Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yoʻlga qoʻyilmoqda

“Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun Senat tomonidan maʼqullandi

Taʼkidlanishicha, Qonun bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga soladi. Xususan, zoʻravonlik tufayli jabrlangan shaxs ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etishi, maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olishi mumkinligi belgilanmoqda.

Qonun bilan ilk bor yangi institut joriy qilinmoqda. Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yoʻlga qoʻyilmoqda. Ushbu himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan oʻttiz kun muddatgacha beriladi va vakolatli davlat organi ishtirokida jabrlanuvchiga topshiriladi.

Agar tahdid hali bartaraf etilmagan boʻlsa, himoya orderining amal qilish muddati zoʻravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining arizasiga koʻra, jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Qonunda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanishi hamda maʼnaviy ziyon kompensatsiyasini talab qilish huquqi aks ettirilmoqda.

Shuningdek, Qonunda bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, mazkur yoʻnalishda faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar hamda ularning vakolatlari aniq koʻrsatib oʻtilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zoʻravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek oʻzlariga nisbatan zoʻravonlik sodir etish xavfi ostida boʻlgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qoʻllanilishini taʼminlash boʻyicha vazifalar yuklatilmoqda.

Qonun bilan ota-onalar masʼuliyati yana bir karra oshirilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishi, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatishi hamda zararli taʼsir koʻrsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Muhokama jarayonida ushbu Qonunning qabul qilinishi bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlariga murosasiz munosabatda boʻlish va zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati» 

Powered by GSpeech