Senatning 55-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yana-da mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Muhokama jarayonida taʼkidlanganidek, keyingi yillarda voyaga yetmagan bolalarni qonunga xilof diniy taʼlim olishga aynan ota-onalarning o‘zi olib borishi holatlari ko‘payib bormoqda.
Huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra 2021-2023-yillar mobaynida noqonuniy diniy taʼlimotdan saboq berish bilan bog‘liq 2 457 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlangan. Ularning 1 479 tasi “hujra” sharoitida tashkil etilgan bo‘lib, ularda tahsil olayotganlarning 60 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etgan.
Bolaning qonunga xilof diniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi hech qanday ro‘yxatdan o‘tmagan, norasmiy markazlar va shaxslardan diniy taʼlim olishi natijasida ularning diniy ekstremistik g‘oyalarining qurboniga aylanib qolmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. So‘nggi 3 yilda diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgan voyaga yetmagan shaxslar soni 4 baravarga oshgan.
Qolaversa, bunday noqonuniy taʼlim jarayonida bolalarga nisbatan turli og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda. Bolaning erkin harakatlanishini cheklash hamda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan bino va xonalarda saqlash, unga jismoniy azob berish yoki ruhiy bosim o‘tkazish holatlarini, hatto jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘layotganligini bunga yaqqol misollar sifatida keltirib o‘tish mumkin.
Mamlakatimizda diniy taʼlim masalasi amaldagi qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilgan. Jumladan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda va undan oldingi qonunlarda diniy professional taʼlimning huquqiy asoslari qatʼiy belgilangan. Xususiy tartibda diniy taʼlim bilan shug‘ullanish qonunga xilof hisoblanadi.
Muhokama etilayotgan qonun yuqorida qayd etilgan salbiy holatlarning oldini olish, ota-onalar hamda ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning bolalarni o‘qitish, taʼlim va tarbiya berishga doir majburiyatlarini bajarish borasidagi masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek bolalarning bilim olish huquqi kafolatlarini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilganligi alohida taʼkidlandi.
Mazkur Qonun bilan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga va O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olishga jalb qilishga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek ushbu qonunchilik talabiga rioya etmaganligi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shu bilan birga Qonunda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning o‘z bolalarini shaxsiy eʼtiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqi aniq bayon qilinmoqda. Mazkur norma Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 18-moddasida belgilangan qoidalar asosida kiritilyapti.
Qonunda mazkur jarayonlarda ota-onaning masʼuliyati va javobgarligi yana-da kuchaytirilmoqda. Chunki yosh bola o‘zi noqonuniy hujraga borib qolmaydi va aynan mana shu jihat qonunda tartibga solingan.
Qonunning qabul qilinishi bolalarning taʼlim olish huquqi kafolatlarini taʼminlashga, ularning komil inson bo‘lib yetishishiga, turli og‘ir jinoyatlar va diniy ekstremistik g‘oyalar qurboniga aylanishining oldini olishga xizmat qilishi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 16.08.2024
- Ko'rishlar: 1000
- Chop etish