PEKIN, 13-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Xitoy Davlat kengashining Ijtimoiy taraqqiyot markazi qoshidagi Yevroosiyo ijtimoiy taraqqiyotini tadqiq qilish institutida joriy yilning 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari sayloviga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Xitoyning yetakchi tahlil markazlari, jumladan, XXR Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillabayev o'z nutqida, ishtirokchilarni davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan 2022–2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar sharoitida bo'lib o'tadigan parlament saylovining yangi huquqiy jihatlari bilan tanishtirdi.
Yevroosiyo ijtimoiy taraqqiyotini tadqiq qilish instituti direktori Li Yunsyuan o'z chiqishida, O'zbekiston ko'p asrlik davlatchilik tarixi, boy madaniyati va ulkan sivilizatsiya merosiga ega bo'lgan noyob mamlakat ekanligini ta'kidladi. "Bugungi O'zbekiston jadal rivojlanayotgan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan "2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi" strategiyasi doirasida o'z taraqqiyot yo'lidan dadil odimlayotgan davlatdir", – dedi u.
Yevroosiyo ijtimoiy taraqqiyotini tadqiq qilish instituti direktorining aytishicha, O'zbekistonda bo'lib o'tadigan parlament saylovlari 2024-yilda mamlakat ichki siyosiy hayotidagi eng muhim voqea bo'ladi. Saylovlar keng ko'lamli iqtisodiy va siyosiy islohotlarni uyg'unlik bilan amalga oshirayotgan O'zbekistonni strategik rivojlantirishning keyingi istiqbollarida g'oyat muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, ayni paytda yangi O'zbekistonda bo'layotgan o'zgarishlar Xitoyda o'tgan asrda Den Syaopin boshlagan islohotlarga o'xshaydi.
Li Yunsyuan ta'kidlaganidek, so'nggi yillarda O'zbekiston o'z taraqqiyotida ulkan natijalarga erishdi. Shu qisqa vaqt ichida o'zbek jamiyatining o'zi ham o'zgardi, mamlakat aholisining ijtimoiy-iqtisodiy hayoti sifati sezilarli darajada yaxshilandi, demak, jamoatchilik talablari ham o'zgarmoqda.
Shu ma'noda mamlakat fuqarolari eng munosib nomzodlar uchun o'z ovozlarini beradigan, 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan parlament saylovi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni davom ettirishning muhim bosqichi va asosiy omiliga aylanadi.
Yevroosiyo ijtimoiy taraqqiyotini tadqiq qilish instituti direktori o'rinbosari Syuy Tao O'zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovi mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasi asosida o'tkazilayotganini alohida ta'kidladi. "Bu nafaqat O'zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar, balki mamlakatni yanada rivojlantirish, o'zbek xalqi farovonligini yuksaltirishda ham g'oyat muhim voqeadir.
Saylov jarayoni mutlaqo yangi – aralash saylov tizimi bo'yicha o'tkaziladi. Bo'lajak saylovda ishtirok etish uchun ko'rsatilgan xotin-qizlarning ulushini 40 foizdan oshirish orqali ularning mamlakat siyosiy hayotidagi o'rnini yuksaltirishga alohida e'tibor qaratilmoqda", dedi u.
XXR TIV huzuridagi Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasining yetakchi eksperti Chen Yuyjun o'z nutqida mamlakatlarimiz o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlik faol rivojlanayotganini yuqori baholadi. "O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil yanvar oyida Xitoyga buyurgan davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega. Tashrif yakunlariga ko'ra, ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi", dedi eksperti Chen Yuyjun.
- Qo'shildi: 16.09.2024
- Ko'rishlar: 892
- Chop etish