuvlar va davra suhbatida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Davlat va huquq instituti, Taraqqiyot strategiyasi markazi tomonidan chop etilgan adabiyotlar va ma’lumotnomalar tarqatildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi Ozarbayjon Huquq va inson huquqlari instituti hamda Ombudsmanning rasmiy veb-saytlari, shuningdek, elektron ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 07.08.2024
- Ko'rishlar: 1204
- Chop etish