BMTning maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistondagi islohotlarni e’tirof etdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, bir guruh deputatlar va senatorlar BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishanan Radjagopal boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba shakllangani, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga oshgani, jumladan, har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilangani alohida qayd etildi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning keyingi yillardagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi BMT Bosh Assambleyasida qator rezolyutsiyalar qabul qilinishida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, 2024-yil boshidan buyon O‘zbekiston tashabbusi bilan BMTning 5 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda deputatlar tomonidan delegatsiya a’zolariga mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati haqida keng ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, aholining uy-joy masalalari va shaharsozlik bo‘yicha qarorlar qabul qilinishida ishtiroki, iqlim inqirozining uy-joy huquqiga bo‘lgan ta’siri va uning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar taqdim etildi.

O‘z navbatida, B. Radjagopal O‘zbekistonda barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, aholini munosib turar joy bilan ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha qilingan ishlarni e’tirof etib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, sohadagi ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

 

Oʼzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech