O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon o‘tgan qisqa davr ichida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, bir qator kodeks va qonunlar, milliy strategiya va davlat dasturlarini qabul qilish tashabbuslarini ilgari surdi. Davlatimiz rahbari, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini tiklashga qaratilgan ko‘plab farmon, qaror va farmoyishlarni imzoladi.
Bugungi kunda mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga izchillik bilan joriy etilayotgan ana shu ko‘lamdor, muhim va dolzarb huquqiy asoslarni yaratishning tub siyosiy-nazariy mohiyati O‘zbekiston Prezidentining kitoblari, dasturiy ma’ruza va nutqlarida batafsil bayon etilgan. Shunday fundamental asarlardan biri – “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi 2022-yilda chop etilgan bo‘lsa, 2024-yilda “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston”[1] nomli navbatdagi salmoqli siyosiy asar nashrdan chiqdi.
Bosh g‘oya – inson qadrini ulug‘lash
Muallifning ko‘p yillik ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy qarashlari, voqelikka yangicha va teran yondashuvlarining mahsuli bo‘lgan ushbu kitob quyidagi so‘zlar bilan boshlanadi:
“Tarix sinovlaridan o‘tgan haqiqat shuki, o‘zini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan, vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir.
Bunday xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham o‘zgartira oladi, ko‘zlagan murod-maqsadlariga albatta erishadi.
Men ana shunday ulug‘ e’tiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar bo‘lib, odamlarni hayotdan rozi qilish, ularning qalbidagi ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida xizmat qilishni o‘zim uchun ulkan sharaf va mas’uliyat deb bilaman”[2].
Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev serqirra va natijador faoliyatining ma’no-mazmuniga aylangan, keyingi sakkiz yil davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning markazida turgan davlatimiz mustaqilligini har tomonlama mustahkamlash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, odamlarni hayotdan rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash kabi ezgu tushunchalar mazkur kitobning bosh g‘oyasi, asosiy leytmotivini tashkil etadi.
Yangi O‘zbekistonning bugungi qiyofasi, mamlakatimizning jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni va mavqei, muhim xalqaro ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki, dolzarb masalalar bo‘yicha ilgari surayotgan ko‘plab tashabbuslarining mazmun-mohiyati ushbu keng qamrovli, fundamental asarda chuqur tahlil va dalillar, aniq fikr-mulohazalar asosida teran yoritib berilgan. Muallif ta’biri bilan aytganda, “Ertangi kun tarixini bugun yozishimiz shart. Yangi davr uchun yangi g‘oya va tashabbuslar, puxta o‘ylangan istiqbolli rejalar, yangi marra va g‘alabalar kerak bo‘ladi”[3].
“Hozirgi zamon” tushunchasi: ta’rif va talqinlar
O‘zbekiston Prezidentining yangi kitobida avvalo hozirgi zamonda xalqaro maydonda hukm surayotgan murakkab, tahlikali jarayonlar, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar, dunyoning va mamlakatimizning barqaror rivojlanishi yo‘lidagi xavf-xatarlar, tahdidlar atroflicha tahlil etilganligini alohida ta’kidlash lozim. Muallif ushbu asarini yozishiga qadar ham “Hozirgi zamon” tushunchasi borasida nihoyatda teran mushohada yuritib kelgani bunda katta ahamiyat kasb etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’rifi va talqinlariga ko‘ra, hozirgi zamonda:
birinchidan, ko‘z o‘ngimizda dunyoning butunlay yangi, beqaror, xavotirli geosiyosiy va geoiqtisodiy arxitekturasi shakllanmoqda;
ikkinchidan, turli mamlakatlar o‘rtasida nizo va adovatlar, qarama-qarshilik, ishonchsizlik muhiti kuchaymoqda hamda jamiyatlar ichida ma’naviy tanazzul ildiz otmoqda;
uchinchidan, notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo‘lib bormoqda;
to‘rtinchidan, yangi vayronkor mojarolar paydo bo‘lmoqda, global va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar kuchaymoqda;
beshinchidan, tashvishli jihati shundaki, bu xavf-xatarlar davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch kamayayotgan, qarama-qarshilik va ziddiyatlar ortishi natijasida geosiyosiy keskinlik ortayotgan vaziyatda kechmoqda;
oltinchidan, xalqaro huquq normalari va prinsiplari tez-tez buzilmoqda;
yettinchidan, inqiroz va muammolarni hal qilish bo‘yicha jahon hamjamiyatida mavjud bo‘lgan xalqaro-huquqiy vositalar, afsuski, o‘zining samaradorligini borgan sari yo‘qotmoqda;
sakkizinchidan, dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezmoqda;
to‘qqizinchidan, global siyosiy va iqtisodiy “parchalanishlar”, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelmoqda;
o‘ninchidan, qarama-qarshilik va proteksionizm[4] jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo‘lmoqda;
o‘n birinchidan, mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovatsiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida to‘sqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda;
o‘n ikkinchidan, dunyoda davom etayotgan turli mojarolar, gumanitar, epidemiologik va iqlim inqirozlari BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda kambag‘allikning barcha ko‘rinishlarini qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlarga jiddiy tahdid solmoqda;
o‘n uchinchidan, global iqlim o‘zgarishi oqibatida sayyoramizda keskin ekologik vaziyat yuzaga kelib, barcha qit’alarda va mamlakatlarda ichimlik suvi taqchilligi, atrof-muhit ifloslanishi, tuproq yemirilishi, kuchli chang va qum bo‘ronlari, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, qishloq xo‘jaligi hosildorligining pasayishi kabi muammolar avjiga chiqmoqda;
o‘n to‘rtinchidan, jahon iqtisodiyotida beqarorlik kuchayib, energetika, oziq-ovqat sohalari va ekologik tizimda inqirozlar o‘tkir tus olmoqda;
o‘n beshinchidan, shu bilan birga, butun jahon iqtisodiyoti raqamlashtirish jarayoniga o‘tmoqda, “yashil” texnologiyalar va innovatsion taraqqiyot har qanday soha va biznes rivoji uchun ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari dunyodagi va mintaqamizdagi vaziyatga shu kabi aniq va xolis baholar berar ekan, zamonaviy tahdidlarni bartaraf etish uchun ikki tomonlama va ko‘p tomonlama, mintaqaviy va global darajalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidlashi bejiz emas. Chunki, kitobda haqli qayd etilganidek, “Bunday murakkab sharoitda hech bir mamlakat yakka holda barcha zamonaviy xavf-xatarlarni chetlab o‘tib, ularning sabab-oqibatlarini bartaraf etishga qodir emasligi ayni haqiqatdir”[5].
Yangi kitobning asosiy xususiyatlari
Vatanimiz dunyoga, dunyo esa yurtimizga keng ochilmoqda. Mintaqamiz va butun jahonda do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda. O‘zbekiston hozirgi kunda aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi. Yurtimiz shiddatli demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan amaliy qadamlar qo‘yildi. Mustaqil Vatanimizning har bir qutlug‘ odimida va bunyodkor xalqimizning har qaysi yutug‘ida Istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon bo‘lmoqda. Shuning uchun, Prezidentimiz e’tirof etganidek, bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas!
Millat Sardori xalqimizni yana bir haqiqatni unutmaslika chorlamoqda. Ya’ni: bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O‘zbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yo‘l turibdi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo‘lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan’anaviy qarorlar qabul qilishdan cho‘chimasligimiz zarur.
Shu nuqtayi nazardan, “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobining quyidagi asosiy xususiyatlarini sanab o‘tish o‘rinli, deb hisoblaymiz:
birinchi xususiyati: O‘zbekistonning umumbashariy muammolarni bartaraf etish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan global tashabbuslariga e’tibor qaratilgan;
ikkinchi xususiyati: mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari alohida ta’kidlangan;
uchinchi xususiyati: Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish hamda milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning mohiyati va ahamiyati chuqur mushohada qilingan;
to‘rtinchi xususiyati: rivojlanish strategiyalarimizning maqsadi, asosiy tamoyillari, falsafasi va mazmun-mohiyati keng ochib berilgan;
beshinchi xususiyati: hozirgi zamonda Yangi O‘zbekistonni taraqqiy ettirishning joriy holatiga xolis baho berilgan holda, milliy taraqqiyotimiz istiqbollari haqida atroflicha fikr yuritilgan.
Barqaror rivojlanish yo‘li – bashariyat uchun yagona to‘g‘ri yo‘l
Prezidentimizning yangi kitobi Kirish, Xotima va 6 ta qismdan tashkil topgan. Har qaysi qism tegishli mavzularni o‘zida qamragan bo‘lib, jami fasllar soni 46 tadan iborat. Ana shu har bir qism va fasl bo‘yicha alohida-alohida maqolalar yozish mumkin va bu niyatimizni kelajakda amalga oshiramiz, inshoolloh. Ushbu maqolada esa muxtasar umumiy mulohazalar bilan cheklanamiz.
Kitobning birinchi qismi – “Insoniyat tanlagan barqaror rivojlanish yo‘li” deb nomlangan. Unda BMTning Mingyillik rivojlanish deklaratsiyasida, keyinchalik “2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish kun tartibi” nomli hujjatda belgilab qo‘yilgan insoniyatning I asrdagi taraqqiyotiga doir ustuvor mezonlar hamda global ahamiyatga ega ezgu maqsadlar haqida fikr yuritilgan. Muallif asosli e’tirof etganidek, “barqaror rivojlanish yo‘li – bashariyat uchun yagona to‘g‘ri yo‘l”[6].
Shu jihatdan, O‘zbekiston “Kun tartibi-2030”da belgilangan barcha majburiyatlarga to‘la va qat’iy amal qilib kelmoqda. Muallif ayni mavzuda so‘z yuritar ekan, avvalambor, barqaror rivojlanish tamoyillari, barqaror rivojlanish huquqi va Barqaror rivojlanish maqsadlarining yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida aks ettirilishi xalqaro hamjamiyat, xususan, BMT tomonidan yuksak baholanganligiga e’tiborni qaratadi.
Kitobda, shuningdek, barqaror rivojlanish yo‘lidagi 10 ta xavf-xatar va tahdid batafsil tahlil nazaridan o‘tkazilgani diqqatga loyiq[7]. O‘zbekiston Prezidenti komil ishonch bilan ta’kidlaganidek, “zamonaviy tahdidlarni faqatgina muloqot vositasida, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilish, umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yorlariga qat’iy amal qilish orqali yengib o‘tish hamda aynan shu yo‘l bilan dunyo hamjamiyatining demokratik taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay qadam tashlashiga erishish mumkin”[8].
Eng muhimi, xalqimiz bugungi davr tahdidlariga qaramasdan, bundan buyon ham yurtimizda osoyishtalik va barqarorlikni asrab-avaylash, inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojini ta’minlash, samarali faoliyat ko‘rsatadigan bozor mexanizmlariga asoslangan, yuqori turmush darajasiga ega bo‘lgan kuchli demokratik huquqiy davlatni, yangi adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan bunyodkorona sa’y-harakatlarini qat’iy davom ettirmoqda. Binobarin, “Yangi O‘zbekistonni barpo etish – yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yanada chuqur o‘rganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yo‘limizni yangi bosqichda davom ettirish demakdir”[9].
Shunday ezgu maqsadlarni ko‘zlaydigan islohotlarimizning falsafa va asosiy tamoyillari qanday bo‘lishi kerak? Kitob muallifi ayni shu savol xususida atroflicha to‘xtalib, jumladan shunday yozadi: “Yangi O‘zbekistonni bunyod etish uchun xalqimizning orzu-intilishlari hamda keng qamrovli islohotlarimizning mohiyati va falsafasini aks ettiruvchi yangi g‘oyalar va yangicha dunyoqarash ham talab etiladi. Bu dunyoqarash, avvalambor, “barqaror rivojlanish falsafasi” asosida shakllanishi lozim, deb o‘ylayman”[10].
Shuni ham aytish joizki, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar siyosiy-huquqiy, ma’naviy-axloqiy va boshqa sohalardagi o‘zgarishlar bilan mutanosib ravishda amalga oshirilgan taqdirdagina samarali bo‘lishini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shu bois, muallif ta’kidlaganidek, “biz demokratik taraqqiyot yo‘limizni islohotlarning davr talablariga mos sur’ati, izchilligi va ortga qaytmasligini ta’minlash va uni barqaror rivojlanish tamoyillari asosida qat’iy davom ettirish yo‘lini tanladik”[11].
Sh.M.Mirziyoyev keyingi davrda nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon hamjamiyati tomonidan ham alohida e’tibor qaratilayotgan eng dolzarb masalalardan biri – inson qadri, huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik tamoyiliga alohida to‘xtalgani ayni muddaodir. Zero, so‘nggi 50-yil ichida birgina BMT doirasida ushbu yo‘nalishda 120 dan ortiq xalqaro hujjat qabul qilinganining o‘ziyoq ushbu tamoyilning nechog‘lik ulkan ahamiyatga egaligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Bu haqda fikr yuritganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar soni 3,5 barobar oshirilgani va unda 40 dan ziyod yangi konstitutsiyaviy huquqlar muhrlab qo‘yilganligini ta’kidlash o‘rinlidir. Kitob muallifi ta’biri bilan aytganda, “ushbu Konstitutsiyani Yangi O‘zbekistonning o‘ziga xos “Inson huquqlari to‘g‘risidagi qonuni” deb atashimiz uchun barcha asoslarimiz bor”[12].
Yurtimiz “Davlat – inson uchun”, “Avval inson, keyin jamiyat va davlat” degan yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etish orqali xalqchil va xalqparvar davlat qurish maqsadi sari dadil odimlamoqda. Shu bois, kitobning ayni mavzudagi faslida qayd etilganidek, “faqatgina xalqqa xizmat qiluvchi adolatli va zamonaviy davlat barpo etish g‘oyasini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy tamoyillaridan biri sifatida belgilab oldik”[13].
O‘z navbatida, aholi va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokisiz, keng jamoatchilik muhokamalarisiz adolatli qonun va qarorlar qabul qilish mumkinmi, degan savol tug‘ilishi ham tabiiy. Muallif bu o‘rinda “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan g‘oyaga e’tiborni qaratib, jumladan, “yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning chinakam tashabbuskori va muallifi xalqimizdir”[14], deb yozadi.
Kitobda yana bir milliy va umuminsoniy tamoyil keng muhokama maydoniga qo‘yilgan. Bu ham bo‘lsa, demokratiya, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sodiqlik masalasidir.
Bundan tashqari, mamlakatimiz taraqqiyotining o‘ziga xos qonuniyatlari va dunyoda bu borada to‘plangan tajribalarni nazarda tutgan holda, Yangi O‘zbekistonda barpo etilayotgan ijtimoiy davlatda e’tibor qaratiladigan ustuvor masalalar atroflicha sanab o‘tilgan. Eng asosiysi, muallif fikricha, “ijtimoiy davlat” va “inson qadri” tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir”[15].
Yangi O‘zbekistonning dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lishiga erishish, ilm-fan, ta’lim-tarbiya va sog‘liqni saqlash tizimlarini jadal rivojlantirish orqali jamiyatda inson kapitalini yuksaltirish mumkin. Kitobda inson kapitalini rivojlantirish istiqbollari keng tahlil qilingan.
Bu tahlillarning xulosasi qanday? Sh.M.Mirziyoyev yozganidek, “bugungi shiddatli davrning o‘zi bizdan mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi-yangi imkoniyatlarni izlab topish va ishga solishni talab etmoqda”[16].
Kitobning “Yangi O‘zbekiston: Barqaror iqtisodiy taraqqiyot”, “Sayyoramiz va Yangi O‘zbekiston: ekologik tahdidlar qarshisida”, “Xalq xizmatidagi davlat – el-yurt uchun ulug‘ saodat”, “Yangi O‘zbekiston – xavfsiz va tinchliksevar davlat” nomli qismlarida ham mamlakatimizning ayni sohalardagi taraqqiyot sur’atlari, jahon maydonida ortib borayotgan obro‘-e’tibori va nufuzi, olis va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan maqsad va vazifalari qanday mustahkam poydevorga asoslanishi, Yangi O‘zbekistonning olamshumul yutuqlari qaysi omillar hisobidan ta’minlanayotgani har tomonlama chuqur tahlil qilingan.
Kitobning eng tahsinga sazovor jihati shuki, Yangi O‘zbekistondagi ko‘pqirrali siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning, mamlakatimiz va jahon hamjamiyati o‘rtasidagi munosabatlarning biron-bir yo‘nalishi muallif e’tiboridan chetda qolmagan. Prezidentimiz kamtarlik bilan qayd etganidek, “Biz siz bilan birgalikda bashariyatning ajralmas qismi hisoblangan, butun dunyoda Yangi O‘zbekiston, deya e’tirof etilayotgan jonajon Vatanimizning tarixan nihoyatda qisqa, mazmunan bir necha o‘n yilliklarga tatigulik murakkab va sharafli yo‘liga yana bir bor nazar tashladik”[17].
Ushbu kitobni BMT tomonidan yaqinda o‘tkaziladigan “Kelajak sammiti” oldidan O‘zbekiston Prezidentining keng jamoatchilikka taqdim etgan mulohazalari deyish mumkin. Unda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishiladimi?”, degan dolzarb savol atrofida keng va o‘tkir mushohada yuritilgani juda muhim.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” paradigmasining mohiyati va ahamiyati g‘oya – norma – natija zanjiri talqinida ochib berilgan. Prezidentimiz o‘z kitobida Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatiga keng to‘xtalganlari ham alohida diqqatni tortadi.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi zamonning shiddatli va ziddiyatli taraqqiyot tamoyillarini murakkab va tahlikali davr nuqtayi nazaridan tushunish, bugungi tinch va farovon hayotimizning qadriga yetish, kelajakka katta ishonch bilan qarab, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonlarida ongli va bunyodkor fuqaro sifatida munosib ishtirok etishda, yangi vatanparvar avlodni tarbiyalashda ushbu asarning ahamiyati beqiyosdir. Muhimi, muallif chorlaganidek, “Yangi O‘zbekiston barchamizniki ekanini, uning orzudan – haqiqatga, imkoniyatdan – voqelikka aylanishi bizga bog‘liq ekanini aslo unutmaylik”[18].
Akmal SAIDOV,
akademik
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2024-yil 19-sentyabr kungi 191 (1252)-soni
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi
[1] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – 560 b.
[2] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 3.
[3] O‘sha manba. – B. 7.
[4] Proteksionizm – davlatlarning importni cheklash va milliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan tashqi iqtisodiy siyosati.
[5] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 6.
[6] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 9.
[7] O‘sha manba. – B. 17-33.
[8] O‘sha manba. – B. 31.
[9] https://president.uz/uz/lists/view/4547
[10] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 36-37.
[11] O‘sha manba. – B. 39.
[12] O‘sha manba. – B. 46.
[13] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 50.
[14] O‘sha manba. – B. 54.
[15] O‘sha manba. – B. 62.
[16] O‘sha manba. – B. 72.
[17] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – B. 552.
[18] O‘sha manba. – B. 554.
- Qo'shildi: 19.09.2024
- Ko'rishlar: 842
- Chop etish