18-19-sentyabr kunlari Andijon viloyatining Jalaquduq tumani hududidagi “Yangichek”, “Tuyalas” va “O‘roqchitepa” mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy hayotda to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, oiladagi maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli monitoring o‘tkazildi.
Ushbu monitoring O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi va davlat rahbarining o‘tgan yil 12-maydagi "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi farmoniga asosan tashkil etildi. Tadbir doirasida yurtimizda xotin-qizlarning huquqlari himoyasini ta’minlash, ularning maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashda huquqiy himoya va yordam olish imkoniyatlarini baholashga alohida e’tibor qaratildi.
Monitoring tadbiri xotin-qizlarning jamiyat va oiladagi huquqlari himoyasini ta’minlash borasidagi dolzarb masalalarni o‘rganishga yo‘naltirilganini ta’kidlash lozim. Bundan maqsad xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga qarshi kurashishda xalqaro normalarga asoslangan – Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW) qoidalarining bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirishdir.
Bu boradagi muhim vazifalaridan biri xotin-qizlarga nisbatan maishiy zo‘ravonlik, jinsiy tenglik va ularning iqtisodiy, ijtimoiy huquqlari borasida mavjud muammolarni aniqlash va ushbu muammolarni bartaraf etish uchun takliflar ishlab chiqish hisoblanadi.
Monitoring doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari hamkorlikda keng qamrovli so‘rovlar va tadqiqotlar o‘tkazdi. Tadbirda asosan oilada maishiy zo‘ravonlikka uchrayotgan yoki huquqlari cheklangan xotin-qizlarning hayoti va muammolari o‘rganildi.
Shuningdek, joylarda xotin-qizlarga nisbatan diskriminatsiya holatlarini o‘rganish va ularni himoya qilishda mavjud tizimning samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW) — BMT Bosh Assambleyasi 1979-yilda qabul qilgan xalqaro shartnomadir. Mazkur Konvensiya O‘zbekiston tomonidan 1995-yilda ratifikatsiya qilingan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.09.2024
- Ko'rishlar: 874
- Chop etish