BMTning Ichki nazorat xizmatlari boshqarmasi rahbari bilan uchrashuv

27-avgust kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova va BMTning Ichki nazorat xizmatlari boshqarmasi boshlig‘i Shrilata Rao o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv Sh.Raoning O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etildi. Muloqot asnosida BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining O‘zbekistondagi faoliyati nechog‘lik dolzarb va samarador ekanligi yuzasidan maslahatlashuvlarga asosiy e’tibor qaratildi.

Sh.Rao ta’kidlaganidek, O‘zbekiston terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda salmoqli natijalarga erishgan davlatdir. Bu, o‘z navbatida, BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi faoliyatini baholash doirasida ma’lumotlar to‘plash maqsadida tanlangan besh mamlakat qatoriga O‘zbekistonni ham qo‘shish uchun muhim sabab bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida 2020-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston bilan BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy natijalari sarhisob etildi. Tomonlar, shuningdek, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi

matbuot xizmati

Powered by GSpeech