Inson huquqlarining yana bir sohasi – intellektual mulkni himoya qilish tizimi takomillashtirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2024-yil 10-sentyabrda imzolagan 959-son Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, amaldagi qonun hujjatlariga intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga ko‘ra huquqbuzar tomonidan tovon to‘lash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi huquqiy yangiliklar tatbiq etilmoqda. Jumladan, "Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra:

Patent egasi o‘zining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishi mumkin.

Bunda tovon zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda to‘lanadi.

Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi. Ilgari bunday normalar mavjud emas edi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech