Termiz shahrida sudyalar, shuningdek, prokuratura, ichki ishlar, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar, bojxona kabi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uchun “Tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir joriy yilning 12-13-sentyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda tashkil etildi.
Ishtirokchilar gender tenglikni mustahkamlash va qarorlar qabul qilish jarayoniga xotin-qizlarni keng jalb etish, ularning BMT 1325-rezolyutsiyasini amalga oshirishda faol ishtirok etishi masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, sud va huquqni muhofaza qilish organlarining yuqori lavozimlarida ayollarning vakillik darajasini oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Seminar O‘zbekiston bilan “BMT – Ayollar” tuzilmasi o‘rtasida 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida tashkil etildi. Mazkur hujjat joriy yil 7-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasining yig‘ilishida tasdiqlangan.
Trening ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasida O‘zbekistonda jamiyat hayoti va faoliyatining barcha jabhalarida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlari ta’minlanmoqda. Xotin-qizlarni zulm, zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan.
O‘zbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu muhim mavzu “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Ayni Strategiya doirasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, gender tenglikni, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonning zamonaviy Saylov kodeksida deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi, ya’ni 5 nafardan 2 nafari ayollar bo‘lishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Hozirda davlat boshqaruvida ayollarning ulushi 27 nafardan 35 foizgacha oshdi.
Xotin-qizlarning jamiyatimizdagi o‘rni va roli sezilarli darajada ortib bormoqda. Bugungi kunda ular davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ta’lim va boshqa sohalarda muhim o‘rinlarni izchil egallamoqdalar.
Seminarda shu ijobiy jarayonlarni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda xotin-qizlarning rolini oshirish masalalari chuqur tahlil etildi.
Mashg‘ulotlarda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mukarram Nurmatova, Oliy sud vakili Nilufar Bobomuratova, Bosh prokuratura vakili Umida Begmatova, Ichki ishlar vazirligi vakili Umida Abdullayeva, Milliy gvardiya vakili Barno Ashirmatova, Mudofaa vazirligi vakili Baxtiyor Mardiyev, Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili Latofat Amonova so‘zga chiqdi.
Tadbir doirasida “Sud tizimi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muhim lavozimlarida xotin-qizlarning vakillik darajasini oshirish”, “Xavfsizlik va mudofaa sohasida rahbarlik lavozimlariga kirishda ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi. Seminar qizg‘in bahs-munozaralar ruhida o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»
- Qo'shildi: 20.09.2024
- Ko'rishlar: 881
- Chop etish